“XIX asrdagi xalqimizning buyuk mag’lubiyatiga rus ayollari sabab bo’lgan”…mi?
Bu narsa avvaldan ishlab chiqilgan taktika edi. Bosib olishning eng yaxshi yo’li, avvalo xalq og’alarini, kattalarini yo’q qilish (ularni maishatga mubtalo qilib, raiyat bilan qiziqishini so’ndirish), boshsiz qolgan avomni zudlik bilan bo’ysundirish edi.
O’rta Osiyoga (xususan Xiva xonligiga) dastlabki hujumlari qaqshatqich qashilikka uchrab, xafsalalari pir bo’lgan “og’a”lar, yurtimizga o’z missionerlarini yuborar ekan, ular xalqimizning nozik nuqtasini topdilar. Ma’lumotlarga ko’ra, o’sha davrlarda juda ko’p rus fohishalari yurtimizga olib kelinadi. Yangi restoran, pivo, vino, aroq barlari ochiladi. Fahsh, buzuqlik, aroqxo’rlik, nag’ma majlislari va xalqimiz uchun yangilik bo’lgan turli yevropacha “madaniyat” unsurlari bilan mahalliy aholining “ko’zini ochish” va zalolat botqog’iga botgan, vatanparvarlik tuyg’ulari o’rniga mehmonxona, restoranlarda “nozikbadan oq oyim” (bu ta’rif o’sha davrning ba’zi olimlariniki)lar bilan shakarguftorlik qilish-u, vino, pivo, aroq degan allambalo “ne’mat”lardan bahramand bo’lib “fiyon” bo’lib yurish kayfiyatini shakllantirildi.
Bu haqda akademik V.V. Bartold quyidagilarni yozadi: «Yerli aholi ruslar bilan yaqinlashishi, rus tilini o‘rganishi natijasida rus hayotining tashqi, salbiy tomonlarini ham o‘zlashtirdilar. Fahsh hayot kechirishga, vino, pivo ichishga o‘rgandilar…»
Begali Qosimov yozadi: “Buning ustiga, Rusiya hukumati ham mustamlaka o‘lka xalqlari ma’naviyatini, diniy e’tiqodini buzish uchun fohisha ayollarning oqib kelishiga katta imkoniyatlar yaratgan edi (Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» dramasidagi Liza, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanidagi Mariya Bistrova, Oybekning «Qutlug‘ qon» asaridagi restoran fohishalarini eslang).
Ishoqxon Ibrat «Bo‘lubtur» radifli hajviyasida mana shunday hayotiy lavhalarni berar ekan, unga o‘zining nafratini ifodalash bilan cheklanmaydi, balki bunday hayotni vujudga keltirgan faktor sifatida Markaziy Osiyoning, jumladan, Qo‘qon xonligining Rusiya tomonidan bosib olinishini ko‘rsatadi:
Alhol muhtasib yo‘q, bir-ikki qilsa ul do‘q,
Ichkuga xalq rog‘ib, doim fiyon bo‘lubtur.
Mahbuba naqshxonlar, ko‘zi qaro juvonlar
Gastinsalarda yurub, sarfi ziyon bo‘lubtur.” (Qarang: Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyoti)
Qarang, Ibratning yozishicha, ichkiligu, ayshga mukkasidan ketib, “piyon” bo’lib, osmonlarda uchib yurgan xalqqa, alhol bir-ikki do’q qilgani bitta muhtasib ham qolmadi…
Chor hukumati o’z elchi(ayg’oqchi)larini yuborish bilan birga, xonliklardan ham Rusiyoning “mo’jizalaridan” bahramand bo’lish uchun vakillarni chaqirdi.
Birqancha ziyolilarimiz, saroy kotiblari, ba’zida xonlarning o’zlari ham Imperator oliy hazratlarining “marhamatlaridan” ko’ngillari tog’dek ko’tarildi.
Rusiyada ularga ko’rsatilgan nag’malar, turli antiqa tomoshalar elchilarimizning aqlini olib, qalblarini muhrlab qo’ydi, vasvasaga solib qo’ydi. Ular saroydagi majlislar haqida, g’aroyibotlar haqida, “nozik farishta xonimlar”ning ishvalari haqida xonga to’lib-toshib gapirib berdilar. Imperator hazratlarining tuhfalari bo’lmish “oq badanlar”ni amiral-mo’mininiyn, buyuk xonlariga taqdim etdilar.
XIX asr Buxoroning qomusiy mutaffakkirlaridan biri Ahmad Donish «Navodirul-vaqoe» kitobida Rusiyaga qilingan navbatdagi safar haqida shunday yozadi:
“Qalam tebratuvchini vaziyat tarafidan bir kechalik bazm majlisiga taklif qildilar. Buni savroniya (sobranie) deb atar ekanlar. Bu bazmga to‘rt kishi bo‘lib bordik. Qarasak, majlis Rusiyaning kattalari, ularning xonu beklari bilan to‘lgan edi. Shuningdek, majlisda kelishgan, boshdan-oyog‘igacha ziynatga o‘ralgan oy yuzli xotinlar, ko‘kraklari olmadek ko‘tarilgan, yangi ochilgan guldek, kaklik yurishli qizlar, sarv bo‘yli, zebo yuzli yigitlar, qizlardan ham chiroyli, o‘spirinlar ham o‘ltirishgan edilar… Oy yuzli, sarv bo‘yli, nozik badan mahbubalar yasanishib, zol ichida xirom qilur edilar. Yurganlarida o‘yinchi kiyiklardek har tarafga qarab to‘lg‘anib, buralib yurar edilar. Qatma-qat kiygan nafis ipak liboslari ul nozaninlarning nozik oq badanlarini yopolmas edi. Ba’zilari boshdan-oyoq bo‘ylariga qora ipak to‘r tortgan edilar. Bularni ko‘rganda ularning husn-jamollariga, ishva va nozlariga qarab aqllar hayron, tillar lol bo‘lar edi. G’ayb olamidan tushgan ruhlarmi yoki bihishtdan dunyoga yuborilgan hur qizlarmi bular deb o‘ylaysan kishi… Bizlar bo‘lsak hammamiz og‘zimizni ochib atrofga qarab hayron bo‘lib qoldik. Bu joy qaer bo‘ldi, bu nima holdur o‘zi? Ajabo, hozir kelayotganimizda-ku, tun qorong‘usi bo‘lib, yomg‘ir savalab turgan edi, birdaniga kun chiqib kunduzga aylandimi? Yoki bu ajoyibotlarni tushimizda ko‘rayotirmizmi deb, ko‘zimizni gohida uqalab ham qo‘yar edik…”
Qarang, o’sha davrning yetuk bir ulamosining yozganlarini. Bechora olim o’zini shunday yo’qotibdiki, samolarda parvoz qilibdi, uchibdi, uzoq-uzoqlarga parvoz qilibdi…
Ko’rmagannning ko’rgani qursin…