Omer Seyfettin
BADAL
Tor eshigidan boshqa oydinlik kiradigan hech bir yeri bo’lmagan do’konida mustaqil ravishda kecha-kunduz uchqunlar sachratib ishlaydigan Xo’ja Ali uyasida o’tirgan tarbiyali arslonni eslatardi. U uzun bo’yli, katta panjali, qalin mushakli, keng yelkali pahlavon edi. O’n yildirki bu qorong’i uy ichida temirdan yasagan qilich va tig’lari butun Onado’lida, butun Rumelida, chegara joylarida juda mashhur bo’lgan edi. Hatto Istambulda ham yanicharlar sotib olayotgan kamon, qalqon va shamshirlaridan “Ali Ustaning ishi” degan tamg’ani qidirardilar. U po’latni qanday toblashni yaxshi bilardi. Faqat uzun qilichlar emas, hatto yasagan qisqa pichoqlari ham ikki qavat bo’lar, aslo sinmasdi. “Qo’shaloq toblash” san’atining faqatgina ustaning o’zi biladigan siri bor edi. Yoniga shogird olmas, kishilar bilan ko’p gaplashmas, do’konidan tashqariga chiqmas, tinmay ishlardi. Uylanmagan, qarindoshi, yaqinlari yo’q edi. Shaharning ajnabiysi edi u. Qilich, temir, po’lat, otashdan boshqa so’zni bilmas, savdoga kirishmas, mijozlari nimani bersa shuni olardi. Faqatgina urush paytlari o’chog’ini so’ndirar, do’konini qulflar, ko’rinmay qolar, urush tugagandan so’ng yana paydo bo’lardi. Shaharda u haqda har xil mish-mishlar yurardi. Kimdir “jallod qo’lidan qochgan olim” desa, yana kimdir “sevgilisi o’lgani uchun dunyodan qo’l siltagan majnun” derdi. Qop-qora ko’zlarining mag’rur boqishidan, aslzodalarga xos mulozamatidan, kamgapligi, ammo ravon so’zlashidan u oddiy odamlardan emasligi ma’lum edi… Ammo u kim edi? Qayerlik edi? Buni biladigan yo’q edi. Xalq uni sevardi. Shaharda bunaqa mashhur ustaning borligi hamma uchun faxr edi.
– Bizning Ali…
– Bizning buyuk usta…
– Dunyoda tengi yo’q…
– Zulfiqorning siri undadir… – deyishardi.
Ali eng qalin, eng qattiq temirni ham makkajo’xori yaprog’i kabi yupqa, qog’oz kabi yumshoq qiladigan san’atini hech kimdan o’rganmagan, o’zi kashf qilgandek edi go`yo…
O’n ikki yoshidayoq amaldor otasining boshi olinib, u yetim qolgan edi. Tog’asi juda boy, ammo ichki dunyosi qashshoq, qabih bir vazir edi. Uni yoniga oldi. O’qitishni istadi. Balki davlat qaramog’ida yetishtirib, buyuk mansablarga chiqarishni rejalashtirgandi. Ammo Alining tabiatida boshqalar hisoblashish odati yo’q edi. “Men hech kimga yalinmayman”, derdi. Bir kecha tog’asining hovlisidan qochdi. Kimsasiz inson kabi tog’lar, tepalar, daralar oshdi. Nomini bilmaydigan o’lkalarda kezdi. Oxiri Erzurumda qari bir temirchiga shogird tushdi. O’ttiz yoshiga qadar Onado’lida u kezmagan shahar qolmadi. Hech kimga bo’yin egmadi. Ko’ngil quli bo’lmadi. Nonini toshdan chiqardi. Peshona teri bilan tirikchilik qilardi, pul uchun emas, san’at zavqi uchun ishlardi. “Po’latni qo’shaloq toblash” uning sevgan ishi edi. Ko’ngilli ravishda janglarga borgan paytlari yanicharlar, sipohiylar, sakbonlar* orasida ishining natijasini ko’rib, til bilan anglab bo’lmas ajib baxtni his qilardi. To umri bor ekan tinmasdan ishlab, yana bir necha ming go’ziy uchun sinmas qilichlar, qalqonlar, toshni kesadigan shamshirlar, zirhlar yasashni maqsad qilgan edi. Buni o’ylaganda kulimsirar, yuragi shodon urar, qalbidagi harorat sandondan sachrayotgan millionlarcha uchqunlarga ko`chardi.
– Taq!
– Taq-taq!..
– Taq-taq!
Bugun ham bomdod namozidan so’ng tinmasdan o’n soat ishladi. Yasayotgan egri tig’li qilichni sandoni yonidagi suv idishiga tiqdi. So’na boshlagan otashiga qaradi. Bolg’asini tashlab, peshona terisini artdi. Eshikka qaradi. Qarshisidagi masjidda maftunkor shom azoni eshitilar, mo’risi tepasidagi uyada laylaklar shovqin solardilar. Asrdagi tahorati hali bor edi. Faqatgina qo’llarini yuvdi. Quritdi. Yengini tushirdi. Hullasini ustiga tashladi. Tashqariga chiqdi. Eshikni yaxshilab yopdi. Qulflashni lozim topmadi. Uzun maydondan masjidga to’g’ri yurdi… Shahar chetidagi bu ko’rimsiz ibodatgohga ko’pincha yo’qsillar kelishardi. Masjid minorasi ko’chaga qaragan, muazzin minora oynasidan boshini chiqarib, azon aytardi.
Xo’ja Ali masjidga kirarkan, har qachongidan ham ko’p olomonni ko’rdi. Har doim faqat uchta chiroq yoqilgani holda bugun xuddi Ramazondagidek hamma chiroqlar porlab turardi. Hali namozga saflanilmagan edi. Eshikning yoniga o’tirdi. Yonida past ovoz bilan gaplashayotgan kishilarning suhbatiga istamaygina quloq tutdi. Ko’nyadan ikki g’arib darveshning kelganini, xufton namoziga qadar Masnaviy o’qishlarini eshitdi.
Shom namozi o’qib bo’lingandan keyin jamoatning bir qismi chiqib ketdi. Xo’ja Ali joyidan qimirlamadi. Biroz boshi og’riyotgandi. “Zora, Masnaviyni tinglab, dard arisa” – deb o’yladi. Ikki g’arib darveshning o’qigan masnaviylaridan ko’ngli rohat olib, o’zidan ketdi. Har bir oshiq kabi uning ham yuragida o’zidan kechish, shavq, tetik ruh bor edi. Kichik bir sababdan-da jo’shardi. Ma’nosini ta’riflab berolmaydigan so`zning sirli uyg’unligi turg’un qonini buloq suvidek qaynatardi. Vujudi sababsiz tebranish bilan titrar, hiqichoq tutib, bo’g’ziga yopishib qolgandek edi. Xufton namozini o’qib, masjiddan chiqqach, to’g’ri do’koniga kirmadi. Yurdi. Uyqusi kelmayotgandi. Iliq, yulduzli yoz kechasi edi. Somonyo’li sariq oltin kabi ko’zni olib, bir bulut kabi ko’kning u tomonidan bu tomoniga cho’zilardi. Uzoq yurdi. Shahar tashqarisiga olib chiqadigan yo’ldagi taxta ko’prikda to’xtadi. Ko’prik chetiga suyandi. Keng daryoning ustida aks etgan yulduzlar nurdan shag’al toshlari kabi porlar, shildirardi. Atrofdagi majnuntollarda bulbullar sayrardi. O’yga botdi. Soatlarcha qimirlamadi. Tinglagan masnaviy ohanglarining ruhida qolgan sadolarini eshitar, masjiddagi kabi o’zidan ketar edi. Birdan orqasidan ovoz keldi:
– Kim u? – deya baqirdi kimdir.
Uning shirin tushi buzildi. Orqaga qaradi. Ko’prikning narigi tomonida ikki-uch kishining sharpasini ko’rdi. Ulardan biri dedi:
– Begona yo’q!
– Kimsan?
– Ali…
Sharpalar yaqinlashdi. Bir qadam qolganda uning kiyimidan tanidilar:
– Xo’ja Ali… Hoy, Xo’ja Ali!
– Sizmisiz Usta Ali?
– Menman.
– Bemahalda bu yerdan nimalarni qidiryapsiz?
– Hech narsa…
– Qanday hech narsa? Suvga bolg’angizni tushirib yubordingizmi?..
Bular shahar mirobining odamlari, qo’riqchilari edi. Irmoq bo’ylab kelardilar. Usta nima deyishini bilmay gangib qolgandi. Kechalari ko’knori chekib yuradigan bu daydilar uning ko’ziga o’gri, kazzoblardan ham qo’rqinchli ko’rinardi. Ular kechasi o’zlaridan boshqa biron kimsaning yurganini ko’rsalar, tutib olar va rosa do’pposlashdan ham toymas edilar. Lekin ustaga tegmadilar. Qo’riqchilar boshlig’i:
– Usta Ali, sen telba bo’lib qolmadingmi? – dedi.
– Yo’q.
– Yarim kechasi, xuftondan so’ng yo’lda, shahar chekkasida biron kimsaning daydib yurmishiga xo’jayinimiz izn bermasligini bilasanmi?
– Bilaman.
– E-e, nimani izlayapsan bu yerlardan?
– Hech…
– Qanday hech…
Xo’ja Ali yana indamadi. Qo’riqchilar uning nomusli odam ekanligini bilardilar. Qattiq muomala qilmadilar. Faqatgina:
– Endi uyingga bor, bu yerlarda daydib yurma, – dedilar.
Kelgan yo’lidan tez-tez ketib borarkan, tinglagan o’sha ohanglarini takrorlab borardi. Bulbullar tinmay kuylar, uzoqdagi otarning itlari vovillardi. Yo’lda hech kimni uchratmadi. Do’koni yoniga kelib to’xtadi. Mo’risi ustidagi laylak hali uxlamagan. Usta sharpa kabi uzoq turib qoldi. Eshigi qiya ochiq edi. Uydan chiqarkan, eshikni yaxshilab yopganini esladi:
– Qiziq, shamol ochgan bo’lsa kerak, – dedi.
O’g’ri oladigan nimayam bor ediki, uyga kirsa.
Ichkaridan eshikni yopdi. Qo’riqchilarning ishidan qalbi ranjigan edi. Bu shaharda yashamoq ham tutqunlikdek gap edi. To’g’ning u tomonida, qishloqda u san’atini ishga sololmas edi. Birdan og’ir bir charchoqni sezdi. Chiroqni yoqishga ham erindi. O’chog’i yonidagi yotog’iga epchilik bilan chiqdi. Katta ayiq po’stinidan bo’lgan yotog’iga oyoq uzatdi.
Birdan seskanib uyg’ondi. Eshigi taqillayotgandi. Uyqu aralash:
– Kim u, – deya hayqirdi.
– Och eshikni tezroq.
Tong otgandi. Eshikning oralaridan oppoq nurlar sizib kirardi. U hech bunaqa uxlab qolmas, doim quyosh chiqmasidan avval uyg’onardi. Turdi. Yotog’idan sakrab tushdi. Oyoq kiyimini topolmay kuymalandi. Keyin tezda eshikni ochdi. Birdan do’kon eshigidan kirgan nur oydinligida mo’ylovdor, salla kiygan qo’riqchilar boshlig’ini ko’rdi. Orqasida kigiz kulohli, qo’sh xanjarli yosh yordamchilari ham turardi. “Nima kerak?” degan kabi ularga boqdi. Qo’riqchiboshi:
– Usta Ali, do’koningizni tintuv qilamiz, – dedi. U hayron bo’lib so’radi:
– Nima uchun?
– Kechasi Budak Beyning og’ilxonasida o’g’irlik bo’lgan. Shuning uchun do’koningizni tintuv qilamiz.
– O’g’irlik bo’lgan bo’lsa menga nima?
– O’g’rilar olgan bir qo’zini ko’prikning oldida so’yganlar. Charm hamyon ichidagi pullarni olib, bir donasini u yerda qoldirganlar.
– Menga nima?..
– O’sha tangalardan birinini tongda do’koning yonidan topdik… Keyin… Ostonaga qara. Qon izlari bor!
Xo’ja Ali qamashgan ko’zlari bilan eshigi ostonasiga boqdi. Haqiqatdan qon dog’lari bor edi. U bu qon izlariga parishon holda boqarkan, mo’ylovdor qo’riqchi:
– Kechasi seni ko’prikning ustida ko’rgandim, nima qidirayotganding u yerda? – dedi.
Xo’ja Ali yana indamadi. Qo’riqchiboshi:
– Qidiringlar! – deb yordamchilari bilan ichkariga kirdi. Sandonning yonidan o’tayotgan yordamchilardan biri hayqirdi:
– Voy! Mana, mana…
Xo’ja Ali qo’riqchi ko’rsatgan tomonga qaradi. Yangi shilingan terini ko’rdi. Hayron qoldi. Yordamchilar terini yerdan olib, ichini ochdilar. Hali qurimagan edi. Bir og’alarining, bir aybdorning yoziga qarardilar. Qo’riqchiboshi darg’azab bo’lib so`radi:
– Olgan pullaringni qayerga yashirding?
– Men pul olmadim.
– Inkor etma, mana qo’zining terisi do’koningdan chiqdi.
– Iye, kim qo’ydi uni bu yerga?
– Bilmayman.
Usta Ali uzoq so’zlashmasdi. Mirobning yoniga olib borishganida ham kecha ko’prikning ustida nima qidirganini aytmadi. Qo’riqchilarning topgan barcha dalillari uning zarariga ishlardi. Budak Beyning kechagina sotgan besh yuzta qo’yining puli ham og’ilxonadan o’girlangan edi. Ikki baquvvat o’g’ri cho’ponni bog’lab, joni chiqqudek do’pposlagan, hatto bir qo’lini sindirgan edilar. Ertasi kuni qozining yonida o’sha cho’pon o’g’rilardan biri Xo’ja Aliga o’xshashini aytdi. Kecha allamahalgacha do’koniga kelmagani, terining do’konidan, tangalardan birining eshigi yonidan topilishi Xo’ja Alining ayblanishiga yetarli bo’ldi. Qancha inkor etsa ham o’g’rilik dalillari unga qarshi edi. Ustiga ustak uning qayerdan kelgani, qayerlik ekani ham aniq emas edi.
Ustaning o’ng qo’lini keshishga qaror qildilar.
Ali bu qarorni eshitib umrida birinchi marta rangi o’chib ketdi. Lablarini tishladi. Qarorga bo’yin egishdan boshqa chorasi yo’q edi… Qoqinib o’rnidan turdi. Qoziga mag’rur ovoz bilan:
– Qo’limni qo’ying, boshimni oling! – deb iltimos qildi. Bu uning umri davomidagi birinchi iltimosi edi. Ammo qozi adolatli kishi edi.
– Yo’q, o’g’lim, – dedi. – Sen odam o’ldirmading. Agar cho’ponni o’ldirganingda, unda seni o’limga hukm qilardik. Bu jazo aybingga ko’radir. Sen faqat o’g’rilik qilding. Qo’ling kesiladi. Haqning qonuni shudir. Qonunlar buzilgan yer ko’karmaydi…
Xo’ja Alining qo’li boshidan ham kerakli edi. Po’latni toblagan bu ikki qo’li bilan chegaralarda kurashgan minglarcha g’oziyga po’lat qalqonlarni parchalaydigan, og’ir zirhlarni buzadigan, temir dubulg’alarni ikkiga bo’ladigan paxtadek yengil qilichlar yasagan edi.
Uni qo’riqchilar xonasining pastki qismiga qamadilar. Jazo kuni kelgunicha o’sha yerda yashadi. Hech ovozini chiqarmas, sandon yonida bolg’asini urolmayotganini o’ylab, qo’li shol bo’lib qolgandek his qilar, ishonchidan ayrilgan insonning kuni boshiga tushgan edi.
Qo’lining badalini to’lagani puli ham yo’q edi. Shu kunga qadar pul uchun ishlamagandi.
Butun shahar ahli Xo’ja Ali kabi buyuk ustaning qo’li kesilishidan xafa bo’ldi. Bu qadar istarasi issiq, mard, mehnatsevar, kuchli va go’zal bir odamning umr bo’yi nogiron bo’lib o’tishiga eng tuyg’usiz ko’ngillar ham toqat qilolmasdi.
Sipohiylar o’zlariga arzon qilichlar yasab bergan bu odamni qutqarishga kelishib olishdi. Shaharning eng katta boyi Hoji Mehmetga murojaat qildilar. Bu odam Qorundek mol sohibi bo’lsa ham, o’ta xasis edi. Hali ham shaharning bozor tarafidagi kichik bir do’konda qassoblik qilar edi. O’ylab ko’rdi, injiqlik qildi. Ensasi qotdi. Boshini tebratdi. Ammo sipohiylar bilan kelishmasa bo’lmasdi.
– Siz ham shuni istamayapsizmi? Uning qo’li uchun men badal to’layman. Ammo bir shartim bor.
– Qanday shart ekan?
– Boring, o’zi bilan gaplashing. Agar menga o’lgunimcha hech pul olmasdan xizmatkorlik, shogirdlik qilishga rozi bo’lsa…
– Mayli, mayli…
Sipohiylar Hoji qassobning shartini Xo’ja Aliga yetkazdilar. U umuman qassoblikni bilmasligini bahona qildi. Qabul etishni istamas edi. Sipohiylar:
– Qanaqa odamsan! Qassoblik ham ishmi? Shuncha urushlarni ko’rding. Qilich o’ynatding. Bog’langan qo’yini yerga yotqizib kesolmaysanmi?
Usta uchun qulga qul bo’lish, besh kunli dunyoda birovning ko’ngliga qarab yashash eng buyuk alam edi. O’smirlik paytidayoq vazir tog’asining homiyligidan voz kechib, birovning qaramog’ida qolmaslik uchun g’urbatli hayotga rozi bo’lgan edi. Endi bu ko’r taqdir uni kimga qul etmoqda? Sipohiylar:
– Hojining yoshi yetmishdan oshgan. Endi yana qancha yashardi?.. U o’lgandan so’ng sen yana ozod bo’lib, bizga qilich yasayverasan. Ko’p o’ylanma usta, o’ylanma! – deyishardi.
Hoji qassob kesiladigan qo’l badalini qoziga to’lab, Xo’ja Alini ergashtirib, do’koniga olib keldi. Qassob juda ham injiq, mijg’ov odam edi. Tinmasdan bekorchi gaplarni so’zlardi. Xasisligidan hozirga qadar bir xizmatkor yoki shogird olmagan edi. Xo’ja Alini uyga olib kelgani hamon do’konining burchagiga xizmatchisi uchun joy qilib berdi. Bir to’shak berdi.
Har ishni unga qildirishni boshladi. Ammo hammasi keyin boshlandi… Bomdod namozidan besh soat oldin shahardan ikki soat uzoqlikdagi og’ilxonasidan qo’ylarini unga olib kelishini buyurar, so’ydirar, parchalatar, unga sotdirar edi. To shom namozigacha tinmasdan ish buyurardi. Har kuni yedirib-ichirgani yanchilgan bug’doy sho’rvasi edi. Ba’zida o’zidan ortganlarini itga otgan kabi unga berardi. Kechqurun do’konning boshdan oyog’igacha yuvdirar, uyquga yotqizmasdan ertangi kunga qo’yni olib kelish uchun og’ilxonaga yuborar edi. O’tinini o’rmondan kesib kelish ham uning vazifasi edi, suvini ham tashir, hamma ishini bajarishga majbur edi. Hatto hovlisidagi chiqindilar qudug’ini ham unga tozalatdirardi.
Xo’ja Ali boyning quruq suvga bug’doy solib tayyorlatgan sho’rvasiyu turfa qiyinchiliklarga yillarcha chiday olardi. Ammo Hoji qassob ikki gapining birida:
– Lapashang Ali!.. Qo’lingning badalini men berdim. Yo’qsa nogiron bo’lib qolarding, – deb minnat qilishiga chidab bo’lmasdi. Bir, ikki, uch kun tishini tishiga qo’ydi. Tinmay ishladi. Kechalari uxlamadi. Kunduz kuni ham yugurib yelib xizmat qildi. Xo’jayinning qarshisida ta’zim qilib turdi. Yana:
– Qo’ling uchun badalni men berdim.
– …
– Yo’qsa qo’lsiz qolarding, ha…
– …
– Mening soyai davlatim ostida qo’ling omon qoldi.
…
Hoji qassob bu so’zlarni deyarli “ofarin” kabi tiliga yopishtirib olgan edi. Har buyrug’i bajarib bo’linganidan so’ng kir soqolli, chirkin va qotma yuzini burishtirib, chuqur, moviy ko’zlari bilan unga boshdan oyoq razm solib, “Yodingda tut, sen mening asirimsan!” degandek bergan badalini eslatardi. Xo’ja Ali indamas, yuragining parchalanganini, ko’ksini achchiq-achchiq alamlar kemirishini, kuchli asabiylashganini sezardi. Kechalari uxlamasdan, kunduzlari ishlab, og’ilxonaga kelib-ketib, kushxonada qo’ylarni so’yib, xaridorlarga go’sht kesarkan, “Nima ham qila olardim?” deb o’ylar, hech bir narsaga qaror bermas edi. Dunyoda hech kimga qaram bo’lmay, o’z g’ururi, baxti uchun yashashni istagan bu kimsaga bu balolar qayerdanam keldi?..
Qochishga g’ururi yo’l qo’ymasdi. Shunday qilsa haqiqatdan o’g’rilik qilgan bo’lib qolardi. Ammo uning boshiga tushganlari o’limdan ham kuchli, o’limdan ham qiyin, o’limdan ham og’ir edi…
Hoji qassobga qul bo’lganining birinchi haftasi o’tgandi. Juma kuni edi. Tong yorishmasdan og’ilxonaga borib, qo’ylarni keltirib, so’yib, do’kondagi ilgaklarga osgan edi. Rastasining chap tomonidagi katta qora toshda pichog’ini o’tkirlab, yana “Nima ham qilardim?” deb o’ylar, lablarini tishlardi. Hali xo’jayini kelmagan edi. Katta pichoqlarni charxlay boshladi. “Nima qilaman? Nima ham qilardim?” deb o’y-xayolga shunchalik cho’mgan ediki, qassobning kelganini bilmay qoldi. Kutilmagan bo’g’iq ovoz uni hushiga keltirdi:
– Nima qilyapsan-ey?…
O’girildi. Xo’jayin burchakka o’tirgan, tamakisini tutatardi. Ali:
– Pichoqlarni o’tkirlayotgandim, – dedi.
– Ey, tanbal, landovur!.. Ertalabdan beri nima qilding?
Indamadi. Bu kichik, bu xoin, bu yolg’on ko’zlarga tik qaradi. Qariyaning kutilmagan bu o’tli qarashdan jahli chiqdi. So’radi:
– Nega qarayapsan?
– …
Xo’ja Ali ovozini chiqarmas, besh yillik xizmatini balki bir haftada bajarib, tinmay ishlagani holda ham unga “tanbal, landovur” deb tanbeh berishdan uyalmagan bu razil insonga boshdan oyoq razm solardi. Yana yuragi parchalangan kabi bo’lar, ko’ksinini yana alamlar tilar, asablari taranglashardi. Bir onda bu titroqlari bosildi. Xo’ja Ali ko’zlarini ochdi. Bir hafta bu holatga qanday chidadi? Sarosimaga tushdi. Hoji qassob tamakisini tashlab, xizmatchisining bu og’ir boqishidan qutulish uchun ming’irladi:
– Qo’lingning badalini berganimni unutding chog’i. Men bo’lmaganimda hozir qo’lsiz qolarding…
Xo’ja Ali qarshilik qilmadi. Achchiq kulimsiradi. Qizardi. Birdan rangi oqardi. Tezda orqaga o’girildi. O’tkirlagan pichoqlarining eng kattasini oldi. Qo’lini qiyma tayyorlanadigan katta yog’och to’nkaning ustiga qo’ydi. Og’ir pichoqni qo’liga shunday tushirdiki… Shu onda o’zining kesilgan qo’lini tutdi. Ko’rganlaridan qaltirayotgan Hoji qassobning oldiga borib:
– Ol, ushla. Shu uchun badal berganmiding. Mana senga badalini bergan narsang! – dedi. So’ngra kiyimining qo’lsiz qolgan yengini bog’lab, tugun qilib oldi. Do’kondan chiqdi.
Uning bir zamonlar kelgan noma’lum joyi kabi ketgan yerini ham hech kim bilolmadi.
1910
Davronbek Tojialiyev tarjimasi.
_____________
Sakbon – chegara qo’shinlari