Yo’l o’ylari

Shaharda nima ko’p? Damas. Shunga yarasha yo’lovchi ham ko’p.
Kattalarimiz ta’lim berarkanlar: “O’g’lim, mana mashinaga ham ega bo’ling. Yo’lda ketarkansan yo’l chetida turgan qariyalar, xomilador ayollar va bolalarni olib, manziliga xolis eltib qo’y. Baraka topasan” deyishadi.
Lekin… hozirgi yosh “shofercha”lar yuqoridagi o’gitga amal qilish tugul, yo’l chetidagi yo’lovchilarga yomg’irda suv, quruq kunda chang sepib ketadigan bo’lishgan.
Hozir ham “Damas”da kelarkanman, ikki yosh bolakaylarning qo’lida ikki yuz so’mlikni hilpiratgancha mashinani to’xtatayotganliklarining guvohi bo’ldim. Ne qilsin? Bu puli borligining, yo’lkirani albatta to’lashining dalolati. Shunday qilmasa, “Damas” to’xtamaydi. To’xtasa ham, ko’zi alanglagan ba’zi “shofercha”larning “puling bormi o’zi?” deyishidan zada bo’ladi…

* * *

Otang bozor, onang bozor. Dunyoni ko’rmoqchi bo’lsang, bozorga kir.
Bozor eshigidan ichkariga kirarkanman, odamlarni kuzataman. Xursand holda chiqib ketayotgani kam topiladi. Kimdir o’zini “dehqonman” deya aldagan olib-sotardan norozi. Kimdir ustiga eng yaxshilarini terib qo’yib, menga ezilganini berdi deya sotuvchidan norozi. Kimdir esa  o’zidan norozi. Muncha go’l bo’lmasam? Xuddi shu mahsulot mana bu yerda ikki barobar arzon ekan-ku? Hozirgi zamonda xushyor bo’lmasang eng arzon bozordan ham eng qimmat narhga savdo qilasan. Xullas, o’sha har tur insonlar uchraydigan ko’hna sharq bozori.
Bir akaxonni uchratdim. Xursand holda, yuzlarida kulgu bilan bozordan chiqyaptilar. Taglarida nogironlar aravachasi, orqasidan bolalari yetaklab olgan. Lekin chehrada bu ko’rgulikning asari ham yo’q, boshda munchoqdek marg’ilon do’ppisi, yuz nur sochmoqda.
Bozorga kirayotgandagi barcha o’ylarim uchdiyu-ketdi. Men ham tabassum qila boshladim…

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *