San’atkorlargayam, biznesmenlargayam tan bermadim-da.
Kuni kecha qandolat bozoriga tushgandim. Jiyanlarga ul-bul xarid qilish bahonasida mahsulotlarni ko’rarkanman, ularning narxiga ko’ra qatorga taxlangani e’tiborimni tortdi. Yuqoriroqda qimmat mahsulotlar qatorida turgan qandolatni pastroqda juda arzon mahsulotlar qatorida ham uchratish mumkin edi. Sababini so’rasam, pastdagilar “poddelka” ekanligini aytishdi.
Snickers o’rniga Shikers, Bounty o’rniga Boumty deya nomlangan arzon, sifatsiz mahsulotlar qatorida ne ko’z bilan ko’rayki, Ozodbek Nazarbekov turibdi. Iye, Ozodbek aka keks biznesiga ham o’tibdilarmi deb, mundoq qarasam, Jahongir Foziljonov va yana bir sochi jingalak artist aka (nomini bilmadim) jilmayib turishibdi.
Tog’ay Murod ta’rifi bilan aytganda “o’ynab qo’yay, qilig’ingdan, o’ynab qo’yay”, xalq ta’biri bilan aytganda esa “o’rgilib qo’ydim, qilig’ingdan” deb qo’ya qoldim.
San’atkorlar balki ruxsat bergandir. Balki, biznesmen akamiz o’g’rincha qilgandir. Lekin ikkovi ham biroz o’ylamaydilarmi?
Qaysi aqlli bola keksni yegandan keyin, iye unda Ozodbek akani rasmi bor ekan, uni olib qo’yish kerak, deb daftarining orasiga tiqib qo’yadi? Bola nima qiladi? Yeydi-da, axlatga tashlaydi. Qarabsizki, san’atkorlar axlat-u, changlarda xor bo’lib yotaveradilar…