Qiyna meni, o’ldir mani,
Bag’rim qona to’ldir mani,
Armonlarim so’ldir mani
Kel, ko’r, mani ishq nayladi.
Dunyolarni kezib-kezib,
Barchasidan bezib-bezib,
Yurak-bag’rim ezib-ezib,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
Ko’ngil daryo, vale toshman,
G’amdan egik, g’arib boshman,
Sani ishqing-la dilxushman,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
Shomu sahar sani izlab,
Goh o’kirib, gohi bo’zlab,
Visolingdan umid ko’zlab,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
Armoningdan bag’rim to’lib,
Umrim o’tar xazon bo’lib,
Goh tirilib, gohi o’lib,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
Bu dard birlan tamom o’lsam,
Nihol edim, bir kun so’lsam,
Huzuringga borar bo’lsam,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
Umrim bo’ldi motamsaro,
Sani izlab yo’llar aro,
Ey bag’ritosh, ko’zi qaro,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
Gulxaningda yonib kuydim,
Azobingdan tamom, to’ydim,
Men nimalar qilib qo’ydim,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.
AbdulAziz, yig’la har kun,
Yurak-bag’ring tig’la har kun,
Visolingga yetsam bir kun,
Kel, ko’r mani ishq nayladi.