Ishq iplari – ko’k toladir,
Kuylarim dardli noladir,
Ko’zda yoshlarim joladir,
Bag’rim misoli loladir,
Ne qilayin bag’ritoshim
Ko’nglimga otash soladir,
Qachon bu azob qoladir?
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.
Tugab borar sabr-bardosh,
Visolning qo’llarida tosh.
Otashingga berolmay dosh,
G’amdan egik bu faqir bosh,
Hech tiyilmas ko’zlarda yosh,
Sevib-kuyiib, bo`lib bebosh,
Ko’zing ohu, qayrilmaqosh,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.
Kulsam yig’lar bag’rimda qon,
Ko’zda yoshim marjon-marjon.
Ming tirilib, ming berib jon,
Gohi karaxt, gohi hayron,
Ko’ngil uyim bo`lib vayron,
Visolingni istab har on,
Qiynamagin, ko’zi jayron
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.
Yuzim rangi-sariq yaproq,
Dilda qator so’ngsiz so’roq.
Senchun jonim olsin tuproq,
Qalbim sherdir, ko’zim qo’rqoq,
Qachon ko’nglim topgay maroq,
Yoritay deb tutsang chiroq,
Har ne bo`lsa, bo`lar biroq,
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.
Tunlar, yolg’iz, bedor kutdim,
Dardlarimni tog’dek bitdim.
Ma’yuslikdan bezib ketdim,
Hasratim bozorga sotdim,
Haridorsiz hayron qotdim,
Zahar, tikan, og’u totdim,
Oqibat barin yo’qotdim
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.
Ko’zlarimda dunyo hasrat,
Qalbimda g’amguzor zulmat.
Tugab borar sabr-toqat,
Ishqing yo’li ko’p mashaqqat,
Topay desam bunga rag’bat,
AbdulAziz, kelgay fursat
Quchsa seni Oliy Rahmat
Kel, ko’r, mani ishq nayladi…