Noming sani jonimda ham,
Qaynab oqar qonimda ham,
Bo’lmasang-da, yonimda ham
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.
Ko’nglim siniq, qomatim dol,
Karashmangdan bu aqlim lol,
Majnuningman, anglamam hol,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.
Ohlarimdan titraydi Oy,
Hatto Quyosh qilar dod-voy,
Yerda menga qolmadi joy,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.
Ishqingda mast, xoring manam,
Ko’yingda bir zoring manam,
Dard-la kuylar toring manam,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.
Hojam o’zing, qulingdirman,
Iforsiz bir gulingdirman,
Nolasiz bulbulingdirman,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.
Yetar bo’lsam gar Sen tomon,
Tilagim shul: ilgingda jon
Berib o’lsam ham nogahon
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.
AbdulAziz nochor, g’arib,
Yoding ila man sarg’arib,
Visol ayyom etsa nasib,
Kel, ko`r, mani ishq nayladi.