Fransuz xalq maqollari

• Toza vijdondan ko‘ra yumshoq yostiq yo‘q.
• Ayol ― xudoning go‘zal ne’mati, agar uni shayton totib qo‘ymagan bo‘lsa.
• Sirkadan ko‘ra asalning atrofida pashsha ko‘p bo‘ladi.
• Cherkovga emas, xudoga yaqin bo‘l.
• Yigirma yoshli qizni yigitlardan asragandan ko‘ra sichqonni mushukdan asragan osonroq.
• O’lim sevgini qo‘rqitmaydi.
• Faqatgina ahmoq o‘z fikrini o‘zgartirmaydi.
• Shoirlar qishloqda tug‘ilib, Parijda vafot etadilar.
• Xudo uch toifaga yordam beradi: bolalarga, jinnilarga va mastlarga.
• Bandasidan emas, Xudodan tila.
• Bir gunohga ikki marta tavba qilinmaydi.
• Sevgi bor joyda hujum ham bor.
• G’azab ― do‘st ham emas, maslahatchi ham emas.
• Urushqoq xo‘roz semiz bo‘lmaydi.
• Shayton uxlamaydi.
• Haqiqat o‘z yog‘dusi bilan nur sochadi.
• Kim hamma narsaga yarayman desa, hech narsaga yaramaydi.
• Qarz berganning yuzi doim yoqimsiz.
• Qazg‘oqqa qarshi eng yaxshi dori ― jallod kundasi.
• Taqirbosh shaytonning boshini tarolmaysan.
• Sevgi va o‘lim to‘siq bilmaydi.
• Maydalab yoqqan yomg‘ir istalgan shamoldan kuchli.
• Asalarining asali shirin bo‘lsa-da nayzasi achchiq.
• O’lik ilonning nishi ham o‘lik.
• Rimda yashashni xohlasang papa bilan olishma.
• Sevgida aldagan odam nafratga ham arzimaydi.
• Nimaiki benuqson bo‘lsa, u yomon.
• Sevgida jangdagi kabi vaqt qadrli.
• Yaxshi havoda dengizchi bo‘lish oson.
• Bo‘ri terisini o‘zgartirsa ham fe’lini o‘zgartirmaydi.
• Bo‘ri qo‘ylarga qorovul emas.
• Vaqt ― buyuk usta.
• Hamma tulki dumini o‘zicha likillatadi.
• Xudo qaerga xohlasa, yomg‘ir o‘sha yerga yog‘adi.
• Tog‘ bor yerda vodiy ham bor.
• Xalq ovozi ― Haq ovozi.
• Ochlik eshikda, sevgi oynada.
• Qurt kabi yalang‘och.
• Momaqaldiroq gurillaydi, lekin buzmaydi.
• Hazilda ham me’yor bo‘lishi lozim.
• Frantsiyadagi eng go‘zal xonim ham faqatgina o‘zida borini bera oladi.
• Uyda devorlar ham yordam beradi.
• Insonning qandayligi uning qilig‘idan bilinadi.
• Bu kiyim unga sigirga fartuk taqqanday o‘tirdi.
• Hayvonlar ham odamdek, faqat ular cho‘qintirilmagan.
• Bo‘ri qaerdan o‘tishini bilganimda chox qazib qo‘yardim.
• Har kuni to‘ldirib borilmaydigan bilim har kuni o‘lib boradi.
• Har kuni kovlab borilsa, baland tog‘ ham yiqiladi.
• Egri daraxt ham to‘g‘ri yonadi.
• Ko‘r kaptar ham donni topa oladi.
• Hamma o‘z-o‘ziga, Xudo hamma uchun.
• Haqiqiy olim rassom ham, shoir ham bo‘lishi kerak.
• Har nuqsonning bir fazilati bo‘ladi, har fazilatning bir nuqsoni bo‘ladi.
• Avliyo qanday bo‘lsa, karomati ham shunday.
• Kimni sevsam, uni uraman.
• Qimorda omadi borning sevgida omadi bo‘lmaydi.
• Yurakcha kabi go‘zal.
• Kim uzr so‘rasa, o‘zini ayblaydi.
• Kim ishni hal qilsa, unga maslahat shart emas.
• Ko‘p uxlagan kambag‘allashadi.
• Kim qarilikda yosh bo‘laman desa, yoshligida qari bo‘lmog‘i lozim.
• Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi do‘st afzal.
• Va’da qilib bermagandan, va’da qilmay bergan afzal.
• Yuzta pashshadan bitta asalari afzal.
• Cho‘pon qizni sevgan qirolichani sevgandan afzal.
• Aqlsiz do‘stdan aqlli dushman afzal.
• Sevgi ― undan qutulish xohlanmaydigan yagona kasallikdir.
• Sevgi eshakni ham raqsga o‘rgatadi.
• Sevgi popni ham raqs tushishga majbur qiladi.
• Sevgining ko‘zi ko‘r.
• Sevgi vaqtni o‘ldiradi, vaqt sevgini.
• Odamlar qovunga o‘xshaydi: o‘ntasidan bittasi yaxshi.
• Yugurmasdan vaqtida yo‘lga chiq.
• Hammaga ma’lum bo‘lgan narsani maslahat berma.
• Xudoga ham, odamga ham birdek xizmat qila olmaysan.
• Sabrlilar bepul erishadigan narsani sabrsizlar doim qimmatga olishadi.
• Pishloq yeyilgan bo‘lsa mushukni so‘kishdan ne naf?
• Odamga ko‘rinadigan narsani Xudodan yashirishdan ne naf?
• Do‘stingga qarz berib, do‘stingdan ham, pulingdan ham ayrilasan.
• Bitta do‘st yuzta avliyodan afzal.
• Burgut pashshani ovlamaydi.
• Eshak urg‘ochi eshakka xushsurat bo‘lib ko‘rinadi.
• Ehtiyotkorlik ― ishonchning onasi.
• Sevgi tufayli xuddi kasallik kabi ishtaha va tush yo‘qotiladi.
• Eshakdan mol go‘shti kutma.
• Bo‘rining ishqi tushgan cho‘ponga qiyin.
• Baraban bilan quyonni tutolmaysan.
• Ovqat yeb bo‘lingandan so‘ng murchning keragi yo‘q.
• Mag‘lubiyatga sabr qilib, hammasini boshidan boshla.
• Ko‘pincha o‘zingnikilar xiyonat qiladi.
• O’z dardingni gapirib, ko‘pincha yengil tortasan.
• Rashk sehrgarlikdan yomon.
• Qo‘llar sovuq, yurak qaynoq.
• Ko‘zdan uzoq ― yurakdan uzoq.
• Sevgi bilan hazillashib bo‘lmaydi.
• Sevgi bilan vaqt o‘tadi, vaqt bilan sevgi ham o‘tadi.
• Eng aqlli odam sukut qiladi.
• O’zingning eshaging qo‘shnining otidan afzal.
• Yurakka buyruq berib bo‘lmaydi.
• Haqiqatni aytish uchun joy kam, uni yashirishga o‘n olti sahifa ham yetmaydi.
• Dengizga bir stakan suv quyganing bilan uning suvi ko‘payib qolmaydi.
• Eski sevgi uzoq eslanadi.
• Qarilik ― quvnoqlik emas.
• Nodon qariya yoshlardan ham nodon.
• O’rmonning qulog‘i bor, dalaning ko‘zi bor.
• Pulning qadrini bilmoqchi bo‘lsang qarz ol.
• Oqsoq erga ― qiyshiq xotin.
• Mixdek ozg‘in.
• Shayton qanchaga ega bo‘lsa, yana shunchani xohlaydi.
• Kechikib kelgan sevgi ehtirosli bo‘ladi.
• Ko‘mirdek qora.
• Yangi tangadek toza.
• Ko‘z ko‘rmaganini yurak ham eslab qolmaydi.
• Yurakdan chiqqan yurakka yetib boradi.
• Shaytondan kelgan har ish shaytonga yetaklaydi.

Davronbek Tojialiyev tarjimalari

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *