NEGA SAMARQANDLIKLAR KO‘P “GRIN KARTA” YUTMOQDA? “Vatandosh”. 01.06.2011

– Uchrashuv –

NEGA SAMARQANDLIKLAR KO‘P “GRIN KARTA” YUTMOQDA?

AQShning Toshkentdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “PressGap” uchrashuvi elchixonaning konsullik bo‘limi faoliyatiga bag‘ishlandi. Unda Konsul Devid Miko ishtirok etdi. Konsul o‘z nutqida “Turli Millat Vakillari uchun Vizalar – DV” (“Grin Karta”) dasturiga oid so‘nggi yangiliklarni bayon qildi. Shuningdek, u “nohaqiqiy hujjat yoki anketa ma’lumotlari vizaga ta’sir qilmaydi”, “viza olish haqida Konsuldan ko‘ra tanish-bilishlarim ko‘proq biladi, ulardan so‘rash kerak”, “vizani olib AQShga borgandan so‘ng istalgan faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin” kabi mish-mishlarga ishonmaslikni, viza haqidagi har qanday ma’lumotni olish ­uchun AQSh elchixonasi saytiga (http://uzbek.uzbekistan.usembassy.gov) murojaat qi­lish yoki o‘sha yerda ko‘rsatilgan emailga xat yozish kerakligini va bu ma’lumotlar mutlaqo bepul taqdim etilishini ta’kidladi.
Quyida Konsul Devid Mikoning jurnalistlar bergan savollariga javoblarini taqdim etamiz.

— Janob Konsul, nima uchun “Grin Karta 2012” Lotereyasi natijalari bekor qilindi? Buning jiddiy sabablari bormi?
— “Turli Millat Vakillari ­uchun Vizalar – DV” (“Grin Karta”) dasturiga bu yil butun dunyodan 14 milliondan ortiq kishi ariza topshirgan. Komputer xatosiga ko‘ra, tasodifiy tanlash jarayoni arizalar topshirilishining dastlabki 2 kunida “Grin Karta” to‘ldirgan  kishilar o‘rtasidagina o‘tkazilgan. Komputer dasturi ulardan 90000 kishini g‘olib sifatida tanlagan. Keyinchalik bu xato aniqlanib, DV 2012 natijalari bekor qilin­di. Bungacha dastur saytidan 1 milliondan ortiq arizachi o‘z maqomlarini tekshirishgan va 22000 nafar qatnashchi o‘zla­rining  g‘olib bo‘lganliklari haqi­da tasdiqnoma olishgan. DV 2012 dasturida  qatnashish uchun kiritilgan birlamchi murojaatlar tasodifiy tanlash jarayonidan  qayta o‘tkaziladi.  Yangi tasodifiy saralash jarayoni natijalari  2011-yil, 15-iyuldan boshlab,  dvlottery.state.gov sahifasidagi Maqom Tekshiruvi funksiyasi orqali mavjud bo‘lishini kutib qolamiz. Eslatib o‘tamiz, har yili AQSh hukumati AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan mamlakatlar uchun «Turli Millat Vakillari uchun Immigratsion Vizalar – DV» dasturini o‘tkazadi. Bu dasturda g‘olib bo‘lganlardan 50000 nafariga doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratiladi.
— Bunday holat birinchi marta sodir bo‘lyaptimi? Qachondan beri  tasodifiy tanlash jarayoni komputer orqali amalga oshiriladi?
— 15 yildan beri saralash jarayoni maxsus komputer dasturi orqali amalga oshiriladi. Bunday holat avval takrorlanmagan. Dasturning nosozligi sababi uning bu yil yangilanganidan bo‘lishi mumkin.
— “Grin Karta” Lote­reyasi bilan bog‘liq bo‘lgan qalbaki elektron xatlar va xabarlar soni kun sayin ko‘paymoqda. Qanday qilib dasturda ishtirok etayotgan shaxslarning ma’lumotlari firibgarlarning qo‘liga tu­shib qolmoqda?
— Firibgarlar nafaqat “Grin Karta” Lotereyasi ishtirokchilariga, bu dasturda umuman qatnashmagan shaxslarga ham email orqali immigratsion viza yoki “Grin Karta” Lotereyasi va’da qilmoqdalar. Ular emaillarni internetdagi turli manbalardan (forum, chat, ijtimoiy tarmoq) yig‘adilar. DV dasturi ma’lumotlari hech kimga oshkor qilinmaydi.
— Bir do‘stimga pochta orqali “Grin Karta” yutgani haqida muhrlangan hujjat kelibdi. Maktubda hech qanday to‘lov haqida yozilmagan. Bu hujjat haqiqiy­mi?
— DV 2011 lotereyasiga murojaat etilgan arizalar maqomini tekshirish faqatgina dvlottery.state.gov sahifasi orqali amalga oshiriladi. Bundan boshqa har qanday pochta yoki elektron xabarlar nohaqiqiydir. “Grin Karta” uchun to‘lov faqatgina konsul suhbatiga kirganda konsullik kassasiga to‘lanadi va to‘langanlik to‘g‘risidagi kvitansiya taqdim etiladi.
— O‘tgan mavsumda O‘zbe­kistondan “Grin Karta” yutganlar haqida statistik ma’lumotlarni taqdim eta olasizmi?
— Yildan yilga “Grin Karta” lotereyasiga qiziquvchilar, ariza topshiruvchilar va yutayotganlar soni ortib bormoqda. Masalan O‘zbekistondan 2007-yili 910 kishi “Grin Karta” asosida viza olgan bo‘lsa, bu raqam 2008-yili 2100 ga, 2009-yili 2200 ga, 2010-yili 3200 ga yetgan. O‘zbekiston eng ko‘p “Grin Karta” yutayotgan davlatlar orasida 7-o‘rinni egallaydi. “Grin Karta” yutganlarning o‘rtacha oilaviy ahvoli 2,8 kishini tashkil etmoqda. O‘rtacha yosh esa 30 dir. Ulardan o‘rta ma’lumotlilari 31%, kollej ma’lumotiga egalari 35%, bakalavrlar 28%, magistrlar 5% ni tashkil etmoqda. G‘olib bo‘lganlarning 63%i Samarqand viloyati vakillari bo‘lsa, 28%i Toshkent shahri va viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Boshqa viloyatlar ko‘rsatkichlari ancha past. “Grin Karta” orqali viza olganlarning 74%i Nyu-Yorkka yo‘l olishmoqda.
— Nima uchun samarqandliklar ko‘p “Grin Karta” yutmoqda? Buning biron sababi bormi?
— Avval ta’kidlab o‘tga­nimdek, qur’a mutlaqo tasodifiy tanlanish asosida amalga oshiriladi. Bu dasturga ariza topshirganlarning soni bo‘yicha ham Samarqand viloyati yetakchilik qiladi. Demak, qayerdan ko‘p ariza topshirilsa, o‘sha hududdan lotereya yutish imkoni shuncha ko‘payadi.
— “Grin Karta” yutish viza olish uchun kafolat bo‘la oladimi? O‘zbekistondan “Grin Karta” yutsa-da, viza ololmaganlar bormi?
— “Grin Karta” yutganlik fuqaroga AQSh immigratsion vizasini olish uchun kafolat bo‘lmaydi. Barcha hujjatlar tekshiriladi. Konsul suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘nggina unga immigratsion viza beriladi. Arizada ko‘rsatilgan har bir raqam, foto haqiqiy bo‘lmog‘i kerak. Soxta hujjatlar taqdim etilganida arizachining talabi qondirilmaydi. Bu yil ham shunday holatlar bo‘ldi. Hatto, ba’zilar anketada boshqa rasm va familiya bo‘lgani holda uning o‘zlari ekanligini isbotlashga urindilar. Lekin bunday noaniqliklar viza berilmasligiga sabab bo‘ladi.
— “Grin Karta” yutgan shaxs o‘sha yilning o‘zida hujjatlarini topshirmasa, keyingi yilda unga viza beriladimi?
— “Grin Karta” dasturi hujjatlari faqat o‘sha muayyan yilda ko‘riladi. Keyingi yil uchun esa boshqatdan ariza topshirishga to‘g‘ri keladi.
—  O‘zbekiston uchun keyingi yillarda “Grin Karta”ga 5000 ta o‘rin ajratilishi mumkinmi?
— Yo‘q, bir mamlakatdan yiliga eng ko‘pi bilan 3500 kishi­ga “Grin Karta” beriladi.
— AQShda nolegal ishlab yurgan shaxs “Grin Karta” yutsa, unga immigratsion viza beriladimi?
— AQSh qonunchiligiga ko‘ra, immigratsiya talablarini buzgan shaxslar uchun 5 yil, ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra undan ham ko‘p muddatga AQSh hududiga kira olmaslik taqiqi qo‘yiladi. Bunday holatda “Grin Karta” yutgan shaxsga viza berilmaydi.
— Fuqaro “Grin Karta”ga topshirgan holida boshqa noimmigratsion vizalarga topshirishi mumkinmi? ­Uning “Grin Karta” o‘ynagani boshqa vizalarga to‘sqinlik qiladimi?
— Avtomatik tarzda to‘sqinlik qilmaydi. Agar ariza topshiruv­chining ishonchli va haqiqiy asoslari bo‘lsa, unga noimmig­ratsion viza beriladi.
— Fuqaro “Grin Karta”ga topshirganda boshqa familiyada bo‘lib, so‘ng uni o‘zgartirsa, bu ham immigratsion viza olishga  to‘sqinlik qiladimi?
— Fuqarodan avvalo nega familiyasini o‘zgartirgani so‘­ra­la­di. Familiya yoki ism o‘zgartirilgani haqidagi hujjatlar o‘rganib chiqiladi. Agar asos haqiqiy bo‘lsa, ism va familya o‘zgartirilgani viza berilishida to‘sqinlik qilmaydi.
— Eshitishimcha, keyingi yilga “Grin Karta” lotereyasi uchun O‘zbekistonga ulush ajratilmas ekan. Shu rost­mi?
— Bunday xabar menga yetib kelmadi. Odatda so‘nggi 10 yil ichida AQShga kelgan immig­rantlar soni 50000 dan oshgan davlatlar uchun “Grin Karta” ajratilmaydi. O‘zbekistonlik immigrantlar soni hali bu limitga yetmadi.
— Viza olingan pasport yo‘qolsa, konsullik vizani qayta almashtirib beradimi?
— Konsullikda viza berilganligi haqidagi axborot saqlanadi. Shunga ko‘ra, pasporti yo‘qolgan shaxs qaytadan vizaga murojaat etishi mumkin. Yangi murojaat ko‘rib chiqilganda ilgari berilgan viza haqidagi ma’lumotlar va bu shaxsning vizadan qay tarzda foydalangani ko‘rib chiqi­lib, qaror qabul qilinadi.
— Hamkasbim bir necha marta Eronda xizmat safarida bo‘lgan. Eron vizasi bo‘lgan pasport bilan AQSh konsulxonasiga noimmig­ratsion viza uchun murojaat qilish mumkinmi?
— Biron bir davlatga borganlik AQSh vizasini olishga monelik qiladi degan qoida mavjud emas. Agar uning hujjatlari, asoslari haqiqiy bo‘lsa, unga Amerika vizasi beriladi.
— Sayohat firmasidagi bir tanishimning  aytishicha, barcha davlatlarga ochiq bo‘lgani holda AQShga sayohat vizalari berilmasmish. Shu to‘g‘rimi?
— Yo‘q, aksincha, AQShga berilayotgan vizalarning eng ko‘p qismini sayohat vizasi tashkil qiladi. Odatda, bunday sayohat vizalarining aksariyati AQShga qarindosh yoki do‘stlarini ko‘rib kelishga borayotgan murojaat etuvchilarga beriladi.
— Konsullikdan 6 oyga sayohatchi vizasi olinsa, to o‘sha muddat tugaguncha AQSh hududida qolish mumkinmi?
— Vizaning amal qilish muddati va AQShda ruxsat etilgan qolish muddati farqli tushunchalardir. Odatda bu masalani aeroportda siz bilan suhbat qilgan immigratsion xizmat vakili hal qiladi. U sizning tashrif maqsadingizga ko‘ra, AQShda qolish muddatini belgilaydi.
— AQSh ish vizasini ­olish uchun chaqiriladigan xodimlarga xat tayyorlab, ularning viza olishlariga ko‘maklashuvchi biron tashkilot bormi?
— Bunday tashkilot yo‘q. Biznes (ish safari) toifasidagi vizalarga murojaat etish uchun­  DS-160 elektron anketa to‘ldiriladi. Shuningdek, ular Petitsiya – I-129 Shakli yoki I-797 qaror xabarnomasini olishlari kerak. Bu hujjat Davlat Xavfsizligi Departamentida murojaat etuvchining bo‘lajak ish beruv­chisi tomonidan rasmiylashtiriladi.

Davronbek TOJIALIYEV tayyorladi.
davronbek@vatandosh.com

http://www.ziyouz.com/images/vatandosh_5-son_5.gif

3 thoughts on “NEGA SAMARQANDLIKLAR KO‘P “GRIN KARTA” YUTMOQDA? “Vatandosh”. 01.06.2011

  1. meni familiyamda 1 ta xarf xato ketgan ekan men green cart yutdim men yutuqga egalik qila olamanmi. buni tug`irlashni iloji bormi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *