O’tkan kunlar… Xalqimizning o’tkan kunlari… Bu asarni sevib o’qimagan, asar asosida suratga olingan filmi ko’rib zavqlanmagan adabiyot shaydosi bo’lmasa kerak… “O’tkan kunlar” garchi muallif yozganidek, yangi zamon ro’monchilig’i bilan tanishish yo’lida kichkina bir tajriba, yana to’g’risi bir xavas bo’lsa-da, hali shu kunga qadar o’zbek adabiyotida unga yetadigan asar yaratilmadi…
· «O’tkan kunlar» voqealari haqiqatda bo’lganmi? Qahramonlarning prototipi bormi?
· «O’tkan kunlar»dagi tarixiy joylar haqiqiymi? Hozir ularning o’rni bormi?
· Birinchi o’zbek romani
· Baxt va baxtsizlik
“Moziyg’a qaytib ish ko’rish xayrlik, deydilar. Shunga ko’ra mavzu’ni moziydan, yaqin o’tkan kunlardan , tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo’lg’an keyingi “xon zamonlari”dan belguladim.”
Abdulla Qodiriy (Julqunboy)
Abdulla Qodiriy buyuk san’atkor, so’z ustasi, xalq qahramoni (dushmani emas!)! Qancha tazyiqlaru malomatlarga qaramay u o’z so’zini ayta olgan ulug’ ijodkor. Uning nomini, asarlarini yo’q qilmoqchi, xalqimizdan uni begona qilmoqchi bo’ldilar. Hatto, biz bilgan mashhur shoiri zamonlar ham uning uchun o’tin qaladilar… Haqiqat baribir yuzaga chiqdi. Julqunboyning asarlari, uning nomi qalblarimizda abadiyga muhrlandi. U yozgan asarlar uyimizning va qalbimizning to’ridan joy oldi…
Albatta har bir asar haqiqatda bo’lgan voqealarga asoslanavermaydi. Badiiy asarda albatta to’qima syujetlar mavjud bo’ladi. “O’tkan kunlar”ni ham to’liq haqiqat deb bo’lmaydi, unda ham to’qima syujetlar mavjud. Undagi tarixiy voqealar haqiqatdan ham bo’lganligini boshqa kitoblar ham tasdiqlaydi.
Asosiy voqea – Otabek va Kumushbibining muhabbat qissasi haqida ham har xil mulohazalar bor. Ba’zi tadqiqotchilar ushbu qissaning to’qimaligini, haqiqatda Mrg’ilonda Kumushbibi degan judayam go’zal qiz bo’lganligini, lekin yosh bo’lib dunyodan o’tganini aytadilar. Ba’zi tadqiqodchilarning fikricha, haqiqatda shunday voqe’lik bo’lgan. Hatto hozirda Marg’ilonda Kumushbibi va Otabekning avlodlari borligini ta’kidlashadi. Muallif esa o’z asari so’nggida shunday deydi:
“Keyingi Marg’ilon borishimda yaqin o’rtoqlardan Yodgorbek tog’risni surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o’n to’qquz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib undan ikki o’gul qolibdir. Og’ullaridan bittasi bu kunda Marg’ilonning mas’ul ishchilaridan bo’lib, ikkinchisi Farg’ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o’luk-tirigi ma’lum emas, deydilar”
Abdulla Qodiriy ushbu asarni yozish davomida bir necha marta Marg’ilonga qatnagan ekanlar. Bobomning aytishlaricha, Qodiriy Marg’ilonning turli mahallalari, go’shalarini aylanib, odamlar bilan suhbatlashgan ekanlar. Bobomning otalari mahallaning katta imomi bo’lganliklari uchun ular bilan ham gaplashgan ekanlar. Abdulla Qodiriy o’zlarining xotiralarida ham bu haqda aytib o’tadilar. Ular har bir ko’rgan holatlari, odamlarning suhbatlari va hokazolardan asarda unumli foydalanganlar. Bir kuni Marg’ilon ko’chalarida yurib, birovning uyidan zig’ir yog’i hidini sezganlar va shu holatni ham asarga kiritdim, deydilar.
Asardagi tarixiy shaxslar: Xudoyorxon, Musulmonqul, O’tabboy qushbegi, Normuhammad qushbegi haqiqatda bo’lgan. Muallif asarda otamning aytishlaricha, Normuhammad qushbegi Toshkent beklaridan eng tuzgi bo’lgan ekan, kabi mulohazalrni izoh qilib ham keltiradi. Otabek va Kumushbibi degan asarda berilgan taqdirdagi aniq shaxslar borligi haqida ma’lumotim yo’q. Balki nomlarni almashtirilgan bo’lishi ham mumkin.
Habibullo Qodiriy otasi haqida eslar ekan bu asar haqida ham birqancha ma’lumotlar beradi. Uning aytishicha, Qodiriy har hafta do’stlari bilan gap o’ynasharkan (Toshkanda gap o’ynaymiz deyishadi, Marg’ilonda osh yeymiz deyishadi, o’tirish, mashvarat ma’nosida). Har hafta shu gapga Qodiriy “O’tkan kunlar”ning yangi boblarini olib borar va do’stlariga o’qib berarkanlar. Bir kuni Habibulla aka xonadonlarida gap majlisida asarning oxirgi qismini o’qib berganlarida hamma o’rtoqlari, o’zlariyam yig’lagan ekanlar. Shu voqeadan oldin bir kuni Qodiriy ko’zlarida yosh bilan uydan chiqolmay qolibdilar. Uydagilar hayron bo’lib nima bo’lganligini so’raganlarida, ular Kumushni o’ldirib qo’ydim deb kuyingan ekanlar. Judayam istamagandim, bosh qahramonni o’ldirishni, deb eslaydilar Abdulla Qodiriy.
Bu asar o’zbek kitobxonlariga judayam ma’qul tushgan edi. Hatto siyohi qurimay turib, odamlar o’qigani olishardi bu kitobni. Mahallalarda ataylab, choyxonalarda, kutubxonalarda shu odamlar to’planib, shu kitobni o’qishgan ekan.
Izzat Sulton yozadi:
“Men Qodiriydan: “O’tkan kunlar” romaningiz voqeiy asarmi, deb so’radim”. “Yo’q, – dedilar u kishi, – romandagi besh-o’n foiz ayrim tarixiy voqealar, shaxslargina voqeiy. Qolganlari yozg’uvchining mahorati…”
Bu javob mening “O’tkan kunlar”ga bo’lgan e’tiqodimni juda susaytirdi. To’g’risi, shunday deb javob berganlari uchun xafa ham bo’ldim. Chunki o’sha choqqacha men “O’tkan kunlar”ni voqeiy asar deb yurardim…”
Habibullo Qodiriy:
Dadamning:
– O’zbek oyim – bu Josiyat bibing, Oftob oyim xonim bibing, Kumush esa – Oykumush opang, – deb kulganlarini xotirlayman.
Garchi Qodiriy bu so’zlarni kulib aytgan bo’lsalar ham o’ylab turib, bunga ishongiz keladi. Chunki Qodiriy ishora qilgan shaxslar nazarimda xuddi roman qahramonlariga o’xshar edi.
Josiyat bibim – dumbul, tabiatli, gapdon, bir uy xotinni o’z og’ziga qaratib o’tiruvchi, uncha-munchani pisand qilmovchi, omi bo’lsa ham donolikda hatto dadamdan o’zini yuqori tutuvchi, qiziq fe’lli ayol edi. Bibim hamma to’ylarga ham “kavshim ko’chada qolgan emas”, deb boravermas, borsalar ham to’y albatta u kishining ra’iga qarab jo’nashtirilar edi. Bibim bug’doyrang, quralayko’z, cho’ziqa moyil kelishgan yuzli, baland, mutanosib qomatli edilar. U kishi, to’y, mehmonlarga borsalar, qorami, mo’kmi dakana ustidan, dika ro’mol o’rar, ko’zlariga surma qo’yar, egnilariga xonatlas ko’ylak, ustidan mursak, oyoqqa amirkon mahsi kavsh kiyar edilar. Movzin qomatlariga bu kiyimlar shunday yarashib tushardiki, chindan O’zbek oyimga aylanar edilar…
Xonim bibim – oyimning onasi, o’rta bo’y, chiroyli oq yuzli, yumshoqtabiat, mayin so’zli, mulohazali ayol edilar. Ular ba’zan biznikiga mehmon bo’lib kelsalar, uyimiz go’yo to’lib ketganday bo’lardi. Dadam bibini juda hurmat qilar, “oyi” deb atar edilar.
Oykumush opam – qo’ng’iroqdek tovushli, aql-idrok, husnda haqiqatdan Kumushni eslatuvchi edi.
Eshonguzar mahallamizda mulla Alijon ismli dadamning domlasi bo’lardi. Qodiriy bu kishini “ham ustoz, ham yetuk inson” deb nihoyatda hurmat qilardilar. Domlaning yaxshi xislati shundaki, u oqko’ngil, kibrsiz, ta’magir emas, sabr-qanoatli, kamtar, mutolaasi zo’r olim, der edilar otam. Domlaning ichki dunyosi ham nurga to’lgan kabi edi. Gapni o’ylab, bosiq, sodda, yoqimli so’zlardilar. Soz’alrida mantiqsiz ortiqcha iboralar mutlaqo bo’lmas, tinglovchi go’yo huzurlanar, yana-yana tinglasam der edi. Bunday otalar garchi ko’p uchrasa-da, negadir ayniqsa bu kishini Yusufbek hoji obraziga juda-juda o’xshataman.
– Men Marg’ilon ko’chalarida yurib, karvonsaroy, eski o’rda o’rinlarini belgiladim. Mirzakarim qutidor, Usta Alim, Homid, Sodiqlar uyini taxminladim va “Xo’ja Ma’oz”da bi kecha tunadim.
“Xo’ja Ma’oz”da yolg’iz tunadim. Masjid ayvonifa uzoq o’tirdim. Hammayoq qorongi; odam degan gap yo’q… Bora-bora uyqu bosdi. Uxlab olmoqchi bo’ldim. Biroq yotib ko’z yuma olmadim. Chunki, tunovchilar keltirganmi, masjidda qandala ko’p ekan, chaqaverib bezor qildi. ovliga tushub yotay desam, turli hasharotlardan xavf qilardim… Nihoyat tobutxonaga kirib yotdim…
Bir kuni otam o’zlarining ijodxonalarida yig’lab o’tirardilar. Bibim bilan shu xonaga kirdik. Keyin chiqib ketdim. Bibimdan otamga nima bo’ldi deb so’raganlarida, ular “Otang jinni bo’lib qoldi…” deb javob qilgandilar. Keyin balsam, bu paytda dadam “O’tkan kunlar”ning so’nggi bobini yozayotgan ekanlar.
Dadamning yaqin do’stlaridan Akbarxo’ja amakining xotirlashicha, ular har hafta “gap” yeyisharkan. Har yig’ilishda dadam yozgan “O’tkan kunlar”ning boblarini peshma-pesh o’qib berarkanlar. Bir kuni otam kechroq kelibdilar. O’rtoqlari davomini eshitaylik deyishganda, avval norinni yeb olaylik, keyin yeyolmay qolasizlar, desalar ham ko’nishmabdi. Keyin oxirgi boblarni o’qib berganlarida, hammalari yum-yum yig’lashgan ekan. Norinni ham yemay, uylariga tarqalishgan ekan.
Abdulla Qodiriy shunday degan edilar: Yozganing agar o’zingni yig’latmasa-kuldirmasa, o’zgani hech yig’latmas-kuldirmas!”
“O’tkan kunlar” chop etilishi bilan hali siyohi qurimasdan kitobxonlar ommasiga yetib borardi. Roman yangi bosilib chiqqach (10000 nusxa), do’konlarda ko’p turmay, tezda sotilib ketgan ekan.
Lekin har gal hikoyaning yakuniga kelganda uni davom ettirgim kelmaydi, Baxtning ketidan kelgan yovuz baxtsizlik hikoyasidan esankirab qolaman-u, shartta kitobni yopib qo’yaman. Bo’ldi, do’stimning hayoti kulga aylandi! Uxlay deyma-u, uyqum kelmaydi, o’zimni qayta-qayta Usta Alimning o’rniga qo’yaman. Bir balo qilib uxlab olganimdan keyin, Usta Alimni tushimda ham ko’raman, uning baxtidan yana quvonaman, sevinchim ichimga sig’maydi, qani uyg’onmasam… Lekin bir payt qorong’u zulmat ichidan bostirib kelgan baxtsizlik tushimni ham azaga aylantiradi… Usta Alimning u o’ldi?! degan so’zidan keyin… uyg’onib ketaman. Yana kitobni ochaman:
“… Saodatning oy-kuni yaqinlashdi… yaqinlashdi… lekin abadiy baxtsizlik kunlarim, manhus soatlarim ham yaqinlashdi… Dunyog’a kelib ko’rgan birdan-bir quvonchimdan ayrilg’an edim. Hayotning hamma umrimga kifoya qilarliq mudhish zarbasini shodliq ichida qarshilag’an edim. Oylar bo’yuncha ko’z yoshimni yog’mur kabi to’kdim. Chunki menga bundan boshqa ovunchoq qolmag’an edi…”