Biz nechog’lik shijoatlimiz? Nechog’lik o’limga tayyormiz?
…Bir chumoli sahroda ketayotganida undan so’rashgan ekan:
– Qayerga ketayapsan?
– Makkayi mukarramaga, Hajga ketyapman!
– Iye, sen hali bu yurishing bilan qachondan yetib borasan?
– Hech bo’lmasa, shu yo’lda o’lamanku…
Shijoatni ko’ring, maqsadni qarang, muhabbatni qarang. Biz kimmiz? Shu chumolichalik holimiz bormi? Robbimizga olib boruvchi buyuk maqsad bo’lida mana shu Allohning bir hasharotichalik yo’lga chiqa oldikmi? Boradigan yo’limiz qaysi? Qayerga olib chiqadi u? Loaqal oxirgi marta mana shu yo’l tadorigida biron yumushni bajardikmi?
Abdulloh ibni Ummi Maktum… Payg’ambarimiz SAVga tanbeh olib bergan Abdulloh… Ko’zlari ojiz bo’lsa-da, qalb ko’zi ochiq, shijoatli sahobiy…
…Umar r.a. zamonlarida Rumga qarshi g’azot boshlandi. Bu muqaddas urushda ishtirok etish maqsadida Abdulloh ham Umar r.a. huzuriga keldilar. Umar r.a. sahobaning ojizligini nazarda tutib, uni g’azotda qatnashmaslikka da’vat etdilar. Abdulloh har galgidek ko’nmadi.
– Yo amiral-mo’miniyn, menga Rasululloh SAVning tug’larini bering, uni baland tog’ uzra ko’tarayinki, buni ko’rib sahobalarda shijoat paydo bo’lar. Rasulullohni eslab dushmanga tik qarab, kurshashishar. Mening ko’zim ko’rmaydi. Har qanday holatda ham dushmanni ko’rmayman va undan qo’rqmayman…
Umar r.a. ko’ndilar va qattiq tayinladilar:
– Yo, Abdulloh, bu tug’ni hech qachon dushman qo’liga topshirma.
Jang boshlandi. dastavval musulmonlar chekindilar. Qoyada Rasululloh SAV tug’larini ko’rib, shijoat bilan yana jangga kirdilar. Islom lashkari g’alaba qozondi.
Jangdan so’ng, qoyadagi tug’ ko’rinmay qoldi. Umar r.a. Abdullohni izlab borganlarida uning nayzalar sanchilib qonga botib yotganini ko’rdilar. U tishlari bilan mahkam Islom bayrog’ini tishlagan va hech kimga oldirib qo’ymagan edi….
Umar r.a.ni ko’zlarini yoshlatgan hodisa… Shijoatning yuksak namunasi. Mardlikning, muhabbatning go’zal sahnasi…
Biz bugun Alloh uchun nima shijoat ko’rsatdik? Islom uchun foydali nima ish qildik? Savollar ko’p. Javob berishga esa… qiynalib qolamiz…
Allohim, bizning gunohkor qalblarimizni ham sahobalarga berganing ulug’ shijoat, muhabbat, mardlik bilan to’ldir! Huzuringga borajakmiz, bu yo’lda O’zing bizni To’g’ri yo’lingdan adashtirma! Gunohlarimizni mag’firat ayla! O’zingdan o’zgaga muhtoj qilma! Sen buyuk qudrat va hikmat sohibidirsan!
10.12.2007 10:45