Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo aytadi:
«Shak-shubha yo‘qki, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsalarni hidoyat qilmas» (Zumar surasi, 3).
Ya’ni, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsani hidoyatiga muvaffaq qilmaydi, haq dinga yo‘llab qo‘ymaydi.
«Yolg‘on so‘zlarni ham faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qirlar. Ana o‘shalar yolg‘onchidirlar» (Nahl surasi, 105).
Ya’ni, Allohga va oyatlariga iymon keltirmagan kimsagina U zot sha’niga yolg‘on to‘qiydi. Chunki u azobga duchor bo‘lishidan qo‘rqmaydi. U haqiqiy yolg‘onchidir. Yolg‘on gapirish ulkan jinoyat bo‘lgani bois, mo‘min unga yaqinlashmaydi.
«Albatta, Alloh haddan oshuvchi, yolg‘onchi kimsalarni hidoyat qilmas» (Fofir surasi, 28).
Ya’ni, Alloh haddan oshib zalolatga botgan va U zot sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsani hidoyatga, iymonga muvaffaq qilmaydi.
Jamiyatda yolg’onchi va munofiqlarga qattiq munosabatda bo’linishi bejiz emas.
Zero, aynan yolg’on tufayli necha-necha dillar og’riydi, qancha-qancha ko’ngillar xufton bo’ladi.
Ayniqsa, din, diyonat, ilm nomi bilan yolg’on gapirish esa misli ko’rilmagan fojealarga olib keladi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik fojirlikka (gunohkorlikka), fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yoziladi», dedilar» (Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da bersa, ustidan chiqmaydi, omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi» (Muttafaqun alayh).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda to‘rt xislat bo‘lsa, u haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimda ulardan biri bo‘lsa, to uni tark etmagunicha unda munofiqlikning bir xislati bo‘ladi: omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi, gapirsa, yolg‘on gapiradi, ahd qilsa, (ahdida) turmaydi, xusumatlashsa (tortishsa), fojirlik qiladi», dedilar» (Buxoriy, Muslim rivoyati).