Marg’ilonda Ramazonlar juda fayzli o’tadi. Ayniqsa iftor paytiga yaqin hammaning yugur-yugurga tushib qolganini ko’rasiz.
Kimdir uyiga, yana kimdir boshqa birodari taklif etgan iftorlik dasturxoniga shoshiladi. Ikki do’st ko’rishishi bilanoq, bir-birini iftorlikka taklif etadi.
Bugun esa bizning xonadonimizga iftorga kelaverasizlar. Bugungi oshxonamizda marg’iloncha palovxonto’ra.
Bosh oshpaz – mening dadam. Men esa ularga yordam berib turdim.
Ko’pchilikka osh qilinganidan keyin albatta katta o’choq va qozon kerak bo’ladi. Yog’och o’ti bilan ochoqda pishgan oshning mazasi ham, shukuhi ham o’zgacha bo’ladi.
Avvalo, masalliqlarni tayyorlab olamiz:
Bu yerda tuz, zira va ta’bga qarab boshqa ziravorlar qolib ketibdi. Albatta, bismillah aytilib, qozonga yog’ quyiladi:
Odatda Marg’ilonda choyxona oshlari qo’y yog’i, qo’y go’shtidan, ommaviy oshlar esa paxta yog’idan qilinadi. Ko’pchilik shunga ko’nikib qolgan. Yog’ qizib, tayyor bo’lganidan so’ng, unga avval piyoz, so’ng go’shtni solib qovuriladi:
So’ng kertilgan sabzini qozonga tashlanib, tuzini ham ko’rib, aralashtiriladi:
Mahalliy til bilan aytganda, sabzi “o’ldirilgandan” so’ng suv quyiladi va qaynatiladi. Deyarli oshimiz damlash jarayoniga yetib qoldi. Inshaalloh iftorga yaqin damlab qo’yaveramiz.
Oshimiz pishguncha achchiqqina DO’LMALI MASTAVAdan ham tanovul qilib tursangiz bo’ladi. Judayam mazali bo’libdi-da (ayniqsa do’lmasidan ko’p tushsa):
Iftorga ham yaqin qoldi. Endi oshni damlasak ham bo’ladi. O’choqdagi olovni biroz ko’tarib, endi yuvilgan guruchni sola boshlaymiz:
Agar suvi kam bo’lsa yana biroz qo’shib, guruchning suvni shimishini kutamiz:
Guruch suvni shimib bo’lgach, tekislab:
Biroz do’ngroq qilib, ustiga biron jom yoki tovoq yopish mumkin:
O’choqdagi ortiqcha olovni tushirib tashlaymiz:
Xudo xohlasa 20 minutlardan so’ng oshimiz ham pishib qoladi.
…Qani qaraylik-chi, ha tayyor bo’lib qolibdi, endi uni dasturxonga tortishga tayyorlasak ham bo’ladi. Avvalo jomni olib, oshni aralashtiramiz. Guruch, go’sht va abzilari aralashgandan so’ng, dasturxonga tortish mumkin.
– Qani, kelila bollar, tovoqlarni opkelila… Bollar, silar salatlarga qarelar. Choy-poylardiyam ko’rib qo’yilar…
Uzr, xizmatlar bilan bo’lib, bu oshimizning dasturxonga tortilishini suratga tushirishga ulgurmadim. Go’zal holatda tasavvur qilib qo’yaverasizlar.
Yoqimli ishtaha.
AbdulAziz. 26 Senyabr 2008