Yaroslav Gashek
TOG’LIKNING O’LIMI
(hikoya)
Mixael Pitala qamoqxonadan qochdi. Quyuq o‘rmonlar va bug‘doyzorlarda yashirinib u janub tomon yurdi, toqqa yaqinlashdi. Dehqonlar uning qornini to‘yg‘izishdi, yo‘l uchun oziq-ovqat va kiyim-bosh berishdi. Kech tushdi. Oppoq ilonizi yo‘l tog‘ yonbag‘irlab buralib ketgan edi. Dovonda xoch turardi. Qochoq chang yo‘ldan asta ko‘tarila boshladi. U Galitsiyaning Tarnovsk o‘lkasilik dehqonlar kiyadigan uzun, chang bosgan ko‘ylagiga tirishgan qaltiroq qo‘li bilan ul-bul yegulik solingan kichkina tugun qistirib olgandi.
U atrofni qo‘rqa-pisa kuzatdi, uning yuzida soqchi ko‘rinishi bilanoq o‘zini tik qiyalikdan vodiyga tashlash jur’ati namoyon edi. Va nihoyat u etagida yarimchirigan o‘rindiq turgan, yog‘och xoch joylashgan dovonga yetib keldi. Mixael Pitala cho‘qindi va o‘rindiqqa horg‘in o‘tirdi. Tugunni yoniga, maysaga qo‘ydi va atrofga nazar tashladi. Ikki tomondan ham yo‘l nishablikka qarab ketardi. Uning ko‘z o‘ngida o‘rmonli vodiy gavdalandi. Atrof qanday go‘zal! Uzoqda, kulrang cho‘qqilar orasida azim Bobotog‘ qad ko‘tarib turibdi. Undan nariroqda Taqirtog‘, uning yon-verida esa Mixaelning ota joylari… Shuncha yillardan keyin, ikki-uch kun o‘tib u o‘rmonning yoqasiga qadar yoyilgan qo‘ralar, mo‘‘jaz ibodatxona joylashgan ona qishlog‘ini ko‘radi.
Tog‘lar orasiga asta botayotgan quyoshning nurlari so‘nib borardi. Qochoq oppoq qirov qo‘ngan boshini quyi egganicha kechmish hayotini esladi. Ko‘p yillar avval u ish qidirib xotini va bola-chaqasini olib Germaniyaga otlandi. U yerda ter to‘kib holdan toyguncha mehnat qilishdi, hayotning achchiq-chuchugiga sabr qilishdi. Qish oylaridan birida u ishsiz qoldi va butun oila ochlik domida qoldi. U yaqinlarining qiynalganlariga chiday olmadi va avval ularni, so‘ng o‘zini zaharlab o‘ldirishni o‘ylab qoldi. Og‘uni tayyorlab, mudhish rejasini amalga oshirdi. Xotini va bolalari o‘ldi, lekin u tirik qoldi. Tuzalib ketganidan so‘ng uni uzoq yilga ozodlikdan mahrum etishdi. Ko‘p yillar ish davomida olisdagi bulutli tog‘larga havas ila qarab, yana o‘sha yerga borishni orzu qilardi. Nihoyat, u qamoqdan qochishga erishdi. Mana, hozir shu yerda…
Mixael Pitala yana atrofga nazar soldi. Quyosh tobora pastlab botib borardi. Bobotog‘ cho‘qqisi shafaq bag‘riga singib ketdi. Shafaq. Mag‘rib tomonda to‘q-qizil olovli shar asta tog‘ ortiga botdi. Kechki qizil shu’lalar tog‘ bag‘rida erib ketdi. Undan keyin goh parchalanib, goh yana qo‘shilib tuman pardasi ko‘tarildi. Qandaydir o‘zgacha g‘ira-shira qorong‘ulik o‘rmonni burkab oldi. Iliq shamol esa ignabarg hidini atrofga sochdi. Pastda katta toshlari zamburug‘ bilan qoplangan tog‘ nishabligi yastanib yotibdi. Sershovqin soy toshdan toshga va ildizi bilan qo‘porilgan daraxtlarga urilib oqar, baland tilog‘och va qarag‘aylar orasida ko‘rinmay ketardi.
Qochoq soqol qoplagan yuzini quyi indirgan ko‘yi pinakka ketdi. Tushiga uyi kiribdi. Lekin u oqsoqol qariya emas, navqiron yigitcha edi. U hozirgina o‘rmondan qaytgandi. Mana, o‘choqdan chiqayotgan tutun o‘rlagan kulbadagi o‘zining kichkina xonachasi. Mana, otasi, onasi, butun oilasi. «Mixalek, sen qaerda buncha ko‘p qolib ketding?» deb so‘rashyapti. So‘ng hammalari xontaxtaga o‘tirib ovqatlanishadi, gurunglashib o‘tirib qo‘y sutidan ichishadi. Qo‘shnilar chiqadi. O’rmonda o‘rtog‘i Konichkani ayiq qanday qo‘rqitganini aytib berishadi. U o‘choqqa o‘tin tashlaydi. O’tin charsillab yonib, qurum bosgan xonani yoritadi. Tashqaridagi qo‘raga qaytayotgan mollarning ma’rashini eshitib o‘tirish qanchalik yoqimli. Ibodatxona qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Hammalari turishadi, cho‘qinib, baland ovozda ibodat qilishadi. Olov esa charsillab yonadi… Birdan og‘ir qadamlar qochoqning tushini buzib yuboradi.
O’rnidan turarkan, yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, qaerdandir paydo bo‘lgan mirshabni ko‘rdi. Uning miltiq nayzasi tunning so‘nggi shu’lalarida dahshatli yaltirardi. Mixael Pitala tugunini olib, bir sakrashda narigi yo‘lga o‘tib, tog‘ nishabligiga qarab yugurdi. Uch marta «To‘xta, to‘xta, to‘xta!» buyrug‘idan so‘ng g‘ira-shira o‘rmonning tun sokinligida ko‘p marta o‘q ovozi aks-sado berdi. O’q yegan boshini egganicha qochoq oldinga va yuqoriga intilardi. Oxirgi marta botayotgan quyoshni va tog‘lar tizmasini ko‘rib qolishga harakat qilardi. Quyosh botdi.
Vodiyning allaqaerida kechki ibodatga chaqiruvchi cherkov qo‘ng‘irog‘i chalindi. Yuqorida, yo‘ldagi yog‘och xoch yonida turgan mirshab qalpog‘ini yechdi va ibodat qila boshladi: «Tangri malaklari…»
Miltiqning og‘zidan osmonga ko‘tarilayotgan tutun so‘roq belgisi shaklini eslatardi. O’rmon osmonida oy chiqib, qiyalikda yotgan qochoqning murdasini xira nurlari bilan yoritayotganda, uning ko‘kargan lablari asta pichirladi: «Vatan! Vatan!»
1902
Rus tilidan Davronbek Tojialiev tarjimasi
HIKOYA MUALLIFI HAQIDA
Mashhur chex yozuvchisi Yaroslav Gashek 1883 yili Pragada tug‘ilgan. Uning ijodida ijtimoiy satira asosiy o‘rinni egallaydi. U o‘zidan 1500 dan ortiq hikoya, feleton va boshqa asarlarni qoldirgan.
«Qotil sud oldida» (1907), «Shaxtadagi falokat» (1908) hajviy asarlari mashhur.
Birinchi jahon urushi arafasida «Shovvoz askar Shveyk va boshqa ajoyib voqealar» (1911) hikoyalar to‘plami unga katta shuhrat keltiradi. «Shovvoz askar Shveykning jahon urushidagi sarguzashtlari» hajviy-realistik romani (1921—23, asar tugallanmay qolgan) urushga va milliy zulmga qarshi yozilgan. Unda xalqning og‘ir turmushi yorqin obrazlarda aks ettirilgan. Bu asar ko‘plab xorijiy tillarga, shuningdek «Shovvoz Shveykning boshidan kechirganlari» nomi bilan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1971).
Yaroslav Gashek 1323 yili Lipnitseda vafot etgan.