Kel, ko‘r, meni ishq nayladi…

Tushimda ko‘rganda shunchalik go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir kundan-da go‘zal..
.
Cho‘lpon

Erta saxar. G‘ira-shira. Bo‘ston. Jilg‘a…

Men sizni “Qani u”,- deya Guldan so‘radim. “Men Uni saxarlab bo‘stonda ko‘raman”,- dedi Gul, – Bir kiradi-da, mendan bir hidlaganini bilaman, keyin nima bo‘lishini eslolmayman. Bu mening bo‘yim emas, Uning bo‘yidan bir asorat xolos, – kuyindi Gul.

Gulni ko‘rdim. Undan bo‘y oldim.
Keyin Saboga yuzlandim. “Ey sabo, sen mening Go‘zalimni qachon ko‘rasan”,- dedim. U ham “Men-da Uni ertalab bo‘stonda ko‘raman. Unga bir urilamanu, o‘zimni yo‘qotaman. Shuning uchun ham meni o‘zga mahal uchratolmaysan”,- dedi.
Kamayib qolgan Yulduzdan sizni so‘radim. U esa, “Men Go‘zal uyg‘ongandan keyin hijolat bo‘lib berkinib olaman”,- dedi-da, u ham yo‘qolib qoldi.
Oydan so‘radim. U: “Biz ikkimiz dugonamiz”,-dedi, – Kechalari men samoni yoritsam, kunduzlari U butun dunyoni munavvar qiladi,- dedi-da, u ham meni tark etdi.
Quyosh shafaqlarini astagtna artib, dunyo oynasiga nazar solishni boshlamakda edi. Noiloj so‘radim undan, u: “Men Go‘zalni hech qachon ko‘ra olmayman”,- deya yig‘lab yubordi. “Nega”,- deya so‘radim qizarib ketgan Quyoshdan. “Agar men Unga qarasam, nuridan men ham erib ketaman”,- dedi.
Quyosh safdoshim bo‘ldi.
Bo‘stonda faryod chekayotgan Bulbuldan: “Sayrashni kimdan o‘rganding”,- deya so‘radim, u: “Bu yerga bir Go‘zal har tong keladi. Uning nafis so‘zlari ohangida men mast bo‘lib qolaman va har doim shunday nola chekaveraman”,-dedi.
Bulbul sodiq ulfatim bo‘ldi.
Juda chanqadim. Chashma yoniga kelib, undan ichdim-da, “Munchalik totli bo‘lmasang, ey, Buloq”,- dedim. Chashma ham bir tin oldi-da, “Eh, har tong bu yerga bir Go‘zal keladi-da, menga qo‘lini solib, yuzini yuvadi. Bu mening ta’mim emas, Go‘zalning isi”, -dedi.
Birdan badanga xush yoquvchi mayin Yomg‘ir yog‘a boshladi. Men darrov Sizni so‘radim. “Men Uni har tong nozik oyoqchalari bilan mening ustimdan yurib o‘tayotganida sezaman. Uning harorati shunday kuydiradiki, natijada mendan asar ham qolmaydi”, – Yomg‘irning javobi shu bo‘ldi.
Nogoh garangsib yurgan parvonani uchratib, undan “Nega Parvonasan”, – deya so‘radim. “Go‘zalni bir marta ko‘rdimu, Parvona bo‘lib, Uning ishqida hamon qiynalaman”, -dedi.
Parvona dildoshim bo‘ldi.
Tog‘dan “Munchalik yuksaksan”,- deb so‘radim. U Sizni yuqoridan yaxshiroq ko‘rish uchun shunday yuksakka intilganini aytdi.
Bo‘ldi, bas, Uni Xayoldan so‘radim. U esa bir xo‘rsindi-da, “Uni ta’riflamakka mening haddim yetmaydi”, – deya mendan yuz o‘girdi.
Barglar bir-biri bilan dardlashib, shivirlashib, ariqdagi suvlar jildirab, yayrab-yashnab oqayotgan bir mahalda Uyqu o‘z domiga tortdi. Undan menga Go‘zalning ta’rifini ber deb yolvordim. Uyqu menga Tushni yo‘latdi.
Tushdan so‘radim:
– Go‘zalimni ta’rifla, ey, Ro‘yoning dushmani. U ham meni deydimi?
– Yo‘q, uning ishqi boshqasiga boshqasiga tushgan.
Bu gap ishq olovidan yonayotgan qalbimni parchalab tashladi.
– Kim U mening sevgimni o‘g‘irlagan? Shunchalik go‘zalmi U. Ta’rifla uni ey, shumxabar!
– Senga juda qiyin bo‘ladi, – dedi Tush.
– Ayt, nima qilay?
– Butun jahondagi qalamlarni yig‘.
Jahonda bironta ham qalam qolmadi. Menga hamma shoiru zamonlar, allomalar yordamga keldilar. Tush ular bilan birgalikda Go‘zalni ta’riflamakka tushdilar. Eyvoh, Qalam ham, qalam ahli ham bunda ojiz edilar. Dunyo yozmakka qalam qolmadi, hammasi bardoshdan sinib ketdi. Hech kim hech narsa yozmay qo‘ydi.
Men Ummon, Dengiz, Ko‘l, Daryou Bulutni yordamga chaqirdim. Ular o‘rnida siyoh paydo bo‘ldi. Tush ta’riflamakda davom etar, xo‘rsinar, yum-yum yig‘lar, yig‘isidan yana daryolar siyohga to‘lar edi. Eyvoh, dunyo o‘z Suvlaridan judo bo‘ldi. Go‘zalning ta’rifi hali endigina boshlangan, hamma hayratdan yoqa ushlagan edi. Butun dunyo, koinot Larzaga keldi. Hamma Go‘zalni tarannum etishga tushdi. Hayvonlar o‘kirdi, Nabotot ajib chayqaldi, Insoniyat hamma yumushini uloqtirib, Uni ta’rifla?ga jiddu jahd qilardi. Hamma o‘z bilganicha, o‘z tilida Uni madh yetardi. Zabon, So‘z hecham tugamas, faryod-dod ila tarannum davom etardi…
– Ta’rifi So‘zu Zabonga sig‘magan kim U Go‘zal? – deya so‘radim Tushdan.
Ey, nodon, sening-da, menim-da, Quyosh, Oy, Yulduzning-da qalbini zabt etgan O‘sha – Go‘zal. U eng a’lo, eng chiroyli. Hamma Uni istaydi.
– Men Uni qanday topaman, – deya yig‘idan to‘xtatolmadim o‘zimni.
– U sening qalbingla yashaydi. U doim sen bilan birga. Sen qalbingni, iymoningni, ishqingni avayla. Shundagina U seni tark etmaydi. Sen Uni qalbingning tub-tubiga joyla. Doimo Uning ishqi bilan yasha. Uni har vaqt esla, turganingda, yurganingda, o‘tirganingda… hamon esla. Har soniya Uning yodi bilan yasha. Shundagina sen Uni topasan. Shundagina U ham sen bilan yashaydi…
Yig‘lab uyg‘ondim.
Tong. Bo‘ston. Jilg‘a…
Qayoqdandir qalbni zor etadigan tanish tovush ila Yunus Emroning dardli she’ri yangrardi:

Man yururman yona-yona,
Ishq bo`yadi mani qona,
Na oqilman, na devona,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Goh esarman yellar kabi,
Goh to`zarman yerlar kabi,
Goh oqarman sellar kabi,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Oqar suvlardek oqarman,
Dardli yuragim yoqarman.
Yorimni o`ylab yig`larman,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Yo qo`lim ol qoldir mani
Yo vaslingga qondir mani
Ko`p yig`latding, kuldir mani
Kel, ko`r mani ishq nayladi.

Man yururman eldan elga,
Do`st so`rarman tildan tilga.
G`urbatda holim kim bilar,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Majnun bo`lubon yururman,
U yorni tushda ko`rurman.
Uyg`onib malul bo`lurman,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Rangim sariq, ko`zlarim yosh,
Bag`rim pora, jigarim tosh.
Holim bilgan dardli qardosh,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Ishqing mani mast ayladi,
Oldi ko`nglum, xast ayladi.
O`ldirmakka qasd ayladi,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.

Miskin Yunus bechoraman,
Boshdin oyog`i yoraman,
Do`st ko`yida ovoraman,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi
.

Hayhot!… Ha, u o‘sha, men yo‘qotgan GO‘ZALning ovozi edi…

Davronbek Tojialiyev

One thought on “Kel, ko‘r, meni ishq nayladi…

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *