Yunus Emroga tatabbu’ – 7-she’r

Qalbim rangi qizil lola,
Kecha-kunduz qilib nola,
Sani izlab to’kar jola,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.

Dilga qirov qo’nmagaydir,
Ishqim o’ti so’nmagaydir,
Ayriliqqa ko’nmagaydir,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.

Bog’da gul ham seni deydi,
Zor bulbul ham seni deydi,
Mendek qul ham seni deydi,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.

Yoningga hech borolmasam,
Ko’zlaringga qarolmasam,
Netay, bir bor ko’rolmasam,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.

Dardim tinglab berolmay dosh,
Holim ko’rib yorildi tosh,
Osmonlar ham to’kdilar yosh,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.

Kunlar o’tar sensiz, esiz,
Damlar qaytib kelmas, hargiz
Nechun jimsan AbdulAziz,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *