Harun Yahyaning Benuqson mum uya qura oladigan ASALARILAR (ПЧЕЛЫ которые умеют строить безупречные соты) kitobini kecha o’qib chiqdim.
Bolalar uchun mo’ljallangan bu kitob judayam qiziq ma’lumotlarga boy ekan. Ayniqsa kitobning dekorativ tuzilishi, rasmlar bilan bezalganligi har bir yosh bola tugul, kattalarni ham risolani mutolaa qilib chiqishga undaydi.
Bu kitob aslida ilmiy risola bo’lib, muallif uni bolalarga xos uslub bilan bayon qiladi. Timur ismli bola otasi bilan o’rmonga borib bir asalari bilan tanishib qoladi. Asalari esa Timurga o’zining hayot va xizmat tarzi haqida gapirib beradi. Mana shu jarayonda birqancha ilmiy haqiqatlar oshkor bo’ladi. Bola asta-sekin
– Asalarilar qanday dunyoga keladi?
– Nima uchun minglab asalarilar bir uyada yashaydilar-u, bir-birlari bilan “urishmaydilar?”
– Asalarilar uyalarini qanday yig’ishtiradilar?
– Katta chiqindilarni yo’q qilish uchun ishlatiladigan propolis moddasini qayerdan oladilar?
– Asalarilar qanday qilib asal ishlab chiqaradilar?
– Geometriya, algebrani o’qimagan asalarilar qanday qilib, mohir muhandislardek mukammal uya qura oladilar?
– Nima uchun asalari uyasi oltiburchakli bo’ladi?
kabi savollarga javob oladi.
Timur o’zimining olgan bilimlari va mulohazalari asosida otasiga “Qanday qilib mana shu aqlsiz, hech qayerda o’qimagan mittigina jonzotlar shuncha ishni amalga oshira oladi?” deya savol beradi. Otasi esa shunday javob qiladi: “To’g’ri aytasan Timur. Haqiqatda asalarilar bizga o’zlarining mohirona san’atlarini namoyish qilishadi. Lekin bizni hayron qoldiradigan faqat asalarilarmi? Dunyodagi har bir jonzor, har bir modda mustahkam qurilishga ega va uning Yaratuvchisi borligiga guvohlik beradi. Kel, oldin men asalarilar haqidagi savolingga javob beray. Quyidagi oyatlarni diqqat bilan tingla:
“(Ey Muhammad), Parvardigoringiz asalariga vahiy — amr qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) quradigan inlarga uya sol. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoring (sen uchun) oson qilib qo‘ygan yo‘llardan yur!” Uning qornidan odamlar uchun shifo bo‘lgan alvon rangli ichimlik – asal chiqur. Albatta, bu ishida tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibrat bordir” (“Nahl” surasi, 68-69-oyatlar).