Kechagi yoqqan yomg’ir tufayli bugun ertalabdan havo haqiqiy bahorni eslatdi. Ochiq havoda yurish jonu dilim. Darxondan Navoiy kutubxonasigacha piyoda bordim. Atrofdan bahor nafasi sezilib turardi. Charaqlab nur sochayotgan bahor oftobi ham ko’ngilga hush yoqadi…
Kutubxonada Oybek ijodiga oid kitoblarni varaqlab chiqdim. Adabiyotshunos olim Matyoqub Qo’shjonovning Oybek domla haqidagi asarini mutolaa qildim. “O’zbek ismlari” kitobini ham bir ko’rib chiqishga ulgidim. Tushlikka yaqin kutubxonani ham tark etib, yaqinroq tamaddixonaga shoshildim.
Tashqariga chiqsam ertalabki havodan darak yo’q. Shamol aralash yomg’ir yog’ayotgan edi. Bu ham bahorning injiqliklaridan biri. Men bahorni yaxshi ko’raman…