Bu men Mishel Maknelli. Shimali hind-ingliz oilasining to’ng’ich qiziman.
Bu hikoya men va mening ustozim haqida. Bu hikoya nogiron tug’ilgan, ammo baxti uchun kurashgan, iloji yo’qdek ko’ringan ishni uddalay olgan ikki inson qismati haqida. Bu hikoya butunlay o’zga bir dunyo haqida. Bu dunyoda tovushlar sukunatga aylanadi. Nur esa zulmat qa’riga g’arq bo’ladi. Mening olamim ana shu. Mening olamim abadiy zulmat va sukunatga cho’mgan.
Mening olamimda faqatgina bir so’z bor xolos. Bu so’z –
ZULMAT
Bunday zulmat aro qancha yashash mumkin? Necha lahza, necha soat, necha kun? Qirq yildirki men ana shu qorong’u zulmat ichra yashayman.
Rejissor Sanjay Lila Bhansalining “Zulmat” filmi boshqa hind filmlariga o’xshamaydi. Unda umuminsoniy qadriyatlar, bir insooning ayanchli taqdiri hikoya qilinadi. Filmda hind milliy an’analari, urf-odatlari ko’rsatilmagan. Hatto qo’shiqsiz hind filmi borligiga shubha qilib yurardim, bu filmda boshqa hind kinolaridan tubdan farq qilib bironta ham ashula berilmagan. Shuning uchun bo’lsa kerak, “Zulmat” hind tomoshabinlari orasida yaxshi kutib olinmadi. Shunday bo’lishiga qaramay film boshqa davlatlarda mashhur bo’lib ketdi hamda 2005-yil hind filmlari orasida eng daromadli kinoasarga aylandi.
“Black” filmi abadiy zulmat va sukunat bag’riga cho’mgan qizchaning qora taqdiriga bag’ishlanadi. Mishel ko’rmaydi, eshitmaydi, gapirishni ham bilmaydi. Ota-onasi uni qanday tarbiya qilishni bilishmaydi. Yosh qizchadagi hayotga bo’lgan intilish, tushuncha, o’ta asabiylik uni keraksiz buyumga aylantirib qo’ygandi:
“Men go’yo inson qiyofasidagi bir hayvon edim. Bolalar meni kalaka qilib huzur qilishardi. Peshonam sho’r ekan.”
Uning turfa injiqliklariga chidash, matonat bilan qizni haqiqiy hayotga qaytarish juda mushkul vazifa edi. Buning uchun o’qituvchi emas, otasi ta’rifi bilan sehrgar kerak edi. Mr. Maknelli faqat sehrgargina qizini qutqara olishiga ishonardi. Lekin oddiy muallim Debraj Sahai (Amitabh Bachchan) Mishelni hayotga qaytaradi. Unga ta’lim beradi. Narsalar haqida qo’l ishoralari bilan tushunchalar beradi.
Mishel (Rani Mukerji) voyaga yetadi. Endi uning hayot haqida tushunchalari o’zgargandi. Ustozi yordamida kollejda ta’lim oladi. Necha yillik yiqilishlardan keyin Mishel bakalavr darajasiga erishadi.
“Bolaligimda doim qo’llarimni cho’zib nimalarnidir qidirardim. Barmoqchalarim bilan paypaslardim. Biroq, atrofim qorong’uligicha qolaverardi. Bir kuni onam meni bir begona kishiga topshirdilar. U boshqalarga o’xshamasdi. Go’yo afsunfar edi. Ular meni qo’llarimdan tutib, zulmatdan nur tomon yetakladilar. Avvalo tangrini tanitdilar. Biror kishi uni ko’rganmi yo eshitganmi? Yo’q, Tangrini ko’rish yoki eshitish uchun ko’z, quloq emas, balki qalb ochiq bo’lishi kera ekan. Buni menga ustozim o’rgatdilar. Ustozim. Men uchun hamma narsa qop-qora edi. Ammo ustozim menga zulmatning yangi ma’nosini ochib berdilar. Qora rang faqat zim-ziyo zulmatdan iborat emas ekan. Axir bu g’alaba rangi emasmi? Bilimlar rangi, kiyib o’tirgan mantiyalaringiz rangi ham qora rangda. Mana bugun hammangiz bakalavrlik mantiyasini kiydingiz. Muborak bo’lsin! Lekin men kiymadim. Chunki bu libosni kiyishimni birinchi bo’lib ustozim ko’rishlarini istayman.”
Ko’p yillik og’ir mehnat asoratidan xotirasini yo’qotgan ustoz Debrajning huzuriga Mishel qora mantiyasi bilan keladi. Afsuski, ustoz aqlini yo’qotgan, hech narsalni anglamasdi. Mishel harchand unga bir nimalarni tushuntirishga harakat qilsa-da, Debraj sohib hech nimani anglamasdi. Yoshligida Mishelni ustoz qanday so’zga, tushunchalarga o’rgatgan bo’lsa u ham ustoziga shu usulni qo’llaydi.
“Bugun ustozim menga o’rgatgan birinchi so’zlarini esladilar. “Suv” dedilar. Debraj Sahay dunyodagi eng buyuk ustoz. U kishi dunyoda inson qo’lidan kelmaydigan ish yo’qligini isbotladilar. Ustozim bugun birinchi darsga keladilar. Biz o’rganadigan alifbo ham A B C emas, balki men o’qigan B, L, A, C, K harflaridan boshlanadi. BLACK (ZULMAT)!”
Davronbek Tojialiyev
Yanvar, 2006