Hijobni sevishni qanday o’rgandim? Silvianing ro’moldagi birinchi kuni

Men ajoyib kunlarning birida ro’molni oldim-u, hijobga kirganim… yo’q. Yo’q, men asta-sekinlik bilan boshimni o’rab bordim. Ko’p urinishlardan so’ng, mana endi inshaalloh har doim hijobda yuradigan bo’ldim.

2002 yili Islomni qabul qilganimda men hali ota-onam bilan yashardim. Avvaliga ro’molni o’ramasdan ham yaxshi musulmon bo’laman deb o’ylagandim. Men uchun o’zim har kuni ko’chada uchratgan, yoshlikdan biladigan, har kuni do’konda ko’rishadigan insonlarim oldida boshimda bir parcha mato bilan ko’rinishga jasorat yetishmasdi.

Men xristianlarning “iymon qalbda bo’ladi”, Alloh qalbda bo’lsa bo’ldi, boshqa narsalar, jumladan kiyinish unchalik ahamiyatga ega emas degan g’oyasini ko’nglimga yaqin olardim. Keyinroq Islomni o’rganarkanman, mening fikrim o’zgardi.

Tushunishimcha, Islomda tana va qalb, modda va ruh orasida bo’linish yo’q ekan. Namoz oldidan biz o’z tanamizni qalbimizni poklaganimizdek poklaymiz. Sajdaga borarkanmiz, ruhimiz ham Allohga ta’zim etadi. Bu haqda bilganimda hijobga kirish hissi menda yanada kuchaydi, hijoblanishga jasorat uyg’ongandek bo’ldi.

Men ibodat va boshqa paytlarda hijobni qanday kiyish qoidalarini bilmas edim. Ko’chada ko’rinib qoladigan hijobli ayollarni kuzata boshladim. Ba’zi muslimalar so’nggi modadagi sharf va boshqa kiyimlarni hijobga o’xshatib kiyib, o’zlarini namoyish qilar, bu esa menda taajjub uyg’otardi. Ba’zilari mening bu qiziqishimni boshqacha tushundilar: mening ularga qarshi yoki rasist deb o’yladilar. Mening asl maqsadim nima ekanligini bilganlarida edi…

O’sha paytlarda men Milandagi islomiy kitoblar do’konidan kitoblar xarid qilib turardim. O’sha yerda ishlaydigan, dindorligi yuzidan bilinadigan va ayni paytda judayam samimiy qiz diqqatimni tortgan edi.

Bir kuni do’konga kelib uni yolg’iz uchratdim. O’shanda o’zimda jasorat topib so’ragan edim: “Kechirasiz, menga hijob o’rashni o’rgatasizmi?”. Savolim uni hayron qoldirgan edi. O’shanda mening musulmon ekanligimni fahmlamadi shekilli, biron so’z ham gapirmadi.

Keyin u do’konni yopdi-da, o’z hijobini yechib, menga qanday kiyishni birma-bir tushuntirdi. Keyin hijobini menga berdi va men ham kiyib ko’rdim. Bu judayam oson va ayni paytda maroqli edi.

Bu mening birinchi hijobim edi – oddiy, oq rangda edi. Bu menga judayam yoqqan edi. Uni haligacha o’zimda saqlayman, kiyilaverib eskirib ketgan bo’lsa-da, ba’zida kiyib turaman.

Keyingi kuni o’sha hijobni sumkamga solib, universitetga olib keldim. Ibodat qilish uchun o’z ish joyimga yaqin bo’sh xonani topdim. Keyin telefoni jiringladi – bu kechagi kitob do’konidagi qiz edi. U meni masjidga taklif qildi (o’sha kuni juma edi).

Mening ro’molim bor edi, lekin masjidga kirish uchun kiyimlarim biroz to’g’ri kelmas edi. Men uzun yubka kiyardim, lekin ko’chada yurganimda u ba’zan ochilib qolardi. Ko’ylagimning yengi ham uzun emasdi.

Nima qilishim kerak? Yubkam ochilib qolmasligi uchun asta-asta qadam bosib, universitet yaqinidagi do’konga yetib bordim. U yerdan to’gnog’ich olib, yubkamni qadam oldim. Garchi yoz bo’lsa-da, kurtka olib, ro’molni o’rab, masjidga ravona bo’ldim. O’shanda umrimda birinchi marta ko’chada hijobda yurgan edim.

Italyan bo’lganligim uchun, kiyimim ham asl musulmonlarniki bo’lmagani uchun ham yo’lda ketarkanman, ko’pchilikning nigohi men tomon boqardi. Avvaliga uyalgan bo’lsam-da, lekin  hijobda yurganimdan faxrlanardim. U menga yoqqan edi, hijob bilan o’zimni judayam yaxshi his qilgan edim.

Masjid menga judayam yoqqan edi. Har juma u yerga borardim. Kuz kelib, qish yaqinlashishi bilan menga islomiy kiyimlarni kiyish osonlasha boshladi.

Men hijobni imkon boricha kiyishga harakat qilardim. Yaqinlarim, qarindoshlarimdan esa hamon buni yashirardim.

Bir necha oylardan so’ng turmushga chiqdim va boshqa davlatga ko’chib o’tdik. U yerda meni hech kim tanimasdi. Bu esa mening doimiy hijobda yurishimga imkoniyat yaratardi. Avvaliga biroz hijolat bo’lgan bo’lsam-da, doimiy hijobda yurish bilan u menga dunyodagi eng yaxshi kiyim bo’lib qoldi.

Ko’chaga chiqarkanman, tufli va hijobimni kiyardim. Men tufli kiyishni hech qachon esdan chiqarmaganimdek – hijobim ham yoddan ko’tarilmasdi. U mening doimiy, kundalik kiyimimga aylangan edi.

Meni tashvishga solgan yagona narsa – u bilan ish topa olishim edi. Qalbimda iymonim bo’lsa-da, u hali mustahkam emas edi. Hijob bilan endi o’zimga ish topa olamanmi deya ba’zan kechalari bilan o’ylanib chiqar edim.

O’shanda Allohning ushbu oyatlarini eslab, taskin topgan edim: Kim Allohdan qo‘rqsa, U zot uning uchun (barch g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lni (paydo) qilur. Va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantirur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O’zi unga yetarlidir. Albatta Alloh O’zi (xohlagan) ishiga yetguvchidir. (Uning xohishiga qarshi turguvchi kimsa yo‘qdir). Darhaqiqat Alloh barcha narsa uchun miqdor-o‘lchov qilib qo‘ygandir (ya’ni, hayotda ro‘y beradigan har bir yaxshi-yomon voqea-hodisa yolg‘iz Alloh xoxlagan — belgilagan vaqt va o‘lchovda ro‘y beradi). (“Taloq” surasi, 2-3-oyatlar.)

Darhaqiqat, Alloh shukrki, men o’zimga mos ishni topgan edim.

So’zim oxirida boshlovchi muslimalarga shunday demoqchiman: ba’zida muslima birodarlaringiz sizni majbur qilmoqchi bo’lishadi. Islomga kirishingiz bilanoq sizga hijob yoki jilbob kiyishni talab qilishadi.

Mening sizga masalahatim: avvalo hijobning asl ma’nosini anglab yeting. Asta-sekin uni o’zingizda joriy etishga harakat qiling. Iymoningiz va Islomga muhabbatingiz ortishi bilan sizda hijobga mehr ortadi va u sizga dunyodagi eng yaxshi kiyim bo’lib qoladi. Siz majburlikdan hijoblanmang. Aksincha muhabbat bilan hijoblaning.

Qur’ondagi hijob oyati haqida fikr yuriting. Alloh taolo o’z Payg’ambari (SAV)ga hijobni Madinada, Islom g’ariblikdan qutulib, taraqqiyotga kirgan paytda, odamlarning taqvosi ko’tara oladiga paytda farz qildi. Bu ham Allohning buyuk hikmatidir.

Silviya (Italiya)

IslamOnline dan erkin tarjima.

AbdulAziz tarjima qildi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *