MEHNATSEVARLIK. “Vatandosh”. 01.06.2011

– O‘zbekning fe’li –

MEHNATSEVARLIK

Mehnatsevarlik o‘zbekning qon-qoniga singib ketgan xayrli fazilatlardandir. Kattalarimiz uqtirishlaricha, mehnat – shodlik, rohat va baxt poydevori.
O‘zbekning mehnatsevarligi faqat tirikchilik uchun emas, u mehnatdan jismoniy zavq oladi, ruhiy zavq oladi, estetik zavq oladi. O‘zbek katta lavozimda ishlasa-da, dam olish kunlari yoniga o‘g‘lini olib, kichkinagina tomorqasiga ekin ekadi, gulzoridagi gullarni parvarishlaydi. Tushlik mahal esa o‘zing ekkan daraxt soyasida yerga ko‘rpacha solib, tomorqadan chiqqan sabzavotlardan tushlik qilib, achchiqqina ko‘k choy ichib o‘tirishga ne yetsin?
Xorijda yashaydigan o‘zbek do‘stim kuyinib aytib qoldi: «Bu yerdagilarga hayronman. Hech ishlagisi kelmaydi. Xotini bilan ham jo‘rtaga ajrashib oladi-da, davlatdan ishsizlik, bola, ajrashganlik nafaqalarini olib, kafema-kafe gamburger yeb, pivo ichib yuraveradi. Shuning uchun ham hammasi semirib ketgan…»
O‘zbek esa hech qachon halol mehnatdan qochmagan. O‘zbek uchun o‘zi ishlab topgan bir burda non o‘zganing to‘kin ziyofatidan afzal. U faqatgina mehnat ortidan keluvchi boylikni qadrlaydi, qora ter evaziga barpo bo‘lgan turmushni chiroyli deb biladi.
Qadim zamonda bir kambag‘al deh­qon o‘tgan ekan. Uning hovlisida bir tup toki bor ekan, shu tokdan olgan hosilni sotib qishin-yozin tirikchilik qilar ekan. Bir kun dehqon betob bo‘lib yotib qolibdi. Shunda u yolg‘iz o‘g‘lini yoniga chaqirib bunday debdi:
— O‘g‘lim, mening kunim bitganga o‘xshaydi. Senga aytadigan bir gapim bor. Shuni qulog‘ingga isirg‘a qilib taqib ol. Gapim shuki, toklarimizning orasiga ikki xum tilla ko‘milgan. Shu tillani yilda ikki marotaba — bahor ham kuzda kovlab olib, tirikchiligingga ishlat. Zora shu bilan boyib ketsang.
Otasi shu gaplarni aytibdi-da, olamdan o‘tibdi. Bu payt qish ekan, bola bahorni orziqib kutibdi. Olamni gullolaga o‘rab bahor ham kelibdi. Yigit ketmonni qo‘liga olib, toklarning tagini belbog‘ bo‘yi qilib kovlab chiqibdi. Biroq oltin topilmabdi. Shu orada toklar kurtak chiqarib yaproq yoza boshlabdi. Yigit tilla qidirishni vaqtincha to‘xtatib, tok bilan ovora bo‘lib qolibdi. Shu yili tok chunonam hosil beribdiki, yigit uni pullab tamom qila olmabdi. Kelasi yil ko‘klamda ham yigit oltin qidirib bog‘ning tit-pitini chiqarib yuboribdi. Yana oltin topilmabdi.
Biroq bu yil tok o‘tgan yildagidan ham ko‘p hosil beribdi. Yigit uni pullab juda ham boyib ketibdi. Lekin hamon yigitning xayoli otasi aytgan oltinda ekan. U shu to‘g‘rida xayol surib o‘tirgan ekan, otasining qadrdon oshnasi kelib qolibdi. Yigit unga voqeani aytgan ekan, chol xoxolab kulibdi-da, keyin:
— Bolam, otang aytgan oltinlarni olibsan-ku, — debdi.
— Otaxon, bog‘dan bir misqol ham oltin topganim yo‘q, — debdi yigit.
— Nega yolg‘on gapirasan? Bo‘lma­sa, bu boyliklarni qayerdan orttirding? — debdi chol.
— Mehnat qilib topdim.
— Sen mehnatni mo‘l hosil olish uchun­ emas, oltinni topish uchun qil­ding. Otang rahmatli ko‘p aqlli odam edi. U senga mehnatdan unadigan ol­tinlarni aytgan, — debdi chol.
Xalqimiz dangasalik, mehnatni sevmaslikni kambag‘allikka olib boruv­chi yo‘l deb ta’lim beradi. Barcha yomon fazilatlar dangasalik, bekorchilik orqasidan kelib chiqishini uqtiradi.
Bir qashshoq donishmand cholning oldiga kelib:
— Ota, yeyishga nonim, kiyishga kiyimim yo‘q, juda qiynaldim, nima qili­shimni bilmay qoldim. Endi qayerga borib dod desam ekan? — debdi. Chol:
— Sen kambag‘almisan? — desa, u:
— Ha, bola-chaqalarim va o‘zim ochman, kiyim-kechagimiz yo‘q, — deb nihoyatda zorlanibdi. Chol:
— Xo‘p, bo‘lmasa menga o‘ng qo‘lingni sot, necha pul beray? — desa, haligi yigit:
— Yo‘q, o‘ng qo‘lim o‘zimga kerak, sotmayman, — debdi. Shunda chol:
— Bo‘lmasa o‘ng ko‘zingni sot, — debdi. Yigit:
— Nega men o‘ng ko‘zimni sotar ekanman, u menga doimo kerak, — debdi.
Chol shu tarzda yigitning tana a’zolarini birma-bir sotgin, deb aytib chiqibdi. Yigit «yo‘q» javobini qaytaravergach, chol yigitga:
— Ha, butun muchalaring sog‘ bo‘lsa, turmushdan zorlanib nima qilasan. Sog‘ bo‘lsang qanday ish bajarsang, qo‘lingdan keladi. Kuning o‘tadi, — deb javob qaytargan ekan.
…Rahmatli bobom bekorchilarni yomon ko‘rardilar. — Dunyodagi eng yomon odamlar bekorchilar, — derdilar u kishi, — Odam bekorchi bo‘lgandan keyin peshona teri bilan mehnat qila­yotganlarning g‘iybatini qilishni boshlaydi, gap tashiydi, eng yomoni o‘zi ishlamaydi-da, yana zamondan noliydi… Sen mehnatimning samarasi bo‘lmayapti dema, halol mehnatning natijasini sen albatta ko‘rasan. Uning samarasi farzandlaringda bilinadi. Farzand kamoloti — sening halol mehnatdan topgan rizqingda…
Halol mehnat bilan ikki dunyo saodatiga yetishlik barchamizga nasib etsin!

Davronbek TOJIALIYEV

http://www.ziyouz.com/images/vatandosh_5-son_9.gif

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *