Ertalabdan oilamizning barcha erkaklari (o’g’lim Abdulazizdan tashqari, u hali yosh, namoz aqlli namoz o’qishni bilmaydi, lekin namoz o’qiyotsam, oldimga kelib, harakatlarimni qaytarib, sajdalar qiladiyu, zum o’tmay shaytoni tutib, joynamozni torta boshlaydi ) hayit namozini ado etish maqsadida yo’lga tushdik. Yo’lda dadam hammamizga yeb olinglar deb qand ulashdilar. Mahalla ko’chalari obod, hammayoq supurilgan, yomg’ir yoqqanga o’xshaydi, har bir xonadon saxardan o’z atrofini tozalab, suvlar sepgan. Mahalladoshlar ham oila-oila bo’lib, qo’llarida joynamoz bilan masjidga otlanmoqdalar…
Har yili hayit namozlarida masjidga odam sig’may, ko’cha tomonga ham uzun saflar yoyiladi. Ko’pchilik yangi do’ppi kiyadi. Ko’m-ko’k bosh kiyimi uzoqdan allaqanday gulzorni eslatadi. Namozdan so’ng hamma bir-birini tabriklay ketadi. Yaqin do’stu aqrabolar hammasi shu yerda yig’ilgan. Ular bilan quchoq ochib ko’rishib, nonushtaga ul-bul xarid qilib, xonadonga otlanamiz. Avvalo onam kutib oladilar. Yelkamdan olib, ziyorat qiladilar. “Sizlar buyuk ibodatni ado qilib kelyapsizlar” deydilar.
Oila a’zolarimiz bilan birga nonushta qilamiz. Bir oylik ro’zadan so’ng ertalabda ovqatlanish g’alati tuyuladi. Nonushtadan so’ng hayitliklar boshlanadi. Kattayu kichikka hayitlik ulashiladi. Bolalarni hayitlikni yig’ishtirib bo’lgan onoq ko’chaga otlanishadi.
Bizda menga yoqmaydigan bir odat bor. Necha marta aytilsa-da, hech shu odat qolmayapti. Uyida aza bo’lgan xonadonda 3 marta “hayit fotihalari” bo’ladi. Shuni qilmasa ayb bo’larmish. Hech bo’lmasa bitta hayitda qilgin, nima qilasan, 3 marta qilib, desangiz “Odamlar nima deydi?” deyishadi. Xullasi, aksariyat fotihaxonlar ham “odamlar nima deydi?” uchun fotihaga boradi. O’tganlarni eslash, ularga fotiha qilish aslida juda xayrli amal, lekin bunga motam libosini kiygizish, insonlar shod bo’ladigan kunda azaxonlik qilish yaxshi emas. Xullas, men bugun hech qaysi fotihaga bormaslikka qaror qildim. Bugun men xursandchilik qilmoqchiman.
Abdulaziz va onasi bilan birgalikda shahar bog’iga bordik. Boshqa bayramlardan farqli o’laroq, hayitda juda ko’pchilik bola-chaqasini olib, bayramga chiqadi. Bu safar ham shunday bo’ldi. Lekin bolasini olib chiqqan otalar kam ko’rinardi (fotihama-fotiha yurgandan keyin bolasiga vaqti bo’ladimi?). O’glim hali bunaqa olomonni ko’rmagan, avvaliga hayron bo’lib qoldi. Nuqul odamlarga qaraydi. Asta-sekin ko’nikdi, shekilli, ularga qarab qiqir-qiqir kula boshladi.
Uyga qaytdim. Amakimnikida televizor tomosha qildim. Saudiya, Indoneziya, Filippin, Malayziyada, Rossiyadagi hayit namozlaridan reportaj ko’rsatishdi. Dog’istonda bir odat bor ekan, menga juda yoqdi. Hayit kuni mahallaning kichik bolalari qo’llariga xalta ushlab, mahalladagi xonadonlarga “Ramazon muborak!” deb kirisharkan. Xonadon ahli esa oldindan tayyorlab qo’ygan shirikliklaridan xaltalariga solib berarkan. So’nggi xonadondan chiqishda xaltalar to’lib, bolalar uchun haqiqiy bayramga aylanarkan.
Shunaqa gaplar? Siz bayramni qanday o’tkazdingiz?