Bugungi tong men uchun judayam chiroyli otdi.
Chunki men o’z uyimdaman, ota-onam bag’rida.
Kecha kelishim bilan uyda bayram boshlandi. Jiyanlarimning quvonchidan ko’zim yoshlanishiga jichcha qoldi…
O’z uyingga yetmas ekan baribir.
Uyga kirishim bilan, salom-alikdan so’ng har doimgi savol beriladi:
– Necha kunga kelding, o’g’lim?
– Kelmasimdan avva ketishimni so’raysizlar-a? – deya hazillashaman. Yig’lamsirab turgan onamning javoblari shu bo’ladi:
– Sening diydoringga necha kun to’yarkanman, shuni o’ylayapman-da…
– Ikki-uch kun turaman, ayajon…
– Namuncha kam, borasan-da, ish qochib ketmas… Atigi uch kun biz bilan bo’lasan xolosmi?
– … Ish, o’qishdan qolib ketaman-da…
Uyga kiraman, men uchun asrab qo’ygan har xil yeguliklarni olib chiqishadi. Birpasda dasturxon to’lib ketadi. Qizig’i hammasi ozginada, faqat men uchun mo’ljallangan…
– Oh, student o’g’limey, uyoqda yaxshi ovqatlanasizlarmi? Nimalarni yeysizlar, ovqatni qanday tayyorlaysan?…
Surishtira boshlaydilar. Hamma-hammasini…
Dadam bo’lsa hazillashadilar:
– Juda ozib ketibsan, ovqat-povqat yeb turibsanmi?
– Voy, dada, student ovqatni nima qiladi?
Ayajonim esa bunga ishongandek, – Voy, bolajonimey, deb yuz ko’zimdan o’padilar…
Yangi kuyovlarnikidek joy solib berishadi. Qo’yarda-qo’ymay shunga yotkizishadi. Bunaqa qalin va yumshoq o’ringa o’rganmaganman. Ular kirib ketishgandan keyin, ko’rpaning faqat bir qavati qoladi…
Subhda esa, onam: – Bolajonim, shu biiir qavatgina ko’rpada yotdingmi? – deya kuyinadilar.
Yana oila yig’iladi. Hammamiz birgalikda choy ichamiz. Naqadar baxtliman. Ota-onam bilan birgaman.
Tashqariga chiqaman, onajonim erta bahorga ekib qo’ygan, rayhonlar bo’y ko’tarib qolibdi.
Tong ham ajoyib, Marg’ilon tonglari juda ajoyib…
23 Mart 2007