Amakimning o’rtog’i hikoya qiladi:
“Bir yil avval “Damas”da Nokia 6300 rusumli uyali telefonimni tushirib, yo’qotib qo’ydim. Darrov qo’ng’iroq qildim. Bir yoshroq bola oldi.
– Bolam, shu telefon meniki edi, qaytargin.
– Yo’q, qaytarmayman, men uni topib oldim.
Bola telefonni qo’ydi. So’ng yana qo’ng’iroq qildim. Oldi.
– Bolam, mayli telefon senga qolsin-u, lekin sim kartamni qaytargin.
– Mayli. Unda siz markazdagi pochta oldidagi telefon budkasiga boring. Uning yuqori qismiga sim kartangingizni qistirib ketaman.
Bordim. Aytganidek o’sha telefon budkasining yuqori qismiga qistiribdi. Yangi telefonga endi sim kartani solgan edimki, qo’ng’iroq bo’ldi.
– Aka, sim kartangizni oldingizmi?
– Oldim.
– Mayli, telefon uchun rahmat, aka.
– Bolam, mayli telefon senga bo’lsin-u, lekin mabodo biron kun kelib, uni qaytarging kelib qolsa, shu raqamni saqlab qo’ygin.
Oradan bir yil o’tdi. U telefonni yodimdan ham chiqarib yuborgandim. Bir kuni notanish raqamdan qo’ng’iroq bo’ldi:
– Aka, men o’sha sizning telefoningizni o’g’irlagan bolaman.
– Ha, yaxshimisan, bolam.
– Aka, men telefoningizni qaytarmoqchiman. Mendan rozi bo’ling. O’shanda zalolatda yurgan bola edim. Xudoga shukr, Alloh insof berib, namoz o’qishni boshladim. Markazdagi falon do’konga kelsangiz, sizga telefoningizni berishadi.
Aytgan manziliga bordim. Bir yigit unga kimligini oshkor qilmaslik sharti bilan bir yigitning ushbu omonatni tashlab ketganini aytib, telefonimni qo’limga tutqazdi”.