Chumolilar hayotidan fotoreportaj

Ular haqida ancha avval fotoreportaj uyushtirmoqchi edim. O’shanda ular tomorqaga ekilgan, so’ng unib, urug’ tukkan, oxir oqibat yulib tashlangan o’sma urug’larini qariyb 20 metr masofaga tashib ulgurishgan edi. Ularning mashrutlarini kuzatib ham orom olsa bo’ladi. O’zlaridan 5-6 baravar og’ir yukni katta tezlikda (tezlik shu darajada kattaki, bir chumolini muayyan tasvirga olish imkoni bo’lmadi) o’z inlariga tashlab, yana orada bir-birlari bilan salomlashgandek aloqa qilib ketishlarini kuzatgan kishi tafakkur qilmasdan iloji qolmaydi.

Keling, ular bilan yaqinroq tanishib olaylik:

Chumolilar — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. 1 va 2-qorin bo‘g‘imlari ingichkalashib, ko‘krak bilan qo‘shiladigan poyachani hosil qiladi. Boshi katta, jag‘lari kuchli rivojlangan. Chumolilar jamoa (oila) bo‘lib yashaydi. Chumolilar oilasi bir necha ming, hatto millionlab individlardan tarkib topgan. Oilada ko‘p minglab ishchi chumolilar, qanotli o‘nlab erkaklari va bir necha ona chumoli bo‘ladi. Erkak chumolilar faqat ko‘payish davrida paydo bo‘lib, urug‘lanishdan so‘ng o‘lib ketadi. Ishchi chumolilar jinsiy organlari rivojlanmagan urg‘ochilardan iborat. Ona chumoli urchish davrida paydo bo‘ladi; urchishdan so‘ng qanotini tashlab, tuxum qo‘ya boshlaydi, 20 yilgacha yashaydi. Ishchi chumolilar oilani oziq bilan ta’minlaydi, uyani qo‘riqlaydi (navkarlar) yoki suyuq zaxira oziqni saqlaydigan asalli bochkachalar hosil qiladi va boshqa vazifalarni bajaradi.

Chumolilarning yaxlit oila sifatida hayot kechirishida oiladagi individlar orasida oziq moddalar va sekretsiya bezlari suyuqligi bilan almashinib turishi (trofallaks), tuxum qo‘yuvchi urg‘ochisi bilan ishchi chumolilar o‘rtasida kimyoviy sezgi orqali bog‘lanish borligi katta ahamiyatga ega. Oila hayotini boshqarishda, ayniqsa, feromonlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ayrim oilalarning o‘zlari oziqlanadigan joylari bo‘ladi. Bir qancha chumoli turlari bir necha oilani birlashtiruvchi koloniyalar hosil qiladi; oilalar o‘zaro individlar va oziq moddalar almashinib turishadi; birgalikda o‘zlariga tegishli hududni qo‘riqlashadi.

Chumolilar tuproqda, toshlar ostida, chiriyotgan daraxtlar tanasiga uya quradi. Ba’zan tomi yer yuzasiga konus shaklida chiqib turadigan qilib, quruq shoxlardan uya yasaydi. Chumolilar tuproqda juda murakkab, ko‘p kamerali in quradi. («O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi»dan)


Chumoli ini

Kuni kecha tomorqada kartoshka ekilgan maydonchaga oralagan begona o’tlarni yulish bahonasida yana ishchi-chumolilarning mehnat-karvoniga ko’zim tushdi. Yomg’ir yog’ayotgan bo’lishiga qaramasdan bu safar ham ular to’kilgan urug’larni o’z inlariga tashish bilan ovora edilar.


Gul urug’ini maydalab, tashish uchun tayyorgarlik ko’rishmoqda.

“Dunyoda eng ko‘p sonli bo‘lishiga qaramasdan, chumolilar texnologiya, jamoaviy mehnat, harbiy strategiya, ilg‘or aloqa tarmog‘i, ierarxik tartib, intizom va shaharni benuqson rejalashtirish kabi ko‘plab sohalarda ham insonlarga namuna sifatida xizmat kilishi mumkin bo‘lgan bir tartibni namoyish qiladi. Chumolilar to‘da deb ataladigan jamoalarda shunday bir o‘zaro tartib bilan kun kechiradilarki, ularning insonlarnikiga o‘xshash sivilizatsiyasi bor deb o‘ylash mumkin.

Chumolilar oziq-ovqat ishlab chiqarish va ularni g‘amlab qo‘yish bilan bir qatorda yosh chumolilarga qarash, to‘dani mudofaa qilish va g‘animlarga qarshi jang olib borish kabi vazifalarni ham uddalaydilar. Yana shunday to‘dalar ham borki, ular «tikish-bichish», «qishloq xo‘jaligi» va «hayvonlar boqish» kabi yumushlar bilan ham mashg‘ul bo‘lishadi. Bu hayvonlar orasida juda kuchli aloqa tarmog‘i mavjud. Ularning ijtimoiy uyushqoqligi va omilkorligi har qanday jonzotlarnikidan ham ustundir”. (Horun Yahyo. «Chumolilar mo‘jizasi»)


O’zidan bir necha marta katta yukni ortmoqlab borayotgan chumoli

Alloh Qur’oni karimda Sulaymon Payg‘ambar (a.s.)ning hayotini ta’riflab berar ekan, chumolilarning aloqa tizimiga ega ekanligiga ishora qiladi:
To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: «Ey, chumolilar! Uyalaringizga kiringiz, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni ezib ketmasinlar!» – dedi. («Naml» surasi, 18-oyat)

Chumolilar ustida olib borilgan ilmiy tadqiqot bu kichik mavjudotlar juda uyushgan ijtimoiy hayot kechirishini va bu uyushma ehtiyojidan kelib chiqib, ular juda murakkab aloqa tarmog‘iga ham ega ekanligini aniqladi. Masalan, National Geographic nashri shunday ma’lumot beradi:

Katta yoki kichik chumolining bosh qismida million yoki undan ortiq ishchilar (ularning barchasi urg‘ochilar) dan iborat to‘dalarga muhim bo‘lgan kimyoviy va vizual signallarni tutadigan ko‘p qirrali sezgi a’zolari mavjud. Uning miyasi yarim million nerv hujayralaridan tarkib topgan; ko‘zlari aralashma; antennalari burun va barmoquchlari sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Og‘iz pastidagi bo‘rtmalar ta’mni sezadi; tuklari tekkan narsaga reaktsiya ko‘rsatadi.

Biz bexabar bo‘lsak-da, chumolilar o‘zlarining juda sezgir a’zolari tufayli aloqa o‘rnatish uchun turli uslublarni qo‘llaydilar. Ular bu a’zolarni o‘lja topishdan tortib bir-birining ketidan borishgacha va o‘z uyalarini qurishdan tortib jang olib borishgacha har doim ishlatadilar. Ularning 2-3 mm hajmdagi tanalarida 500000 nerv hujayralari siqib joylashtirilganligiga qaramay, insonlarni lol qoldiradigan aloqa tizimlariga egadirlar. (Horun Yahyo. «Chumolilar mo‘jizasi»)

Ilmiy adabiyotlarda yozilishicha, aynan chumolilarning hayotini o’rganiosh oqibatida bir necha kashfiyotlar yuzaga kelgan ekan. Chumolilar mudofaa tizimi ham juda puxta ishlangan ekan. Men ham amalda sinab ko’rdim. Ishchi-chumolilar yo’liga qo’lim bilan tog’anoq bo’lgandim, 20 sekundga qolmay, chumolilar qo’limga ilashib, chaqa boshlashdi. Arinikidan kuchsiz, chivinnikidan kuchli bo’lgan bu chaqish 10-12 joydan takrorlangach, astagina chekinishga majbur bo’ldim Smiley

Allohning yaratgan har bir maxluqi ustida soatlar tafakkur qilinsa arziydi. Ana o’shanda inson o’zining qanday haqir ekanligini anglay boshlaydi…

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *