Insof va rashk

Hayit, bayram deguncha vodiyga boradigan haydoychilarning kuni tug’adi. Hammallarining burni osmonga ko’tarilib, ancha-munchani tanimay qo’yishadi.
Yo’lkira narhini aslo so’ramang (ba’zida 100 mingga ham moshina topilmaydigan paytlar bo’lgan): qo’rqib ketasiz. Har doim mijoz qidirib, tentirab yuradigan shofyorlar hayit arafasi moshinalaridan tushmaydilar: oldilariga borib, o’zingiz iltimos qilasiz.
– Biroz narhni tushiring, hayit arafasi bunaqa insofsizlik yaxshi emas, desangiz, – hohlasangiz shu, mana katta ko’cha, deyishadi…
Noiloj shu narhda ketasiz, yoxud biron poputchik moshinani poylaysiz, bozorga kirib narhni o’rganmaguncha u bilan arzonroqqa kelishmoqchi bo’lasiz…

Bu safar ham shunaqa bo’ldi. Odatda “pitak”ka borsam, tanish haydovchilarni qidiraman. Tanish bo’lsa yaxshi-da, bemalol gaplashib ketasiz, yo’l uzoqligi ham bilinmaydi.
Bir-ikki tanish shoferni ko’rdim: meni tanigisi kelmaydi… Oxiri, birini oldiga bordim (avvallari birga bozorda savdo qilganmiz, amakimning ham yaqin o’rtog’i, uyimizga ko’p kelib turadi, deyarli bir mahallada turamiz).
– Yaxshimisiz aka, birga ketamizmi? Narhi qancha bo’layapti?
– Shuncha opketyapmiz… Siz yo’lida qilib, 1-2 ming kam beraverasiz…
Tomog’imga hiqildoq keldi, hayron qolganim biroz narhini tushirib, sal yo’lida qilib narhni so’raganim bo’ldi, harqalay, necha yillik tanish, insof qilar deb o’yladim…
– Endi, aka, manda hozir vaziyat chatoq, shunchaga olib ketsangiz, mayli…
– E, nima endi sizga bu pul, Bayram arafasi biz ham bir maza qilib olaylik-da!
– Aka, bemalol mazangizni qilavering, man boshqa moshinada ketaman…

Hmm, insofni qarang, oz’imga aytdim: bundan qancha qimmat bo’lsa-da, boshqa moshinada ketaman. Biroz kutdim, keyin bir moshinaga 1 kishi kerak ekan, kelishdim, haligi tanishni narhidan ancha arzonga gaplashdim…

Oldingi o’rindiqda bir opa Oltiariqqacha gaplashib o’tirdilar. 60 larga yaqinlashgan bu ayol Toshkentga qizlarini ko’rgani borgan ekanlar. Haydovchi savol berdi:
– Holajon, hali sizni kuzatib qo’ygan qizingiz bilan kuyovingizmi?
– Ha, shu qizim, lekin bola hali kuyovim emas, qizimni do’sti…
Shofer qiziqib yana so’radi:
– Qanaqa do’sti?
– Ha, birga o’qishadi, qizimni olmoqchi. Birga san’at sohasida ishlashadi ham. Judayam yaxshi yigit, doim qizimni oldidan ayrilmaydi…

Bu suhbatni eshitib ketayapman-u, opaning holiga achinib ketdim. Nahot, ona o’z qizining begona shaharda nomahram bilan “ayrilmasligini” og’zini to’ldirib gapirib bersa? Qani insof? Qani qizg’onish? Qayerda qoldi vodiy ayolining rashki?

Shu xayollar bilan bo’lib, Marg’ilonga yetganimni ham bilmay qolibman.

Mashinadan meni ko’rishi bilan bir to’da jiyanlarim yugurib kelib, meni quchoqlaganda hamma yomon xayollarim unut bo’lib ketgandi…

16.12.2007.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *