Marg’ilon – oltin vodiyning hikmat javohiri

 Marg‘ilon. Bu nomni hamma har xil yodga oladi. Kimdir unga o‘zining atlaslari, hunarmadchiligi bilan dunyoga mashhur shahar deya ta’rif bersa, yana kimgadir uning xushchaqchaq, yosh bolalarini ham “siz”laydigan, hazilkash odamlari yoqadi. Kimdir esa millionlab o‘zbekning qalbiga singib qolgan marg‘ilonlik Kumushning siymosida o‘z qizini ko‘radi. Yana kimdir “Sohibi “Hidoya” Burhoniddin Marg‘iloniy shu yurtdan ekanligidan faxrlanadi.

VODIY MARJONI

Marg‘ilon O’rta Osiyoning madaniyat beshiklaridan biri bo‘lib, uning tarixi 2000 yildan oshadi. Arxeologlarning ta’kidlashicha, eramizdan avvalgi IV-III asrlarda hozirgi shahar hududida  sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi istiqomat qilgan. Shahar o‘z arki va ibodatxonasiga ega bo‘lgan.

Qadimda Marg‘ilondan  Buyuk ipak yo‘li karvonlari o‘tib, mahalliy hunarmandlarning mahsulotlarini butun dunyoga namoyish qilgan.

Marg‘ilonsoy vohasida dehqonchilik rivojlanib, bir qancha suv inshootlari barpo etilgan. O’rta asrlar tarixchilarining yozishicha, Marg‘ilon bog‘lari bilan mashhur yashil shahar bo‘lgan. Xalq rivoyatlarida Marg‘ilonni «Payg‘ambarim bog‘cham degan» naqlining paydo bo‘lishi ham bejiz emas.

 Marg‘ilon shahri  haqidagi dastlabki ma’lumotlar VII asr manbalarida uchraydi. Arab tarixchisi Abu Ablulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr al-Maqsidiy o‘zining “Axsan at-taqosim fi ma’rifat al-aqolim” asarida Farg‘ona vodiysining masjidi jome’li 40 shahrini sanab, Marg‘ilonni ham ta’rif etadi. V.V.Bartold «Turkiston mo‘g‘ullar hukmronligi davrida» kitobida ushbu ma’lumotlarni keltiradi: «Tuban Nasnya viloyatida yana ko‘p shaharlar bor edi. Bu yerda Zandarmish(Zarafshon)dan tashqari yana Marg‘ilon, Bang, Utikon va Andijon shaharlari bor edi. Qoraxoniylar hukmronligi davrida Marg‘ilon viloyatning (Tuban Nasnya) asosiy markaziy shahri bo‘lgan ».

XI asr manbalarida shaharning sharq va shimol tomonga kengayganligi, pul zarb qilinganligi bayon qilinadi.

Temuriylar davrida Marg‘ilon vodiyning eng rivojlangan shaharlaridan biriga aylangan. Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida shahar haqida go‘zal ta’riflar keltirilgan. Jumladan, “Boburnoma”da Marg‘ilon vodiydagi 8 ta shaxarning biri ekanligi, obodligi, ko‘p yaxshi narsalarga boyligi, shirin mevalalari, ayniqsa, “donai kalon” anori, “subhoniy” o‘rigi mashhurligi ta’kidlanadi.

XVII-XIX asrlarda Marg‘ilon Qo‘qon xonligi bekligi markazi sifatida mashhur bo‘lgan. Bir qancha binolar barpo qilingan. Ismoil Maxsum madrasasi, Xonaqoh masjidi, Otaliq, Oq madrasa, Qozi Kalon madrasasi, Ichki madrasa, Said Ahmad Xo‘ja eshon madrasasi va boshqalar shular jumlasidandir.

XIX asrda shaharning o‘n ikkita darvozasi bo‘lgan. Ular orasi mudofaa devori bilan o‘ralgan, darvozalar orasidagi masofa 12 chaqirimni tashkil etgan.

ORIFLAR SANDIG’I

“Sohibi “Hidoya” Marg‘inonning Rushdon otlig‘ kentidindur” (“Boburnoma”dan)

 IX-XIII asrlarda Marg‘ilon Islom olamiga bir qancha olimu fuzalolarni yetishtirib berdi. Marg‘ilonlik ulamolarning fiqh, qiyos, tarix ilmiga qo‘shgan hissalari beqiyosdir. Shuning uchun ham Islom olamida Marg‘ilon “Sunduqul-orifiyn” (Oriflar sandig‘i) nomi bilan sharaflanadi.

Fiqh imomi, Islom huquqshunosligida eng birinchi manba sifatida shu kungacha foydalanib kelinayotgan “Hidoya” asari muallifi Burhoniddin Ali Abulhasan ibn Abdujalil al-Marg‘iloniy al-Farg‘oniy Marg‘ilonning Rishton kentida tug‘ilgan. Dastlabki ilmni Marg‘ilonning mashhur ulamolaridan olgan. “Hidoya” asarini yozishni Marg‘ilonning Pirsiddiq mahallasida joylashgan chillaxonada boshlagan. Keyinchalik Samarqandga borib, ilmni davom ettirgan. Burhoniddin Marg‘iloniyning “Bid’at ul-mubtadiy”, “Kifoyatul muntahid” asarlari ham musulmon olamida mashhurdir.

“Hidoya” asari Islomning huquqiy va axloqiy qoidalarini umumlashtirgan. Asarda namoz, ro‘za, haj, tahorat, oila va nikoh masalalari yoritilgan. Bu asar sunniy mazhabining asosiy huquqiy qo‘llanmasi hisoblanadi.

HAMISHA NAVQIRON

Marg‘ilon shahri Farg‘ona vodiysining janubi-sharqida joylashgan bo‘lib, maydoni 4083 gektarni tashkil etadi. Aholisi – 190,2 ming kishi. Shaharda 30 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi (91,9% o‘zbeklar, 3,1% ruslar, 1,4% tatarlar). Mehnatga yaroqli 105,9 ming aholining 80,7 mingi xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qiladi. Shaharda 54 ta mahalla qo‘mitasi va 24 ming aholi yashaydigan Yangi Marg‘ilon shaharchasi mavjud.

Shaharda 9800 dan ortiq talaba ta’lim oladigan 11 ta kasb-hunar kolleji, akademik litsey va 39500 o‘quvchi tahsil oladigan 38 ta umumta’lim maktabi mavjud. Marg‘ilon shahar Markaziy kutubxonasi va uning 12 ta bo‘limlarida 150 mingdan ortiq kitoblar jamlangan. Shuningdek, shaharda tarixiy muzey, xalq teatri, 5 ta madaniy klub, 3 ta musiqa maktabi, 2 ta kinoteatr, madaniyat va istirohat bog‘lari va xiyobonlar mavjud.

MADANIYAT BESHIGI

Qadimgi Marg‘ilon ipak matolarining nusxalari Hindiston, Xitoy, Misr, Iroq va Yunonistondan topilgan. O’z navbatida madaniyatlar almashinuvi natijasida shaharda boshqa hunarmandchilik sohalari ham rivojlangan.

 Hozirda ipakchi, zargar, misgar, ganchkor va o‘ymakor ustalar qadim an’analarni davom ettirib, yangi usullar bilan hunarmandchilik rivojiga hissa qo‘shmoqdalar. Ayniqsa, adras, atlasning yangi nusxalarini yaratgan ustalarning ishlari Germaniya, AQSh, Yaponiya, Turkiya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan yarmarkalarda yuqori baholanmoqda.

O’rta asrlar, ayniqsa, Qo‘qon xonligi davrida Marg‘ilon vodiyning madaniy markaziga aylangan. Jahon Otin Uvaysiy, Rojiy kabi shoirlar ham shu yurt farzandlaridir.

Marg‘ilon o‘z san’ati bilan ham mashhurdir. Xalqimizning buyuk san’atkorlari: Yusufjon qiziq Shakarjonov, Madali Xofiz, Usta Olim Komilov, Tamaraxonim, Gavharxonim, Boltaboy Rajabov, Mamatbuvo Sattorov, Mukarrama Turg‘unboeva, Boborahim Mirzaev, Saodat Qobulova, Berta Davidova, Muhiddin Qori Yoqubov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov Marg‘ilon zaminidan yetishib chiqqanlar.

TO’YGA TO’YONA

YUNESKO Bosh konferentsiyasining 33-sessiyasi tomonidan Marg‘ilon shahriga asos solinganining 2000 yilligini nishonlashda ushbu tashkilotning ishtirok etishi haqida qaror qabul qilindi. Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga ko‘ra, shu yilning mart oyida shaharning 2000 yillik to‘yi keng nishonlanadi. Ayni paytda shaharda bir qancha obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda.

Pirsiddiq majmuasi, Ulug‘mozor ziyoratgohi, Jahon Otin Uvaysiy maqbarasi va muzeyi, Said Ahmad Xo‘ja Eshon madrasasi va boshqa tarixiy binolar respublikamizning turli hududlaridan kelgan ustalar tomonidan ta’mirlandi va yangi qiyofa kasb etdi. Shuningdek, yangi tibbiyot kolleji, 945 o‘rinli yangi maktab, yoshlar xiyoboni foydalanishga topshirildi.

Shu kunlarda shahrimiz chiroy ochib, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilmoqda. Ravon ko‘chalar, gulzorlar, yangi binolar ko‘zingizni qamashtiradi.

To‘y bahona go‘zal shahrimizga tashrif buyuring. Mehmondo‘st Marg‘ilon xalqi Sizni go‘zal lutfi bilan, shirin so‘zi bilan kutib oladi!

Davronbek Tojialiev,
Marg‘ilon
www.ziyouz.com

One thought on “Marg’ilon – oltin vodiyning hikmat javohiri

  1. This article is given with clear informations such as all the detailes .Thank u to describe the city with colourful examples..

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *