Jum’a namoziga har xil insonlar tashrif buyuradi. Masjid Allohning uyi. Uning makoniga kirarkan, inson o’zini past tutmog’i, Olamlar Robbisi bilan munojotga o’zgacha tayyorgarlik bilan, tavozu’ bilan kelmog’i uning bandaligiga yarashadi.
Imom-xatibning ma’ruzasini eshitib o’tirarkanman, xayolimni odamlarning orasidan befarosatlarcha o’tib, o’ziga salqinroq va munosibroq joy qidirayotgan odamga ko’zim tushdi. Qorinchasi ko’tarilgani yetmaganday, oshqovoqdek kallasini ham osmonga qaratgancha, qo’lida mashinasining kalitini likillatib bir janob kelayotir. Uning kibridan ko’pchilikning xayoli buzildi. “Janob” go’yo qayerga kelganini unutib qo’ygan, o’zini choyxonadagidek his qilardi. Munosib joyini ham topdi. Ikki namoznning orasiga suqilarkan, uning noxush hididanmi, yoki kibriyati ta’siridanmi sheriklarining istmagannamo harakat qilganlarini ko’rib qoldim.
“Janob” mening to’grimdagi qatordan joy oldilar. Avvaliga e’tibor bermabman. Ne ko’z bilan ko’rayki, “Janob”ning ikkita paypog’i 2-3 joyidan yirtiq, teshik ekan…
“Paypog’ing ham yirtiq ekan-ku (yamoq bo’lsa ham mayligaydi), Yaratganning Uyida nimangga kerilasan?” deb qo’ydim (ichimda)…