Allohga hamdlar bo’lsin. Alhamdulillah.
O’tgan yili boshlaganim “Saodat asri qissalari” kitobining audiokitobini tayyorlash rejam, bundan 5 daqiqa oldin o’z itmomiga yetdi. To’rttala kitob ham audiotarixga muhrlandi.
Men juda xursandman. Hech bo’lmasa, 3-4 kishi bo’lsa-da, buni eshitib, fikrlarini bildirishdi. “Keyingilarini qachon tayyorlaysiz?” degan savollardan ham o’z vaqtida rosa xursand bo’ldim.
Bugun yana bir bor butun olamlarning eng buyuk insoni – hazrati Muhammad s.a.v. hayotlarini o’qib ibratlandim. Qalbim tozarib, ming yillarcha masofadan u zot va sahobalariga muhabbatimni ko’nglimga tugib qo’ydim.
Bir kuni Rasululloh s.a.v. bir sahobiydan so’radilar:
– Qiyomat kuniga qanday amallar qilib tayyorgarlik ko’rding?
– Hech qanday amalim yo’q. Lekin Alloh va Rasuliga sevgim bor.
Rasululloh s.a.v.ning o’shanda bergan javoblari qalblarimizni yayratadi, har qanday musulmon orzu qilajak mavqelarga umidlantiradi.
Shunda Rasululloh s.a.v. javob berdilar:
– Sen sevganing bilan birga bo’lasan…
Yana «Birodarlarimni sog‘indim» degan edilar Rasuli Akram s.a.v. va buni eshitgan sahobalar «Biz sening birodarlaringiz emasmizmi yo Rasululloh» deb so‘raganlarida «Sizlar mening do‘stlarimsizlar, birodarlarim oxir zamonning og‘ir imtihonlariga duch kelgan paytda ham Islomni tark etmagan mo‘minlardir» deb javob bergan edilar…
Allohim, bizni sevganlarimiz bilan birga qilgin! Allohim, biz g’ariblar Rasululloh s.a.v.ni ko’rmadik, u zotning sahobalarini ko’rmadik. Asri saodatni o’qirkanmiz, ko’zlarda yosh, qalblarda umid bilan, qaniydi biz ham o’sh paytda tug’ilganimizda degan armon qildik. Allohim, bizlarni ular bilan birga qilgin!
Sizga ham tavsiya etaman. Yaqinlaringizga bu kitobni o’qittiring. O’qishga erinishsa, ushbu audiosini eshittiring. Bu kitob muhabbat bilan yozilgan. Uni siz ham muhabbat bilan mutolaa qilasiz. Buyuk Payg’ambarning hatto tuyasigacha oshiq bo’lib qolasiz…