Azizlar, shu yozgan mulohazalaringizni alohida kattaroq daftar tutib, yozib ham qo’yyapsizlarmi?
Agar bu ishni boshlamagan bo’lsangiz, hoziroq boshlang.
Bitta kundalik tuting. Rastalarda 365 sahifalik “Ежедневник”lar sotiladi. Shundan birini oling-da, qaysi kuni yozgan bo’lsangiz, “11.08.2010. Bugun…” deya daftarga ham tushirib qo’ying. O’zingizga yoqqan iboralarni ham yozing.
Bundan topadigan foydalaringiz:
1. Internetga har doim ham kira olmasligingiz mumkin. Kundalik doim yoningizda bo’ladi. Uni yo’lda ham o’qishingiz mumkin.
2. Qo’l orqali yozish bilan ko’p narsa esda qoladi. O’sha voqeani eslaganingizda uni qay holatda yozganingizni ham eslaysiz.
3. Inson unutuvchi. Hayotda ko’p narsalar insonlik yuzasidan unutiladi. Shunday paytda kundalikni varaqlasangiz, shu zahoti xotirlaysiz. “E-ha, esimdan chiqibdi-ya” deya taajjublanasiz.
4. Eski kundaliklarni o’qish inson ruhiyatiga katta foyda beradi. Siqilib turgan holingizda daftarni ochib, o’z yozganlaringizni o’qisangiz, kayfiyatingiz ko’tariladi.
5. Yozish orqali sizning so’z boyligingiz ortadi, yozma nutqingiz shakllanadi.
6. Yana bir juda yaxshi taklif: Men maktabni bitirgandayam, bakalavr, magistraturani tugallagandayam do’stlarimdan o’qish haqida, o’rtoqligimiz, men haqimda xotiralaringizni yozib bering, deya kundaligimni berganman. Ular esa shunday go’zal narsalarni yozishganki, har gal ularni o’qirkanman, eng beg’ubor damlarim esga tushadi. Siz ham shunday qiling. Iloji bo’lsa, do’stlaringizdan bitta esdalik suratni olib, o’sha sahifaga yopishtirib qo’ying.
7. Kuniga bir qator bo’lsa-da, biron narsa qoralab qo’ying.
8. Ko’rgan tushingizni ham uyqudan turib, yuzingizni yuvishingiz bilan yozib qo’ying, aks holda esdan chiqib qoladi. Tush bilan bog’liq bo’lgan ajib haqiqatlarni shunda anglaysiz.
9. Kundaligingizni faqatgina yaqin do’stingizga ishoning. Ba’zilar o’qib hatto kulishlari ham mumkin. (Tushunmagandan keyin kuladi-da!)
10. Kundaligingizda g’aroyib faktlar, retseptlar, umuman kerakli informatsiyaga ham joy ajratishingiz mumkin. Lekin ular o’zingizning kundalik mulohazalaringiz hajmidan oshib ketmasin.
Kundalik tuting. Ko’p foydalarga erishasiz. Internetdagi kundalik hech qachon o’z qo’lingiz bilan to’ldirgan umr daftarining o’rnini bosolmaydi.