Baxt va baxtsizlik

Aslida biz bu betayin dunyoga nima uchun keldik? Yashamoq uchun deyishi mumkin kimdir? Yana allakimlardir hayotda bir iz qoldirish uchun deb javob berishi mumkin. Agar inson yashash uchun olamga kelsa nega o’ladi? Axir u umrguzaronlik qilish uchun mana shu yer yuzini tanlamaganmidi? Hayotda hamma ham munosib iz qoldira olmaydi. Iz qoldirish oddiygina yashash bilan bo’lmaydi. Qiyinchilik ko’rmay yashahagan inson bu dunyoda yashamabdi, hisob. Ho’sh nima uchun keladi inson bu dunyoga? Baxt topish uchunmi?

Ba’zilar mana shu qiyinchiliksiz hayotni baxt deb tushunadi. Payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. o’z hadisi shariflaridan birida bu dunyo musulmon uchun do’zax, kofir uchun jannatdir deb ta’kidlaganlar. Musulmon hayotda kelgan barcha azob-uqubatlarga sabr qiladi, aksincha, bu qiyinchiliklarni ne’mat o’laroq qabul qiladi. Alloh bizni bu dunyoga sinov uchun yubordi, hozir imtihondamiz, deb o’ziga tasalli beradi. Hammasiga chidaydi, uni xo’rlashsa ham, zulm iskanchasida bo’g’ib, qonini ichishsa ham sabr qiladi, shukr qiladi, hech qachon baxtsizman demaydi. Chunki u – musulmon. Musulmonning baxtli hayoti hali oldindaligiga chin dildan ishonadi.

Bundan musulmon bu dunyoda baxtsiz yashash kerak ekan degan fikr kelib chiqmaydi. “Baxtliman” deb aytish insonning o’ziga bog’liq. Allohning sinovlariga sabr qilish ham baxt, boshiga og’ir musibat tushganda ham o’zini yo’qotib qo’ymaslik – baxt! Zero, payg’ambarimiz s.a.v. va ularning do’stlari shunday edilar. Ularning bizlardek, katta xonadonlari yo’q edi, sufalarda tong otkizishardi,  ro’zg’orlarida bir kungagina yetarlik ovqatlari ba’zan bor edi, ba’zan yo’q. Ular mol yig’mas edilar, qo’llariga ortqicha mulk tushib qolsa, tezda uni muhtojlarga tarqatardilar. Mushriklar ularni har ko’yga solsalar, qiynasalar, xo’rlasalar, zo’rlasalar ham sabr qilardilar. Mana shunday insonlar ham “Biz baxtsizmiz!” deyishmagandi, aksincha shukr qilishgandi. Biz-chi, yeyishga nonimiz, turishga joyimiz bo’lsa-da, oz’imizni baxtli emasman deb his qilamiz, bundan ham katta martabalarga erishishga, kattaroq uy-joy qurishga, katta-katta yeyishga, sarflashga harakat qilamiz. Dunyoning eng boy kishilariga “Siz baxtlimisiz?” degan savolni berishganda, ular ham ba’zi bahonalarni ko’rsatib, hali dunyoda armonim bor, degan javobni berishadi…

Mo’min bu dunyoda ham, u dunyoda ham saodatli bo’lishini Allohdan tilaydi. Mo’min uchun iymon ne’mati – baxt! Musulmon bo’lib tug’ilgani baxt! Allohni tanigani, unga shukr qilishi, bergan mislsiz ne’matlariga shukrona sifatida ibodatni ado etishi – baxt! Mo’min mo’minga – aka-uka, qarindosh. U birodarini ko’rganda chehrasi ochiladi, sevinadi, o’zida baxtlilikni sezadi. Momin uchun mol-dunyo, bola-chaqa baxt manbai emas! Alloh bergandi, yana qaytarib oldi, hohlasa yana beradi, deb e’tiqod qiladi, musulmon. Mo’min uchun yaxshi zavja – baxt, ulardan tarqaladigan mo’min-mo’mina farzandlar kamoli, iymoni – baxt! U bir kun tuproqqa aylanib, yo’q bo’lib ketgunimcha bu dunyoda yashab olay, o’ynab olay demaydi, balki oxiratga zahira o’laroq kofirlar “qiyinchilik, baxtsizlik” sanagan amallarni bajaraveradi. Mana shu “baxtsizlik” uning uchun katta baxt!

Haqiqiy baxt va baxtsizlik abadiyat dunyosida ma’lum bo’ladi:
105. (Qiyomat) kelgan kuni hech bir jon (egasi) Uning ruxsatisiz gapirmas. Ular ichida baxtsiz ham, baxtli (insonlar) ham bo’lur.

106. Bas, o’shanda baxtsiz bo’lganlar do’zaxda bo’lurlar va ular u yerda ingrab-hangrab tururlar.

107. Modomiki (oxiratdagi) osmonlar va yer bor ekan, (ular) u yerda mangudirlar, illo Rabbingiz xohlagani bundan mustasnodir. Albatta, Rabbingiz istagan narsasini amalga oshiruvchidir!

108. Ammo baxtli bo’lganlar esa, bas, jannatda, to (oxiratdagi) osmonlar va yer turguncha u yerda mangu tururlar, illo Rabbingiz xohlagani bundan mustasnodir. (Bu) bitmas ne’matdir. (“Hud” surasi, 105-108-oyatlar)

Baxtli insonlarning har kungi duosi shudir:
“Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik (baxt) ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do’zax azobidan asragin!” (“Baqara” surasi, 201-oyat)

AbdulAziz,
15 aprel, 2006

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *