HIDOYAT GULSHANI. “Vatandosh”. 01.06.2011

– Hidoyat –

HIDOYAT GULSHANI

Bismillahir rohmanir rohiym.
Bir kuni Iso alayhissalom ashoblari bilan yo‘lda ketayotsalar, harom o‘lgan itni ko‘rishibdi. Ashoblar hammalari burnilarini yopib:
— Namuncha sasimasa, badbaxt, — deyishsa, Iso alayhissalom:
— Tishini oqligini qarang, — deb undan ham bir yaxshilik topgan ekanlar.
Foyda: Har narsaning tubida yaxshilik yashiringan. Insonlar esa har xil. Kimdir ayni narsaning yomon jihatini ko‘rsa, fazl ahli esa undan doim yaxshi jihat qidiradi.

OTA-ONANING FAZLI

Rasululloh s.a.v. aytdilar:
“Ota-onangizga bir marta mehribonlik nazari bilan qarasangiz, bitta haj va bitta umra savobi beriladi”.
Bir sahoba savol berdilar:
— Yo Rasululloh s.a.v., agar bir kunda ming marta qara­sam-chi?
— Alloh taoloning fazli senga 1000 ta haj va umra yozishdan kamaymaydi, — deb javob berdilar Rasululloh s.a.v.

* * *

Bir odam kelib Rasululloh s.a.v.dan so‘radi:
— Yo Rasululloh s.a.v., men onamga 30 yildan beri xizmat qilaman, onam esa menga 3 yil xizmat qilgan xolos. Haqini ado etoldimmi?
Rasululloh s.a.v. javob berdilar:
— Yo‘q, chunki, onang senga 3 yil xizmat qilgan bo‘lsa-da, har zamon sening o‘lib qolmasliging umidida xizmat qilgan, bu xizmatdan u malollanmagan, sening esa qalbingda bu xizmatlardan qachon qutularkinman, degan fikr turadi.

* * *

Yana Rasululloh s.a.v. aytadilar:
“Ota-ona haqiga farzand duosini to‘xtatsa, Alloh uning rizqini kamaytiraveradi”.

OTA-ONA KIM?

Rasululloh s.a.v.dan so‘ra­di­lar:
— Ota-ona kim?
— U sening Jannating yoki Do‘zaxingga hujjatdir.

QO‘SHNINING HAQI

Taqiy Usmoniy hikoya qiladilar:
“Makkai mukarramada bo­zor­ga kirib, bir matoni so‘ra­dim. Do‘kondor o‘sha matoni topgunga qadar oldimga 20 tacha o‘ramdagi gazlamalarni to‘kib soldi. Ularning ichidan bittasi menga ma’qul tushib, shuni sotib olmoqchi bo‘ldim. Narxiyam ma’qul keldi. Sotuv­chi:
— Siz shu ma’qul keldi-a?
— Albatta ma’qul keldi.
— Unda yo‘lning uyog‘iga o‘tsangiz, huv anau do‘konda ham shu gazlamadan bor. O‘sha yerdan sotib oling.
— Ie, nega endi? Hamma narsani shu yerda savdo qildim, sizning ham qancha vaqtingizni oldim. Nega endi undan sotib olarkanman. Bu­ning siri nimada?
— To‘g‘ridagi sotuvchi mening qo‘shnim, ko‘r­yapmanki, er­ta­lab­dan beri hech narsa sotmadi. Men esa ancha narsa sotib qo‘ydim…”

BUYRAKCHA VA MIYACHA

Taqiy Usmoniy Alloh taolo ne’matlari haqida tafakkur qilar ekan, shunday deydi:
“Akam Rafe’ Usmoniy yer yuzidagi eng zabardast buyrakshunos olim bilan uchrashganda shunday savol bergan ekan:
— Sizlar bir odamning buyragini saqlab qolish uchun­ ikkinchi odamdan 50-100 000$ga buyrak sotib olib, uni ulayapsizlar. Shunga qudra­tingiz yetyapti, yangi buyrak yasolmaysizlarmi?
— Hazrat, buyrakning ichi shunaqangi nozik iplardan yaratilganki, farazan dunyo olimlari oyoqqa tursa ham bir santimetrini yasolmaydi. Mabodo yasadi ham deylik, lekin bir narsa bandaning qo‘lidan kelmaydi. U buyrak ichidagi miyachadir. U buyrakka qancha energiya, suv talab qilinishi, uning ishlashini nazorat qiladi. Bu miyachani yasash insonning qo‘lidan kelmaydi.”

TANGANING IKKINCHI TOMONI

Abu Hurayra r.a. aytgan ekanlar:
“Sen xotining xunuk bo‘lgani uchun kuyinma, bir kun senga go‘zal farzandni tug‘ib beradi – xursand bo‘lasan”.

* * *

Inglizlarning bir maqoli bor:
“Buzuq soat ham kuniga 2 marta to‘g‘ri gapiradi.”

BADXULQ AYOL – MENING MARTABAM

Buyuk tasavvuf shayxlaridan Mirzo Mazhari Joni-Jononning ayoli juda badjahl, yomon xotin bo‘lgan ekan. Shunday bo‘lsa-da, shayx har kuni bomdoddan keyin, shogirdlaridan birini ayoli oldiga jo‘natib, hol-ahvolini  so‘rattirar ekan. Ahvol so‘ragani borgan shogirdlarini ayol so‘kib, “dunyoda mening erimdan boshqasi qurib qolibdimi, shungayam shogird bo‘lasanlarmi?”, deb vaysib berarkan. Uning bunday muomalasini shayxga aytishga ular istihola qilisharkan.
Bir kuni shayx ayolining oldiga bir badaviysifat shogirdini jo‘natibdi. U esa ayolning bunday muomalasini ko‘rib, yugurgancha, shayxning oldiga kirib, shunday debdi:
— Ustoz, bunday ayol bilan qanday yashaysiz, meniyam, sizniyam boplab so‘kib berdi. Taloq qilib yubormaysizmi uni?
— Meni kim deb bilasan?
— Siz ustozsiz, buyuk ilm sohibisiz.
— Mening erishgan barcha ilmim, martabam, shu xotinimdan. Uning bu azoblariga sabr qilganimdandir. Agar men bir kun uning holini so‘ramasam, martabamdan tushib qolaman. Endi qanday qilib, meni shu darajaga olib chiqqan xotinimni taloq qilay…

MUSULMONNING VAFODOR AYOLI

Ashraf Ali Tahonaviy aytadilar:
“Musulmonning xotinidek ayolni dunyoda topolmaysiz. Uning kabi vafodorni olamda yo‘q. Buning isboti shuki, u er­ning xizmati bilan birga uning­ ota-onasi, aka-ukasining ham xizmatini qilib, duosini olaveradi. Vaholanki erning ota-onasiga xizmat qilish unga vojib emas. Uzoq qarindoshingiz kelsa ham uni ham ochiq chehra bilan kutib olaveradi. Siz yillab musofirlikda yursangiz ham sizni kutib yuraveradi. Vaholanki, ayolning ruxsatisiz 4 oydan oshiq muddatga musofir bo‘lish mumkin emas. Kechasi soat 2 da kelsangiz ham, eshikni ochib, sizga ovqat ham qilib beraveradi…
Shuncha xizmatlariga yarasha bu ayollarning tillari shirin bo‘lganida edi… Jiddiysini qo‘ying, og‘zilaridan chiqqan hazil duo ham qabul bo‘lib ketardi. Adashib duo qilsalar ham Alloh qabul qilaverardi…”
“16-17 ga kirgan yoshgina qiz “O‘zingizni bag‘ishladingizmi?” degan birgina so‘zga vafodorlik qilib, o‘z xonadoni, ota-onasi, yaqinlarini tashlab, seniki bo‘lib o‘tiribdi. Lekin sen badbaxt “La ilaha illalloh” deding-u, Xudoniki bo‘lmading…”

OVQATNI MAQTASH HAM SUNNATDAN

Abdulhay Laknaviy bir kuni er-xotin muridlarinikiga mehmonga boribdilar. Ovqat nihoyatda mazali bo‘lgan ekan (odatda, shayx Rasululloh s.a.v.ning sunnatlariga ko‘ra, ovqatni doim maqtarkan), parda ortidagi ayolga qarata:
— Alloh rozi bo‘lsin, ovqatingiz juda mazali chiqibdi, — debdi.
Bu gapni eshitgan ayol yig‘lab yuboribdi. Shunda shayx buning sababini so‘raganda shunday javob bergan ekan:
— Erim bilan 40 yildan beri birga yashayman. Lekin biron marta ham menga ovqatimni maqtamagan. Sizdan birin­chi marta bu gapni eshitib, ko‘zimga yosh keldi.

SUVI OQQAN INGLIZ

Hindiston shayxul-islomi Husayn Ahmad Madaniy poyezdda shogirdlari bilan birga ketayotsalar, oldilariga bir ingliz kishi ayoli bilan chiqib o‘tiribdi. U zotga xizmat qilayotgan muridlarni ko‘rib, bu qaysi mashhur odam ekan, deb surishtiribdi. U kishining shayxul-islom ekanini bilgach, savol beribdi:
— Hazrat, mening bir masalada Islomga e’tirozim bor. Nega sizlarda ayollarni yopinib yurishga buyurilgan? Go‘yoki ochiq kiyinish erkaklarning yo‘ldan urilishiga sabab bo‘larkan, zinoga da’vat qilar ekan? Mana, mening xotinim, sochlarini yoyib, kalta kiyimlarni kiyib olib, oldimda o‘tiribdi. Ayting-chi, u ushbu poyezdda ketayotgan kimni gunohga da’vat etyapti?
Hazrat javob bermabdilar. Indamay o‘tiraveribdilar. Bir soatdan so‘ng shogirdlaridan biriga limon choy buyuribdilar. Shakar solingan choyga limonni to‘rg‘ayotib, inglizga qarasalar, limonning mazasiga og‘zidan suvi kelayotgan ekan. Shunda aytibdilar:
— Og‘zingizga suv keldimi? Limon shunday narsaki, tabiatan nordon bo‘lganligi sa­babli, uni kesilganda odamning og‘zidan suv keladi. Kichkinagina, jonsiz limon suvingizni oqizib yubordi-ku. Xotiningizning esa joni bor, go‘zalligi, husni jamoli bor, jodu ko‘zlari bor. Qanday qilib u birovlar­ning og‘zidan suvni oqizdirmaydi?

Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida
AbdulAziz tayyorladi.

http://www.ziyouz.com/images/vatandosh_5-son_7.gif

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *