Ismim Amal, 12 yoshdaman. Petrozavodsk – mening ona shahrim, uni yaxshi ko’raman. O’z o’lkam – Kareliyani, vatanim – Rossiyani sevaman. Gimnaziyada 6-sinfda o’qiyman.
O’qishni yaxshi ko’raman, “a’lo” baholarga o’qiyman, shaxmat bo’yicha sport ustasiligiga nomzod bo’lishimga oz qoldi. Uyda onamga qarashaman. Kichik ukamga enagalik ham qilib turaman.
Umuman olgan mamlakatdagi barcha qizlar kabi oddiy qizman.
Lekin meni bir jihat ulardan ajratib turadi – men musulmonman va bundan faxrlanaman. Kundalik besh vaqt namoz, ramazon oyi ro’zasi, Qur’on va arab tilini o’rganish men uchun hayotiy dastak bo’lib qoldi.
Inshaalloh Allohning rahmatiga erishuvimga faqatgina bir narsa qolgan edi. Bu – doimiy hijobda yurish.
Bu borada onam menga eng yaxshi namuna edi. U doimo hijobda yuradi va bundan hech qachon qo’rqqani yoki malol kelganini bilmayman. Uning Alloh uchun o’ziga ishonishi menda ham o’zimga ishonch tuyg’usini uyg’otdi.
Ota-onam bilan kelishib, 1 sentabrdan hijobga kirib, uni doimo kiyib yurishga va’dalashdim. Faqatgina ulardan shu kuni har xil holatlarning oldini olish maqsadida tantanali tadbirga birgalikda borishlarini iltimos qildim.
Hammasi hal bo’ldi. Birinchi sentabr kuni boshimga oq ro’mol o’ragancha ota-onam bilan maktab tomon otlandik. O’qituvchilarim, maktabdosh dugonalarim bilan uchrashish men uchun judayam quvonchli edi.
Avvaliga ular mening bu kiyimimdan hayron bo’lishdi va endi har doim shunaqa kiyinib yurisanmi, deya so’rashdi. Ularning menga nisbatan musnosabatlari o’zgarganini ham sezdim. Oramizdagi do’stona munosabatlar o’z o’rnida qolaverdi.
Sinf rahbarimiz mendan so’radi: “Amal, doim shunaqa yurmoqchimisan?”. Men “ha” deb javob berdim. “Endi bizning tadbirlarimizda ishtirok eta olasanmi?”. Tasdiq javobini berdim. Shu kundan boshlab doimiy hijoblanishga odatlandim.
Birinchi kunlari boshqa sinfning bolalari oldimdan o’tisharkan, har xil bo’lmag’ur gaplarni aytishardi: “Qochinglar, shahidka kelyapti. Ehtiyot bo’ling, hozir maktab portlaydi”… Bunday paytda menga sinfdosh dugonalarim dalda bo’lishardi. Rus tili o’qituvchimiz Sofia Ahmedovna esa ezgu so’zlari bilan dalda berib, ko’nglimni ko’tarardi.
Gimnaziyaning 10-sinfida o’qiydigan qiz bilan gaplashganimda, u mening yosh bo’lishimga qaramasdan, shunaqa notinch zamonda ham diniy qadriyatlarni hurmat qilib, amal qilayotganimdan qoyil qolganini aytgan edi.
Do’stlarim va oilamning qo’llab-quvvatlashlari natijasida hijob men uchun hayot mazmuniga aylandi.
Shuning uchun o’z tengdoshlarimga murojaat qilmoqchiman. Muslima qizlar! Hech qachon hijoblanishdan qo’rqmang va uyalmang!
Ishoning, sizga dastlab bu yo’lda uchraydigan vaqtinchalik noqulaylik va qiyinchiliklarni yengishda Buyuk Alloh yordam beradi. Faqatgina Uning Rahmati va marhamatidan umidvor bo’ling. Inshaalloh musulmonligingiz va hijobda ekanligingizdan doimo mamnun bo’ladigan, faxrlanadigan kunlar keladi!
Agar mening bu kichkina murojaatim sizga hijoblanib, Buyuk dinimiz Islom yo’lida dastlabki qiyinchilikka bardosh berishingizga undasa, o’zimni baxtli hisoblar edim.
Amal, Rossiya.
www.islam.ru dan erkin tarjima.
AbdulAziz tarjima qildi.