Yoshligimda bir o`rtog`im bor edi: Alisher, familiyasi Mirzayev edi. Ey voh, hech qaysi kundaligimda uning nomi qayd etilmagan ekan. Bitta maktabda, birga o`qirdik, bitta partada o`tirardik. Bir-birimizdan ko`chirib, ishqilib yaxshi o`qirdik. Matematikada man undan, ona tilida u mandan ko`chirardi. Lekin u zo`r o`qib qo`yardi. Xavas qilardim unga. Bo`yi eng uzun bo`lgan bu bolani sibfdoshlar “naynov” deyishardi, yaxshi ma’noda. O`zi odobli, oddit bola edi.
Maktabga ham birga borar edik. Ular Vostokdagi etajlardan birida turishardi. Abduqahhorlar ko`chib ketishgandan so`ng manga maktabga borishga sherik qolmadi. Alisherlarning uyi manga yaqinroq edi. Usta Olimdan emas, man bu Hazrati Mulladan yursam shundoq etajlar orasidan chiqardim. Pastdan tepaga qarab, “Alisher”, – deb chaqirardim. 3-qavatda yashashardi. Derazadan kichik sibglisi yoxud ukasi qarab, hozir chiqishini aytishardi. Ko`pincha uylariga taklif qilishardi. Dadasi bo`lka nonga qaymoq surtib berardi. Yeb bo`lib ikkovlashib maktabga jo`nardik.
O`sha paytlar ancha iqtisodiy qiyinchilik hukmron edi. Nonga navbatda turib, zo`rg`a sotib olgan paytlarim ham esimda. Ota-onamdan pul so`ragani istihola qilardim. Alisher bilan kunlik ovqat navbati uyushtirib olgan edik. Bir kun u, bir kun man kichkina idishchada ovqat olib kelardik. Tanaffusda koridorlarda, chekka joylarda yeb olardik. Keyinchalik krugimizga Sherzod qo`shilgan edi.
O`qishdan keyin Alisherlarning opoqisinikiga o`tardik. Eshiklarini tagida katta so`rtak bo`lardi. Qora uzum rosa pishib yetilganda tergani borardik. O`zimiz ham mazza qilib yerdik.
Alisherning xatini o`qituvchimiz maqtardilar. Haqiqatdan ham zo`r yozib qo`yardi. Rasmlarniyam zo`r chizvorardi, dadasidanam ancha yuqqan-da unga. Dadasi (ismlari yodimda yo`q…) qaysidir maktabda rassom bo`lib ishlardilar. Iqtisodiy nochorlik tufayli kichikroq, mayda-chuyda attorlik shahobchasida u-bu sotib ham turishardi. Alisher ham o`qishdan bo`sh vaqtlarda shu yerda savdo qilib turardi. Dadasi gap yo`q: tillo odam edi. Qachon ko`rib qolsa, mani yoniga chaqirib, qurutmi, jvachkami, semichkami berib xursand qilardi. Ba’zan yoniga olib o`tirib, allanimalarni gapirib berardi. Siyrak soqolli, biroz ozg`in Alisherning dadasi negadir doimo to`nda, issiq kiyimlarda yurardi. Bu narsa unga yarashgandek tuyulardi. Velosipedda o`zi borib bozorlik qilib kelardi. Gohida biz ham velosipedini minib turardik. Bilmadim, nimaga, qalamni juda o`tkir qilib uchlab berardi. Qachonki qalamimning uchi sinib qolsa, doim Alisherdan berib yuborardim.
Alisher 6-sinfligimizda nimagadirbizning maktabimizdan chiqib ketib, aniq fanlar litseyiga o`tib ketdi. Hamma, ayniqsa, man rosa kuyindim. O`qituvchilar, direktorimiz ham afsus qilishdi. Bu Alisherning xohishi edi. Endi man maktabga o`zim yakka borishimga to`g`ri kelardi. Obedki ovqatni ham boshqalar bilan baham ko`rishimga to`g`ri kelardi.
Har doimgi yo`lim: otasi savdo qilib o`tirardi. Borib so`radim: “Nega Alisher boshqa litseyga o`tib ketdi? Axir, bizning o`qish ham gimnaziya, ham yaqin?” Otasi bir xo`rsindi-da, javob berdi: “ U mani davolamoqchi bo`lyapti. O`sha yerni bitirsa mani tuzatadi. Hech bo`lmasa ukollarimni qilishga yarar”. Man “Ha” deb qo`ya qoldim. Lekin hamon otasining qanday dardga mubtalo bo`lganini bilmas edim. Alisher g`ururli bola edi. U dadasini davolash yo`lida hamma narsaga tayyor turdi.
Ularning oilasida otasidan boshqa hech kim ishlamas, ukasi va singlisi ham maktabda o`qishar edi.
6-sinfning o`rtalari edi. Sinf rahbarimiz: “Bugun… istaganlar darsdan keyin qolinglar, janozaga boramiz. Alisherjonning dadalari… Hamma, ayniqsa man karaxt bo`lib qolgan edim. Chunki bir necha kun oldin ularni har doimgi joylarida ko`rgan va so`rashib o`tgan edim. Lekin bugun Alisherlar uyi tomondan hech qanday aza asoratini ko`rmadim-ku! Hamma borishni istadi, hatto qizlar ham. Kop` qavatli binoda imkoniyati bo`lmagach, mayitni oat uyiga eltishgan ekan. Bordik, qarasak, Alisher bilan ukasi uyda to`p o`ynashyapti. Ular bizni ko`rib o`yinni to`ztatishdi. Onalari chiqdilar. Bizni ichkari uy tomon chorladilar. Eshik tagida o`tirib, tilovat qilib qaytmoqchi bo`ldik. Man Qur`on o`qidim. O`qituvchimiz duo qildilar…
O`ram samovordan uygacha piyoda ketar ekanman, qulog`imda otasining: “Alisher mani davolamoqchi bo`lyapti, hech bo`lmasa ukolimni qilib qo`yishga yarar”, – degan so`zlari jaranglar edi.
Shundan so`ng Alisher otasining savdo ishlarini ozgina davom ettirdi. Tog`lari yordam berib turishdi.
Alisher uzoqroqda o`qir edi. Onda-sonda ko`rishib turar edik. Sekin-sekin o`qish ham tugay boshladi. Hamma o`zi bilan o`zi bo`lib ketdi. Eshitishimcha, Alisher Andijondagi Meditsina Institutiga birinchi bo`lib, eng katta ball bilan kirgan ekan. Man bo`lsa birinchi yil yiqildim. Ta’tilga kelganda bir-ikki gaplashib turdik. Keyin manam o`qishga kirib ketdim. O`shandan beri Alisher bilan ko`rishmadim.
Alisher otasini davolashga ulgurmadi…
Davronbek Tojialiyev
28.11.2002