АСИР СИЧҚОНЧА ВА БАНДАНИНГ РИЗҚИ. “Vatandosh”. 01.01.2012

АСИР СИЧҚОНЧА ВА БАНДАНИНГ РИЗҚИ

Домла Ҳиндистоний ҳикоя қиладилар:

“Хаттотлик билан шуғулланиб турардим. Устозимга “Саҳиҳи Бухорий”ни кўчириб турсам,  хонадондагилар бугун ейишга ҳам ҳеч нарса қолмаганини айтишди. Менинг ҳам қўлимда ҳеч нима йўқ. Бугун энди сабр қиласизлар, эртага Аллоҳ бир йўлга бошлар, деб маъюсланиб, ёза бошладим. Бир маҳал ковакдан кичкина сичқон чиқиб, китобимнинг устида уёқдан буёққа ўтаверди. Менинг кўнглимни ҳадеб паришон қилавергач, косани олиб, сичқончанинг устига тўнкариб қўйдим. Бир пайт боласини қидиргандай она сичқон чиқиб, коса атрофини искай бошлади. Коса остидан “чи-чи”лаган овоз эшитилди, гўёки она-бола тиллашишди. Она сичқон ковакка кириб кетиб, кейин бир мисқоллик олтинни тишлаб чиқди-да, косанинг олдига қўйди. Косанинг олдида айланиб, “чи-чи”лаб турди-да, яна ковакка кириб кетди. Кейин иккинчи олтинни олиб чиқди. Мен қараб турибман. Сичқон ташиган олтинлар 14 тага етди. Сўнг “энди олтин тамом бўлди, мана ҳамёни” дегандай чарм катмонни судраб чиқди. Билдимки, унинг бисотида ҳеч нарса қолмабди. Косани кўтардим, она-бола сичқонлар инига кириб кетди.

Мана шу сичқонлар билан-да, менинг ризқимни Аллоҳ етказган эди…”

 

ҚИЗАЛОҚНИНГ ДУОСИ

Домла Ҳиндистоний ҳикоя қиладилар:

“Ёшлигимда Қуръон таҳсил олаётган пайтим эди. Такрор қилиб ўтирардим. Менга яқин жойда, ҳовузнинг бўйида ёш болалар саватда уйда ёпилган нон сотишарди. Аср вақтида ҳаммаси саватини бўшатиб, уйларига кетишарди. Қарасам, бир қизалоқ уйига кетмай, ҳовузнинг бўйида йиғлаб ўтирибди. Олдига бориб йиғлагани сабабини сўрадим.

“Сотилган ноннинг тангалари солинган ҳамённи ўйнаб ўтириб ҳовузга тушириб юбордим. Энди ўгай онам мени ўлдиради. Қандай бораман уйга?…” – деб йиғларди қизалоқ.

Мен ҳовузнинг қизалоқ кўрсатган жойига шўнғиб, ҳамённи балчиқлар орасидан қидира бошладим. Нафасим етмаган пайт сув устига чиқаман, сўнг яна сув остига кираман. Охир ҳамённи топиб, олиб чиқдим. Ювиб, тозалаб қизалоққа бердим. Унинг хурсандлиги интиҳосиз эди.

Сўнг мен унга таълим бердим:

“Сенга ҳамёнингни топиб берганим учун қиблага қараб, қўлингни очгин-да, мени дуо қил. Мен айтиб тураман, сен ўшани қайтариб дуо қиласан: Аллоҳим, бандангнинг менга қилган бу яхшилиги сабабидан, унга илм бергин, уни бокамол қилгин, умрини узоқ қилгин!”

Қизалоқ мени дуо қилганча, ўйноқлаб уйи томон йўл олди. Етимни хурсанд қилганим учун менинг ҳам дилим роса яйради.

Ҳозирги ҳолатимни ўша етимнинг дуосидан деб биламан. 50 дан ортиқ устозларни кўрдим. Ҳаммаси мендан рози бўлиб, ҳақимга дуо қилишди…”

Қизалоқнинг дуоси мустажоб бўлган эди: Ҳожи Домла Ҳиндистоний илмда юксак камолотга эришдилар. Юртимизнинг забардаст уламоларига устозлик қилдилар. Аллоҳ умриларини ҳам узун қилди. 96 (ҳижрийда 100) ёшларида вафот этдилар…

Ҳожи Домла Ҳиндистоний раҳматуллоҳи алайҳ маърузалари асосида АбдулАзиз тайёрлади.

“Vatandosh” газетаси, 01.01.2012

3 thoughts on “АСИР СИЧҚОНЧА ВА БАНДАНИНГ РИЗҚИ. “Vatandosh”. 01.01.2012

  1. Shayx Mavlaviy Hindistoniy rohmatullohi alayh hazratlari 1990-yilning dekabr oyida vafot etganlar. (manba: “Qissai Mavlaviy Hindistoniy”, muallif Mirzo Kenjabek)

  2. Mavlaviy Hindistoniy
    (1892-1990)
    Ismi Muhammadjon Hoji Mulla Rustam o’g’li bo’lib, “Hazrati Mavlaviy”, “Hoji Qoriy”, “Hoji Domullo”, “Mavlaviy Hindistoniy”, “Qo’qandiy” nomlari bilan mashhur bo’lgan yirik olim, mufassir, muhaddis, faqih va mutasavvif. Hijriy 1310-yili Qo’qon muzofotiga qarashli Chorbog’ qishlog’ida tug’ildi. Otasi Mullo Rustam Qo’qon va Samarqand madrasalarida ilm olgan faqih bo’lgan. Muhammadjon boshlang’ich ilmini otasida olib, 8 yoshdan Jaloyir qishlog’ida Muhammad Amin qorida, Toshbolta domla huzurida Qur’on o’rgandi. Keyin Qo’qonda Zikriyo qorida ta’lim olib, 14 yoshida Qur’onni yod oldi. So’ng mullo Eshonqul domlada arab grammatikasini o’rgandi. Keyin Buxoroda Eshon Saraxsiy xonaqohida dars oldi. Uning eng mashhur ustozlari qozi Mirmuhammad G’avs ibn Nurmuhammad A’lam va valiyzod Mullo Faqirlar bo’lgan. Qozi domla vafot etgach, u zotning vasiyatlariga binoan Muhammadjon Hindistonga jo’nab ketdi. Ajmir shahrida Usmoniya madrasasiga o’qishga kirib, 8 yil ta’lim oldi. Ajmir temiryo’l bekatida 15 yildan buyon ko’rmagan hajga ketayotgan otasi bilan uchrashib qoladi va ota iltimosi bilan hajga ketadi. U yerda ustozi ajoyib karomatlar sohibi Mullo Faqir bilan uchrashdi. Otasi hajda vafot etib, Muhammadjon Hindistonga qaytdi. Madrasada yana bir yil o’qib, Kashmir, Peshovar, Qobul, Jalolobod, Termiz orqali Qo’qonga qaytib keldi. Onasi vafot etib, hovlida ukasi oilasi bilan yashar edi. Qo’qonda bir oz imomlik qilib, qamoqqa olindi. 1933-yili Ohangaron tumanidagi Ablig’ degan joyga ko’chib ketdi. U yerdan uni chiqarib yuborishdi. Toshkentga qarashli “Oq yo’l” jamoa xo’jaligiga ko’chib kelib, kassirlik qildi. Yana “ruhoniy mullo”, “xorijiy davlatlarda yurgan” degan ayblar bilan uni qamashdi. Sverdlovskiyda qarag’ay kesish xizmatini o’tadi. Bir yildan keyin Tug’da shahriga jo’natilib, 3 yil qamoq muddati tugab, Qo’qonga qaytib keldi. 1941-yil Qo’qonga yog’ zavodida ishlab, harbiy xizmatga olindi. Qo’lidan yaralanib, ikki marta jarrohlik amaliyotini o’tab, Kemerova shahriga mehnat lageriga jo’natildi. O’rmonda 3 yil cho’ponlik qilib, 1946-yili Qo’qonga qaytdi. Masjidlar ochilib dinga bir oz ruxsat berilgan edi. Dushanbe shahrida Xoja Ya’qub masjidida imomlik qilib, yana uchinchi marta qamoqqa olindi. Qozog’iston lageriga surgun qilinib, Moskvaga ariza yozib oqlanib chiqdi. Tojikiston Fanlar Akademiyasida ikki yil tarjimon bo’lib xizmat qilib, arabiy kitoblarni tojik tiliga o’girish bilan shug’ullandi. Mavlaviy Hindistoniy 1990-yili Dushanbeda vafot etdi. U zotning butun hayoti mustamlaka davri zulmi va tazyiqlari ostida o’tdi. Ilm istagan, bu yo’lda dunyoni kezgan, dini – ma’rifat, yaxshilikka tashna bir solih inson boshiga zamona ne-ne kulfatlarni solmadi. Lekin uni hech kim, hech narsa, hech qanday jabr uqubat, hech qanday qiyinchilik yengmadi. Markaziy osiyolik juda ko’p ulamolar Hindistoniy domla suhbatida bo’lib, u zotning ilmidan bahramand bo’lganlar. XX asr siymolaridan bo’lgan shoir va alloma Ismoilxon Faqiriy: “Alloh taolo bir kishiga shuncha ilm beradi deb o’ylamagan edim”, deb e’tirof etgan ekan. Muhammad Hindistoniy bir qancha asarlar yozib qoldirgan. Uning tarjimai holiga oid “Qissai Mavlaviy Hindistoniy ” asarining olim o’zi bayon etgan va magnit tasmasiga yozib olingan matnini o’g’illari Ubaydulloh tibbiyot fanlari nomzodi Sarimsoq Kamolga taqdim etgan va u qissani “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1992-yil 14-21-avgust sonlarida nashr ettirgan. Keyin bu qissa shoir Mirzo Kenjabek tomonidan kitobcha shaklida Toshkentda “Adliya” nashriyotida 2004-yilda chop etildi. (Rohmatullohi alayh)

  3. Mavlaviy Hindistoniy (r.a.) haqlarida savollar bo’lsa, Mirjalol67@mail.ru manziliga yuborishingiz mumkin. Yoki bo’lmasa, odnoklassniki.ru saytida “Mirjalol Abdullayev. 18. Jomboy tumani” deb izlasangiz meni topishingiz mumkin.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *