Angliyaning Sunday Times gazetasi har yili Buyuk Britaniyaning eng yosh boyvuchchalari ro‘yxatini e’lon qilib boradi. Bu reytingda Angliyada yashab, ijod qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan sahna yulduzlari ishtirok etadilar. Bu yil ushbu ro‘yxatga kirganlarning soni 100 taga yetdi. Buyuk Britaniyada yashovchi, asli singapurlik skripkachi Vanessa Mey bu yil Angliya shou-biznesidagi eng boy yosh san’atkorga aylandi. 27 yoshli Vanessaning mablag‘i 32 million funt sterling deya baholandi. Mashhur futbolchi Devid Bekxemning xotini Viktoriya Bekxem esa 30 yoshga to‘lganligi munosabati bilan ushbu reytingdan “chetlashtirildi” va o‘rnini skripka qirolichasiga bo‘shatib berdi. Endi Viktoriya Pol Makkartni, Elton Jonlar bilan birgalikda “kattalar” reytingida ishtirok etadi. Charli Chaplinning nabirasi Keyra Chaplin 30 million funt sterling mablag‘i bilan ikkinchi o‘rinni band etdi. U Limelight Films kinokompaniyasining 30 foizlik aktsiyasi sohibidir. Shuningdek Keyra asosan boylar uchun xizmat ko‘rsatadigan – vertolyot va Ferrari kabi superavtomobillar hamda tan soqchilari ijarasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya prezidenti hamdir.
Keyingi to‘rtta o‘rin Coldplay guruhining a’zolari – Gay Berriman, Jon Baklend, Uill Chempion va Kris Martinga tegishlidir. Ularning har biri 25 million funt sterlingga egalik qiladi. Ulardan 5 million funtga ortda qolayotgan er-xotinlar – britaniyalik model Karen Elson va White Stripes guruhi solisti Djek Uaytlar 7-o‘rinni band etishgan.
Sakkizinchi va to‘qqizinchi o‘rinlarni aktyorlar – Orlando Blum va Garri Potter rolini ijro etgan Deniel Redkliff egallashgan. Ikkalasining ham mablag‘i 14 million funt sterling deya baholanmoqda. O‘tgan yilgi ro‘yxatda Blum ikkinchi o‘rinni egallagandi, bu yil esa 8-o‘ringa tushib ketdi. Deniel Redkliff esa bir yil ichida o‘z mablag‘ini ikki baravar oshirishga muvaffaq bo‘ldi. 2005 yilda uning mablag‘i 6 million funt edi.
Reytingda 10-o‘rinni “Titanik” filmida bosh rol ijrochisi Keyt Uinslet 12 million funt sterling bilan band etdi.
Sunday Times gazetasi har yili turli sohalardagi Buyuk Britaniyaning eng boy va mashhur kishilari ro‘yxatini e’lon qilib boradi. Ushbu ro‘yxatni Britni Spirs albomlarini chiqaradigan ovoz yozish studiyasining sobiq rahbari Klayv Kelder 1,3 milliard funt sterling bilan boshqarib turibdi. Undan keyingi o‘rinlarda mashhurlardan Pol Makkartni 825 million funt mablag‘i bilan, Endryu Lloyd Veber (700 million funt), prodyusser, ser Kemeron Makintosh (400 million funt) mavjud. Shuningdek, Mik Jagger, Elton Jon, Tom Jons, Sting va boshqa mashhur shou-biznes yulduzlari ham bu ro‘yxatdan joy olishgan.