Yoshlari 80 dan oshib qolgan Sobir hoji ota hikoya qiladilar:
“Xalqimizning diniy ma’rifati toptalgan sovet yillarida Marg’ilondagi eng katta savdo timida katta yong’in bo’lib, hammaning ko’ngliga g’ulg’ula tushibdi. Yong’indan xabar topgan Mirhojiboyning og’illari otalari oldiga yugurib kelib, mollarini qutqarish chorasini ko’rishlikni aytishibdi. Shunda Mirhojiboy: “Parvo qilmanglar, men molimning zakotini berganman, zakoti berilgan mol yonmaydi, uni O’zi asraydi” deb hotirjam o’tiravergan ekanlar.
Ertasi kuni atrofdagi barcha do’konlar va ulardagi mol kul bo’lgani holda, Mirhojiboy otaning do’konidagi barcha mollar Allohning inoyati ila yong’indan omon qolgan ekan”.