Baxmal tog’larida joylashgan so’lim Novqa qishlog’ida ikki kun kun mehmon bo’ldik.
Haqiqatda u yerlarni bekorga Baxcmal deyishmas ekan. Baxmalga kirar ekanmiz, lolaqizg’aldoq va turli gullar bilan tabiat tomonidan bezatilgan Allohning buyuk qudratiga guvoh bo’ldik. Xuddi tabiat o’z go’zalliklarini gilam qilib to’shab qo’ygandek.
Havoga esa ta’riflash uchun so’z yetmaydi. Shaharning bo’g’iq va siqiq havosidan bezor bo’lgan tanamiz toza havo nimaligini his eta boshladi.
Biz tushgan qishloq tog’ yonbag’rida, daraxtlar juda ham ko’p bir maskanda ekan.
Qushlar, ayniqsa, bulbullarning sayrashlarini eshitib juda maza qiladi, odam. Qishloqda tong otishi judayam go’zal bo’larkan. Bomdod namozidan keyin tashqariga chiqib tabiatni kuzatib orom olasiz. Toza havo (biroz sovuqroq), qushlarning sayrashlari, tovuqlarning qichqirishlari, Mayin shabada, qimirlab salom berayotgan daraxtlar…
Tog’ odamlari esa judayam samimiy, mehmondo’st ekanlar. “E, keling mehmon, dimog’ing’iz chag’ma, damnigana juribsizma?” deya shirin shevalarida hol so’rashlari manga juda yoqdi.
Novqa qishlog’idagilarning muqaddas joylaridan biri Beshpanja bulog’i ekan. Hali bunaqa katta buloqni ko’rmagan edim. Xuddi 5 panjadan chiqayotgandek, buloq suvi qaynab toshlar orasidan sizib chiqayapti. Ana mo’jiza-yu mana mo’jiza. Buloqdagi baliqlar ham insonni hayratga soladi. Novqaga kelib qolgan odam, o’zini jannatning bir bog’chalarida deb tasavvur qiladi, qalin daraxtzor bo’ylab yuraversangiz toqqa chiqib ketasiz.
Avvaliga mezbon, bizni toqqa chiqa olmasangiz kerak, charchab qolasizlar, deb bizga ishonishmadi. Ertasi kuni hurjunlarni ko’targancha toqqa ravona bo’ldik. Pastdan ko’rinishda unchalik baland bo’lmagan toqqa ko’tarilishimiz bilan yuksalikni his qila boshladik. Haqiqatda tog’ juda baland ekan. Ayniqsa tikkaligi bizni biroz qiynadi. Emgalab bo’lsa-da maqsadga erishishga harakat qildik.
Yo’lboshlovchimiz bizni tog’ cho’qqisida lolazorni ko’rsatishga va’da bergan edik. Ko’tarilyapmiz, ko’tarilyapmiz. Kitoblarda o’qiganim lolazorlarni ko’rish istagi manga qo’shimcha kuch bag’ishlardi. Kichik-kichik cho’qqilardan 3-4 tasini ham oshib bo’ldik, lekin qani lolazor? Yo’q, lolalarni bizdan oldingiz ziyoratchilar yulib ketishgan. Nachora hamma umid eng katta cho’qqidan. Hatto novqalik do’stimiz Azizbek ham ushbu ko’tarilishda umrida birinchi marta bunday yuksaklikka chiqayotgandi. Yuksaklikdan qishloq endi kartadagidek kichkina bo’lib ko’rinardi. Biz yana ko’tarilayapmiz. Lekin hali veri lolazordan darak yo’q.
Bizni burgut va qirg’iylar nazorat qilib borishmoqda. Uzoqdan bo’rining uvillashi ham eshitiladi. Ana cho’qqiga ozgina qoldi. Tog’ juda tikka, ozgina noto’gri harakat ham fojeaga olib borishi mumkin. Allohdan yordam so’rab yana ko’tarildik…
Cho’qqiga ham yetdik… Tog’ cho’qqisida lolazor! Tabiatning go’zalligini qarang! Biz maqsadga erishdik. Lolalardan terayapman-u, qaniydo ayajonim shu yerda bo’pqolsalar deyman, lolalarni olaman-u, bir quchoq qilib ularga sovg’a qilaman. Qanchalik xursand bo’lishlarini tasavvur qilolsangiz edi… Cho’qqida turib uyga telefon qilaman…
Chiqishga chiqib oldik-ku, endi tushish juda qiyin ekan, sarbonimiz Bo’rivoydan farqli o’laroquning akasi Obidjon bizni tikka yo’ldan olib tushsa bo’ladimi, zo’rg’a tushib oldik. Endi biz boshqa qishloqda edik. Tog’dan qishloqqacha ham ancha masofa ekan. Bo’rivoyning “Heyla, qishloq ko’rindi” degani ham naqd 5 km ekan. Piyoda bordik. O’tloqlarda kezib, tabiatning go’zalliklarini tomasha qilib, Mog’ol qishlog’iga kirib qolganimizni ham bilmay qolibmiz. Mog’oldan Novqagacha 8 km.lar bor. Shuncha piyoda yurgan uyog’iga ham piyoda ketishni taklif qildim. Ayni muddao bo’ldi. Yo’l bo’yidagi dalalar oralab Novqaga ham kirib oldik.
Ertasi kuni ertalab esa, yana so’lim Baxmalni tark etib, tutun to’la shaharga yo’l oldik…
20.05.2006.