Beshik to’y kuni ayolimning ikki yashar jiyani Oyazimxon kelibdi-da, AbdulAzizning oldida turmulib o’tirib dermish:
– Mincha chichina jiji bu? (jiji – chaqaloq)
– Jijilar kichkina bo’ladi-da.
– Manga beyin, opchetaman uyimizga?
– Iye, nima qilasiz olib ketib?
– Karavotimda billa uxlemiz.
– Yaxshi, maniyam opketing.
– Yo-o’-o’-q. Siz sig’mesiz
* * *
Qo’shnimizning 3 yashar qiz bolasining boshiga bit tushgan ekan, qaysidir “aqlli”ning gapiga kirib, uksus surtibdi. Uksus esa boshni kuydirib yuborgan ekan, biznikiga yugurib chiqibdi. Onam ularni olib, kasalxonaga yo’l olishibdi. Yo’lda qizaloq hadeb g’ingshiyvergan ekan, onam:
– Ozgina chidang, hozir duxturga boramiz, dori qo’ysa, achishmay qoladi, – desalar, qizaloqning javobi shu bo’libdi:
– Voy, xola-yey, boshimda shu kunlayam bomidi?
Onam o’zlarini kulgudan to’xtatolmabdilar.