Yevropada insonlar qonunni, kundalik axloq qoidalarini hurmat qiladilar. Omer Seyfittin degan turk yozuvchisi o’z hikoyalaridan birida shunday degan edi: “Qonunlar buzilgan yurt ko’karmaydi…”. Bizda esa qonunlar, oddiy axloq qoidalari odatda, uning tuzuvchilari tomonidan buziladi-da, buni ko’rgan avlodning ongida o’sha qonunga nisbatan hurmat ko’tariladi. Oddiy misol, otasi bolasiga: “Bola, sigaret chekma”, – deydi, vaholanki, uning o’zi shu o’g’lini sigaret olib kelish uchun do’konga jo’natadi…
Polshada, garchi Yevropaning nisbatan kam rivojlangan davlati bo’lsa-da, qonunlar va fuqarolarning o’zaro hurmat qilishi tahsinga loyiq. Ikki-uchta misol keltiraman.
1. Varshavaga kelganimning birinchi kuni. Shaharni aylanay deb, qozog’istonlik do’stim bilan asta yo’l yoqalab ketyapmiz. Mashina kam (Varshava Toshkentdan ko’ra kichikroq shahar). Avval o’ng tomon, so’ng chap tomonga qarab, yo’ldan o’ta boshladik. O’tishim bilan orqaga qaradim, sfetofor tagida 4-5 chog’li odam, ikkita velosipedchi navbat kutib turganday turishibdi. Mashinalar esa yo’q. Ne ko’z bilan qarayki, ular o’zlariga yonga qizil chiroqni hurmat qilib, kutib turishgan ekan.
Bu menga dars bo’ldi. So’ng piyodalar uchun qizil chiroq yonganda, garchi mashinalar qatnovi sust yoki yo’q bo’lganda ham kutib turadigan bo’ldim.
2. Varshavaning markaziy ko’chasida ketayapman. O’sha kunlari Ruminiya Respublikasi prezidenti Varshavaga kelgan edi. Uzoqdan, ikki davlat bayroqlari bilan bezangan prezident karteji ko’rindi. Ular chorrahaga yaqinlashganida qizil chiroq yondi. Prezident kartejining barcha mashinalari to’xtab, yashil chiroq yonishi bilan yana yo’lda davom etishdi.
Ba’zida hayron qolaman. Bizda nari borsa 1-2 yil ishlagan GAI xodimlari ham ba’zida qizil chiroqni mensishmaydi…
3. Bekat tomon yurib kelyapman. Bir kishi mendan avvalroqda, sigaret tutatgan shekilli, qo’lida uning qoldig’ini ushlagancha ketib boryapti. Qo’lidagi axlatini tashlab yuborsa bo’lmasmikan, deb, g’ashim keladi. U bo’lsa, xotirjam bekat tomon ketyapti. Bekatga keldiyu, o’sha yerdagi axlat uchun mo’ljallangan qutiga sigaret qoldig’ini tashladi. Yana kuzatganim bir bolakay, qo’lidagi yeb bo’lgan morojniysi qog’ozini atrofga tashlamay, axlat qutisini qidira boshladi. Allaqancha muddat qo’lida ushlab borib, kerakli joyga tashladi…
…Toshkentga kelib, mana shunday qutilarni qidira boshladim. Garchi, uni har kuni tozalashmasa-da, tozalab bo’lgach, unga yangi polietilen qopchani solib, ozoda qilib ketishmasa-da, harqalay, bunday qutilar shaharlicha ekan. Lekin… Unga tashlanishi kerak bo’lgan chiqindilar, nechukdir, bekat oldidagi suv oqishi kerak bo’lgan ariqchalarda… yoxud aslida ko’m-ko’k bo’lib ochilib, shahar husniga husn qo’shishi kerak bo’lgan guzlorlar ichida…
4. Polshada ommaviy transport vositalarida sizdan pul so’rashmaydi. Bepul, jiddiy, bepul. Faqatgina siz yillik, oylik, haftalik, kunlik yo’l chiptasini oldindan sotib olasiz. Buni avtobus yoxud metroda sizdan na shofer, na komduktor (darvoqe, u yerda konduktorning o’zi yo’q) talab qilmaydi. Bu sizning vijdoniy va fuqarolik burchingiz. To’g’ri, lekin ba’zida tekshiruvchilar avtobusga chiqib tekshirib qolishlari mumkin, lekin bu kamdan kam holatlarda. Lekin kiosklar va shu chiptani sotadigan do’konlardan uni sotib olayotganlarning keti uzilmaydi…
… Bizda-chi? Bir kuni bir gazeta xodimi ham xuddi vakolati borday xizmat guvohnomasini ko’rsatib, avtobusdan tushib ketdi. Konduktor yosh yigit ekan, uni boshqa xizmatdan deb o’yladi shekilli. Bir tanishim hazillashib, hozir fermer xo’jaligini guvohnomasini ko’rsatib ham avtobusda yuraverasan degandi. 2-3 sinfligimda bir onaxon qarindoshimizdan so’ragandim: “Biz yosh bolamiz, avtobusga chiqib, tushayotganda, “rahmat, amaki”, deb tushib ketsak bo’ladimi yo pul to’lashimiz kerakmi?” deb so’raganimda, ular “Yoshlaring 7 dan oshib qoldi. To’langlar, shoferning haqi qolib ketmasin” degandilar… Hozir esa 12-13 yoshli bolasi uchun pul to’lamay janjal qilgan, allaqanday guvohnomalarni o’tkazmoqchi bo’lib, konduktorni xunob qilayotganlarni ko’p uchratamiz…
Davronbek. 28 iyul, 2009 yil.