Deyarli bir oydan beri kitob bozorlarini kezaman. Shasiy kutubxonam uchun ancha-muncha kitob ham yig’ib qo’ydim.
Kuzatishlarimga ko’ra yurtimizda kitobga e’tibor ancha kuchaygan. Buni kitob rastalaridagi xaridorlarni ko’rib ham bilib olishingiz mumkin.
O’zbekistonda kitob biznesi shakllanib ulguribdi. Ayniqsa diniy kitoblar “biznes”i.
O’zim poligrafiya sohasida ishlaganim uchun kitoblarni qanday bosish, uning narhlari haqida ma’lumotga egaman. Lekin kitoblarning, ayniqsa diniy mavzudagi adabiyotlarning narhini ko’rib yoqamni ushlayman. Nega buncha qimmat sotishadi. Nahot kitoblar narhi uning tannarhidan 2-3 baravar qimmat bo’lsa?..
Arzonroq kitob topish ilinjida avvalo nashriyotlarning kitob do’koniga bordim. Ulardan diniy mavzudagi kitoblarni so’raganimda, ular ba’zilarini mualliflar sotuvga chiqarmay, o’zlari sotish uchun olib ketganlarini, ba’zilarini esa, sotuvga chiqqan kuniyoq, ayrim tadbirkorlar ko’tarasiga olib ketganini aytishdi…
Bir misol. “Sharq” nashriyotining do’konlaridan birida “Saodat asri qissalari”ning qattiq muqovali 1-kitobini 3800 so’mga oldim. Faqat shu kitob qolgan ekan. Boshqalari yo’q ekan. Boshqa kitoblarini qidirib, Chorsuga keldim. Bu yerda esa xuddi shu kitobning narhi 6000 so’mdan 1 tiyin ham kam emas. Ommabop kitob bo’lgani uchun sotuvchilar ham aytgan narhlarini ushlab turishibdi. Asta-sekin sotuvchilar bilan ham gaplashdim. “Nima uchun bunaqa qimmat sotasizlar?” degan savolimga, ularga ham kitob egalari yoki shu kitob savdosi bilan shug’ullanuvchi birinchi shaxslar shunday qimmat narhda berishlarini aytishdi. Yana taajjubda qoldim.
Diniy kitobning bozorining eng ommabop kitoblari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufnikidir. Shayxning kitoblari narhi ham juda qimmat. Shayxdan bu borada so’ralganda, savdoni nazorat qilolmayapmiz, degandilar. Masalan, “Sunniy aqidalar” kitobi dastlab chiqqanda, 5400 so’m edi. Hozir esa bozordan 9000 ming so’mdan kamiga topolmaysiz. Yangi chiqqan “Kofiya”ning ham narhi 9000 dan kam emas. Solishtirish uchun: Alovuddin Mansurning Qur’oni karim tarjimasi “Kofiya”dan ancha qalin, lekin narhi 5000 so’m. O’sha nashriyotda chop etilgan shu qalinlikdagi boshqa kitoblarning narhi ham 5000 so’mdan ko’p emas.
Yana bir muammo va taklif. Ba’zi kitoblarning jildini ko’paytirishdan nima foyda? Masalan, “Tafsiri hilol”, “Kofiya” kitoblarining shrifti kitob standartidan ko’ra ancha kattadir. Shuning shriftini kamaytirib, kamroq qilinsa, ham tannarh tushardi, ham arzonroq bo’lardi…
Endi savol tug’iladi? Diniy kitoblarni chiqarish va sotishdan asosiy maqsad ilm tarqatishmi yoki mo’maygina daromad olishmi? Mayli, imkoniyati borlar so’tib olar, lekin ilmga chanqoq talabalar-chi? Ular qanday qilib bunday qimmat kitoblarni sotib oladilar?..