Bugun ertalabdan tahorat qilib, yangi kiyimlarni kiyib, musku anbarlarni sepib, joynamozlarni oldik-da, jome’ masjidiga hayit namozini o’qishga shoshildik. Uydagi barcha erkaklar, hatto yosh jiyanlarim ham oldimizga tushishdi. Mahallada ham allaqancha odam bo’lib, ko’chani to’ldirib, masjidga intildik.
Hayit namozini o’qib olgach, hammamiz bir-birimizni muborak ayyom bilan tabrikladik. Hamma qidirgan insonlarimni masjiddan topdim. Ularni ham bayram bilan tabrikladik. Uydagi ayollar, qizbola jiyanchalarim uchun mayda-chuyda shirinliklarni harid qilib, uyga tomon intildim.
Hammaning yuzida tabassum, bu ko’chalar anchadan beri buncha ko’p odamni ko’rmagan bo’lsa kerak. Barchaning yuzida tabassum, bir-birini tabriklagan. Faqat ahyon-ahyonda eshitilib turadigan aza ovozi ko’ngilni g’ash qiladi. Odamlar nima uchun bayram kuni ham aza qiladi-a?
Uyga boraman, darvoza tagida qizaloq jiyanim “akajonim, hayitiz qutlug’ bo’lsin!” deb kutib olib, qo’limdagi narsalarni oladi. Uyga kirgach birinchi ko’rganim – ayajonim. Ular “sizlar hayit namozidan keldingiz” deb yelkamdan tavof qiladilar.
Hamma yig’iladi. Dasturxon har kungidan-da fayzli. Chunki bugun bayram-da! Kecha hammaga osh tarqatdik. O’z navbatida boshlarning oshlarini ham yedik. Bu an’ana bugun ham davom etadi. Nozu ne’matlar bilan nonushta qilib, Qur’on o’qiladi, duo qilinadi.
Bu paytda yosh jiyanlarim tomoq qira boshlashadi. Chunki hayitliklarni olish kerak, hayitga chiqish kerak. Avvalo buvam, keyin dadam, amakimlar hayitlik ulashishadi. Hayitlik miqdori yoshga bog’liq. Yoshing qancha yuqori bo’lsa, senga hayitlik ham ko’p tushadi. Kaminaning cho’ntagi ham bu kun rosa qappaydi. O’z navbatida men ham jiyanlarni xursand qildim.
Keyin mehmonlar kela boshlaydi. Avval tog’am keldilar, hammamizni hayit bilan tabriklab ketdilar. Keyin opam, do’stlarim… Hayit tabriknomalari telefon, SMS orqali ham davom etadi. Haqiqiy bayramni hayitda his qiladi, odam.
Tushlikka yaqin o’rtoqlarim kelishdi, ular bilan, mashinada yana 2-3 ta ulfatlarni oldik-da, “O’ram” choyxonasiga kabobxo’rlikka bordik. Do’stlarim bilan ovqatlansam juda maza qilaman, chunki, yoshlikdagi turli hangomalarni eslab, rosa kulishamiz.
Marg’ilonga kelganimga 10 kundan oshdi, lekin hali tuzuk-quruq qor yog’magan, yog’gan bo’lsa-da, o’rnamagan edi. Bugun esa Allohning rahmati o’laroq qor yog’a boshladi. Uning yog’ishi bayramga zarrachalik ta’sir ko’rsatmagan, sayilga chiqqan odamlar aylanib, bayram qilib yurishardi. Ayniqsa, yosh bolalarning quvonchi cheksiz, ertalabdan yiqqan hayitliklarini sarflab, xursand bo’lib o’ynab yurishibdi.
Kechga yaqin qor yerga qor o’rnadi. Ikkiga kirgan bir jiyam mani qor o’ynashga chaqirdi. Issiq uyda bilmay yotgan ekanman. Tashqariga chiqsam hammayoq oppoq qor bilan qoplangan. hamma jiyanlarim pistirmada turib, eng jajjisini meni chaqirgani yuborishgan ekan. Chiqishimni bilaman, qor bilan rosa bulashdi. Men ham qarab turmadim. Lekin jiyanlar ustun kelishdi. Chekinishga majbur bo’ldim. Uyga kirib, bir soatcha dam olganimdan keyin yana chaqirishdi. Birgalashib katta qorbobo yasadik…
Yana qorbo’ronni davom ettiramiz. Endi safimizga boshqalar ham qo’shilgan edi. Toza havoda jiyanlarim bilan qor o’ynab juda maza qildim. Ertalab yana birga qor o’ynashga va’dalashib ular bilan hayrlashdim…
10.01.2006