Lazgin xalq maqollari

• Boshingga dard tushsa, cho‘chqani ham “otam” deb yuborasan.

• Zo‘rlik bilan tiklangan uy la’nat bilan buziladi.

• Oxirgi burda noningni qanday bo‘lib berganingni unutgan do‘sting o‘lib ketsa ham achinma.

• Atlas va bo‘z bir narhda bo‘lmaydi.

• Kambag‘allik qismati uyat emas.

• Ishtonsizning tushiga ikki gaz bo‘z kirarkan.

• Davomiy yomg‘irning buluti ham bo‘lmaydi.

• Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni afzal.

• Adolatliga Xudo beradi.

• Xudo mulkka emas, qalbga boqadi.

• Agar mushukning qanoti bo‘lganda, u hamma qushni tutib yerdi.

• Oysiz kechada yulduzlar yorqin nur sochadi.

• Bir qo‘lda ikki tarvuzni ko‘tarolmaysan.

• O’z uyasida sichqon ham sherga o‘xshaydi.

• Uch yuz yillik botqoqdan ichimlik suvi qidirma.

• Mevadan egilgan shox yerga intiladi.

• Shamol olib kelganini shamol olib ketadi.

• Bog‘bonning nigohi doim olmada.

• O’g‘ri dunyodagi hammani o‘g‘ri deb o‘ylaydi.

• O’g‘ri o‘z to‘shagida o‘lmaydi.

• O’g‘irlangan nonning mazasi bo‘lmaydi.

• Dushman bilan ko‘zing ko‘zingga tushdimi, dadil harakat qil.

• Qahramon gapga no‘noq bo‘ladi.

• Nodon sochdan xoda yasaydi.

• Ahmoq gapirdi — eshitayotgan aqlli bo‘lsin!

• Ahmoqlik — tuzalmas kasallik.

• “Yemayman” deb yettita nonni yeb yuboradi.

• Qichqiriq — g‘ozniki, tuxum — chumchuqniki.

• Och tovuqning tushiga don kirarkan.

• Ochning tushiga bir xurjun non kirarkan.

• Anchadan beri urilmagan echki cho‘poning tayog‘iga ishqalarkan.

• Ko‘zdan uzoq — ko‘ngildan yiroq.

• Bir qinga ikki hanjar sig‘maydi.

• Pul toshni ham eritadi.

• Daraxtni kesishsa butun o‘rmon eshitadi.

• Bolalar asaldan shirin.

• Ahmoqqa har kuni bayram.

• Tikishdan oldin ipni tayyorla.

• Uydagi narh bozornikiga o‘xshamaydi.

• Yaxshi xotin — xonadon bezagi.

• Do‘st ko‘zga qaraydi, dushman — yerga.

• Boshqani eshitib, o‘z fikringdan qolma.

• Ahmoq nodonligini hech qachon tan olmaydi.

• Agar seni eshitishmasa, jim o‘tir.

• Agar sen tulki bo‘lsang, men uning dumiman.

• Cho‘pon xohlasa echkidan ham pishloq oladi.

• Puling bo‘lsa — aqllisan, bo‘lmasa — nodon.

• Oshqozon faqatgina pichoqni sevmaydi.

• Ayolni muloyimlik bezaydi.

• Bo‘sh dasturxonga fotiha qilmaydilar.

• Hasad yaxshilikka olib kelmaydi.

• Baquvvat buqaga achigan somon ta’sir qilmaydi.

• Yozda yiqqaningni qishda yeysan.

• Qarg‘aga ham o‘z poloponi go‘zal ko‘rinadi.

• Agar burun bo‘lmaganida ikki ko‘z ham chiqisholmasdi.

• Ilon ham dumiga kim tekkanini eslaydi.

• Agar og‘ziga suv kirib ketmaganida qurbaqa ham gapirib yuborardi.

• Tuhmatchining boshiga ham yomon kunlar tushadi.

• Achigan pilladan ipak  chiqmaydi.

• Kuzgi jo‘jadan xo‘roz chiqmaydi.

• Kambag‘alning ismini hatto do‘stlari ham unutishadi.

• Ustaning san’ati ishidan bilinadi.

• Haqiqiy erkakka bitta so‘z yetadi.

• Hamma o‘zini buyuk deb o‘ylaydi.

• Qaysi barmog‘ingni kesib olsang ham — og‘riq bitta.

• Toshni ham silliqlash mumkin, egri odamni o‘nglab bo‘lmaydi.

• Tomchi yig‘ilib ko‘l bo‘ladi.

• Qalam — yozish uchun, bolg‘a — urush uchun.

• Ikki it urushayotsa qochib qol.

• Kambag‘alga qo‘riqlash navbati yetguncha kecha ham uzun bo‘ladi.

• Kimni sevsang — o‘sha go‘zal.

• Tuyadan katta fil ham bor.

• Kim senga birovning kamchiliklari haqida gapirsa, u seni boshqalar oldida ham kalaka qiladi.

• Karvonchi bilan do‘st tutinsang darvozang keng bo‘lsin.

• Ko‘p gapirgan ko‘p adashadi.

• Oziga rozi bo‘lmagan ko‘piga ham rozi bo‘lmaydi.

• Eshakni urolmagan egarni uradi.

• Ishlagan non tishlaydi.

• Tiyinni qadrlamaganga so‘m ham qadrsiz.

• Ozni qadrlamagan ko‘pni ham baholay olmaydi.

• Qochishga otlangan yiqilishdan qo‘rqmaydi.

• Ko‘p qasam ichgan ko‘p aldaydi.

• Otini tez almashtirgan bitta jilov bilan qoladi.

• Qopag‘on itga suyak kerak yoki tayoq.

• Muz yupqa joydan yoriladi.

• Yolg‘on — rost emas, sirka — asal emas.

• Sevganingni doim kechira olasan.

• Kichkina dori katta kasalliklarni davolaydi.

• Pul oz bo‘lsa — sarfing oz, puling ko‘paysa — harjing ko‘p.

• O’zini maqtagan ustaning narxi arzon.

• Burgutning joyi — burgutning inida.

• Ko‘p sabr qilsang ko‘p narsani o‘rganasan.

• Azobimni ikki ko‘zim tortadi, ishimni ikki qo‘lim bajaradi.

• Erkak izza bo‘lgandan ko‘r bo‘lgani yaxshiroq.

• Bir qo‘lda har xil barmoq.

• Yetti uyga sakkiz xo‘jayin.

• Gapga chechan — ishga no‘noq.

• Birovning otida yursang qo‘l-oyog‘ing kir bo‘lar.

• Eshakni ko‘proq xipchinlasang ko‘proq yuradi.

• Eshakka egar solgan bilan ot bo‘lib qolmaydi.

• Haqiqiy erkakka qilich tig‘idan so‘z tig‘i o‘tkirroq.

• Dushmaningga ishonma, u bilan birga o‘tirma.

• Mushuk “Makkaga borib kelganman” desa ham ishonma.

• Tuxumni qaerga qo‘yishni hamma qarg‘a ham bilavermaydi.

• Chopon kiygan hamma ham erkak emas.

• Hamma ham yaxshilikka yaxshilik bilan javob qilmaydi.

• Foyda kelayotgan eshikni yopma.

• Hamma qamishdan ham shakar olib bo‘lmaydi.

• Quyonni og‘iz bilan tutma.

• Quvur egri bo‘lsa bo‘lsin, muhimi, tutun chiqsin.

• Shoshilma: qishning dumi uzun.

• To‘g‘ri va noto‘g‘rini bilmasdan qozilik qilma.

• Chanqog‘ini qondirayotganda nafaqat odamni, ilonni ham tega ko‘rma.

• Nurni ko‘rmasdan ko‘r ham o‘lmaydi.

• Me’yoridan ortiqcha chaqqonlik tez qaritadi.

• Ortiqcha harakatchan ot tez charchaydi.

• Ikki eshakka arpa taqsimlashni bilmagan odam boshqa hech narsani eplolmaydi.

• Eski dushmaningga achinma: do‘st bo‘lib qolmaydi.

• Nodon boyishga intiladi, dono — komillikka.

• Ko‘r kitob yozmaydi.

• Ko‘r xotinga ko‘r er kerak.

• Olmaning hidi keladigan piyoz yo‘q.

• Haromdan kelgan boylik oson sovriladi.

• Yo‘l uzun bo‘lsa ham mayli, muhimi tekis bo‘lsin.

• Yo katta puling bo‘lsin, yo shirin so‘zing.

• Yaqinda tug‘ilgan qushcha o‘tgan yilgiga sayrashni o‘rgatadi.

• Qishloqdagi xabarlarni yoshi ulug‘dan so‘ra, begonaning oilasini — kichikdan.

• Xafa bo‘lganga ikki marta to‘la.

• Xafa bo‘lish — qulning ishi.

• O’zidan ketgan mushuk sherga ham tashlanadi.

• Bir marta yaralangan bir umr dardni biladi.

• Osmonga narvon qo‘yish uchun yolg‘iz niyatning o‘zi kamlik qiladi.

• Do‘stning niqobini kiygan dushmandan yomoni yo‘q.

• Eshak o‘lsa, bo‘tasi o‘rniga qoladi.

• Eshakning qulog‘i buqanikidan farq qilmaydi.

• Asalni eslab og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.

• Uydagi o‘g‘ridan himoyalanolmaysan.

• Osh qilish istagi bilan arpa guruch bo‘lib qolmaydi.

• Ekilgan narsaning unib chiqishi mehnatga bog‘liq.

• Bir pud tuz bilan ham Samur sho‘r bo‘lib qolmaydi. (Samur — Janubiy Dog‘istondagi daryo).

• Ochiq og‘iz och qolmaydi.

• Tish kovlaganing bilan to‘yib qolmaysan.

• Egar sotib olganing bilan otli bo‘lolmaysan.

• Poda kech qolgani bilan oqshom kech qolmaydi.

• Janjalsiz pishirilgan osh — shirin.

• Meva qurti mevadan chiqadi.

• Tog‘dagi yolg‘iz qabrga va o‘rmondagi yolg‘iz daraxtga qiyin.

• Kuyga qarab o‘yna.

• Do‘stlashish oson, do‘stlikni saqlab qolish qiyin.

• Dengizga tushib ketgan beshta it bilan ham u xiralashib qolmaydi.

• Kabobning hidiga yugursang — eshak tamg‘alanadigan joyga borib qolasan.

• Vaqtida yetilgan hosilni shamolga sovurma.

• Haq gap achchiq.

• Yaxshi qo‘shni soyasida oqsoq qiz ham turmushga chiqib ketadi.

• Tog‘ haqida tog‘likka gapir.

• Qul kabi ishla, bek kabi ye.

• Xudo uchun mushuk ham sichqonni tegmaydi.

• Aytishdan oldin so‘zni yaxshilab chaynab ol.

• Qilich yarasi tezda bitadi, yomon tilning yarasi bitishi qiyin.

• Bolani beshikdaligida tarbiyalab olish lozim, buzoqni — arqondaligida.

• Guruch tozalamasdan osh qilolmaysan.

• Dengizda baliq sotilmaydi.

• Bitta qo‘ydan ikkita po‘stin ololmaysan.

• Qo‘shning bilan do‘stlash, ammo devorni buzma.

• Ko‘rning eng katta istagi — ikki chaqnagan ko‘z.

• Yaxshiga yondosh, yomondan qoch.

• To‘yni nodondan chetlab o‘tolmaysan.

• Har kimning tishi o‘zi uchun kerak.

• O’z tayog‘ing doim sershox tuyuladi.

• Sotib bo‘ldingmi — bozorda qolma.

• Birov mehnat qiladi, birov uni sidiradi.

• Eshakdan keyin, xondan oldin yurma.

• Uyda o‘tirib non topolmaysan.

• Kunduz kuni aytganingni kechasi qaytarolmaysan.

• Ko‘rga hammayoq qorong‘i.

• So‘zga ishonma — ishini tekshir.

• Yurakdan aytilgan so‘z yurakka yetib boradi.

• Noo‘rin kulgu yosh keltiradi.

• It egasini unutmaydi, mushuk — uyini.

• It itni yemaydi.

• Yordamga ishongan it bo‘rini quvib soladi.

• Itga suyak tashlamay ishni bitirolmaysan.

• Boyqush kunduz kuni ko‘rmasa, Quyosh aybdor emas.

• Otasi yaxshi bo‘lgani bilan bolasi ham yaxshi bo‘lib qolmaydi.

• To‘qning och bilan ishi yo‘q.

• Asli qora narsa yuvilgandan so‘ng oqarib qolmaydi.

• Oshqozon bo‘sh bo‘lsa qo‘llar harakatga tushadi.

• Mehnat mo‘l bo‘lsa, hosil ham mo‘l bo‘ladi.

• Nomard o‘z soyasidan ham qo‘rqadi.

• Ayolning aqli tovonida bo‘ladi.

• Kimning puli oz bo‘lsa, dardi ham oz.

• Yolg‘onning umri qisqa.

• Yaxshi ustaning asboblari ham yaxshi bo‘ladi.

• Saxiyning cho‘ntagida doim pul bo‘ladi.

• Ilonni o‘ldirib, ilon bolasini qoldirma.

• Ilon chaqqan hamma arqondan qo‘rqadi.

• Yaxshi otga qamchini ko‘rsatsang bas.

• Yaxshi qo‘shni yomon akadan afzal.

• Sandiqni qulflaganing bilan taqdirni o‘zgartirolmaysan.

• Quloq ko‘p narsani bilgani bilan quloqligicha qoladi.

• Qo‘shnilar bilan do‘stona yashamoqchimisan — ulardan qarz olma!

• Oltin narxini zargar biladi.

• Nimani ko‘rmasang, o‘shani xohlamaysan.

• Odam foyda chiqadigan narsaga intiladi.

• Harom orqali yashagandan halol o‘lgan yaxshi.

• Azobga tutilmaslik uchun go‘ngga yashirinishga ham rozi bo‘lasan.

• Birovning ehsoni bilan to‘yib qolmaysan.

• Bugun qovurilgan tuxum, ertangi tovuqdan afzal.

Davronbek Tojialiyev tarjimalari

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *