Biz albatta baxtli bo’lamiz, xudo xohlasa. Sen dunyodagi eng baxtli ayol bo’lasan. Bu qiynoqlaring, dardlaring hali barchasi unut bo’ladi…
Hali to’yimizni ham ko’rasan. Dabdabani yoqtirmayman. Oddiy o’tadi to’yimiz. Do’st-yoronlarni chaqiramiz. To’kin dasturxon; mazmunli suhbatlar bo’ladi. Hamma bizga xavas qiladi. Duo qiladi, saodatimizni tilaydi. Yor-yorlar aytiladi…
Keyin olib ketaman seni, o’z diyorimga. Onamning qanchalik sevinishini bilsang edi. Seni qanchalik yaxshi ko’rishini tasavvur qilolsang edi. Hammaga maqtab chiqadi kelinini. Yeru ko’kka ishonmaydi. Mehnatdan to’ymaydigan otam esa kelini qo’lidan bir piyola choy ichib, senga rahmatlar aytadi, duolar qiladi. Sevinadi o’glining kamolidan, baxtidan. Zero, ularning maqsadi ham shu edi. Singlim esa eng yaqin sirdosh topganidan xursand. U seni hech qachon zeriktirib qo’ymaydi.
Mening ham saodatli kunlarim boshlanadi. Endi ortiq student emasman. Studentlikning og’ir hayoti qolib ketdi. Endi meni o’ylaydigan, sevadigan, ardoqlaydigan kishim bittaga ko’paydi. Ishdan kelsam, dunyodagi eng go’zal ayol meni kutib oladi. “Yaxshi keldingizmi?” degan so’ziyoq barcha charchoqlarimni aritib yuboradi.
* * *
Farzand ko’ramiz. Birinchi farzand. Men uning o’g’il bo’lishini tilardim. Qizaloq bo’lsa ham shukrona aytaman. O’g’il bo’lsa ismini Abdulaziz qo’yamiz, qiz bo’lsa Muhsina. Onamning quvonchini ko’rmaysanmi? Hali tug’ilmasdan tikdirib qo’ygan kiyimchalarini senga taqdim etadi. Chaqaloqni qo’liga olarkan, Allohga shukronalar aytadi. Yuz-ko’zidan o’padi, erkalatadi. Beshikto’yga o’z qo’llari bilan kulcha yopadi. Uyimizni to’ldirgan yosh bolalarga kulcha tarqatasan. …Hali ko’p bolalarimiz bo’ladi, bir-biridan shirin, bir-biridan asal. Ular bag’rida yana yoshlikka qaytamiz.
Abdulaziz menga o’xshaydi! Hech tinch turmaydi. Seni doim qiynayveradi. Lekin sen bundan rohatlanasan. “Og’ilginam” deb erkalatasan. Asta-sekin tili chiqadi. “Dadadzon” deya boshlaydi. Keyin “oyijon”ni o’rganadi. Endi uning xizmatidan sen ham bahramand bo’lasan. Saxar uxlab yotganimda uni boshimga qo’yib qo’yasan-da, u meni uyg’ota boshlaydi:
- Dadadzooon! Turiin! Nomoz o’qissimiii?
- …ha, hozir…, – deyman erinibgina.
- Dadadzooon! Dadadzooon!
- Abdulaziiiiz!
- Turiiiiin, dadooooo’.
- Xoooo’p. Mana. Turdim, o’g’lim.
* * *
Endi biz oilada uch kishimiz, endi o’g’limiz ham haqiqiy a’zoga aylandi. Endi unga ko’p narsalarni o’rgata boshlaymiz. Ishdan kelayotib unga albatta sovg’a olib kelaman. “Dadadzonim keldilaaa” deb kutib oladi, darrov yugurib kelib quchoqlashadi. Oshxonadan keyin sen chiqasan. Salom berib qo’limdagi narsalarni olasan… Ota-onam bilan birga ovqatlanamiz. Taomdan keyin quchog’imda o’tirgan Abdulazizdan so’rayman:
- Abdulaziiiiz?
- Dadadzoooon!
- Dadajonizi yaxshi ko’rassimi yo oyijonizimi?
- Dadadzondi yashshi cho’yaman!
- Iyi, oyijonizi-chi?
- Oyijonimi siz yashshi cho’yassu!..
Bu suhbatdan keyin biz biron so’z topolmay qolamiz. Dadam ham ayamga qarab, kulib qo’yadilar. Sen esa choynakni ko’targancha oshxonaga yugurasan.
* * *
Bir kuni og’limizning joynamoz ustida namoz o’qishimizga taqlid qilayotganini kuzataman. Astagina seni chaqiraman. Abdulaziz ibodatini davom ettirardi. Uyoq-buyoqqa alanglagancha, nozik harakatlar bilan rukuga ketadi, sajda qilishidagi go’zallikni ko’rmaysanmi? Ikki tomonga salom beradi-da, nozik qo’llarini duoga ochadi. Beixtiyor bizning ham qo’llarimiz ko’tariladi. Keyin u orqaga qaraydi. Biz esa yig’lar edik…
Sezib turibman, sen bu “umr daftari”ni o’qib chiqyapsan. Bag’ring to’lib yig’layapsan. Qo’y, yashirmagin ko’z yoshlaringni. Sen yana battar ezilyapsan. Titrayapsan… Yig’lamagin, azizam. Bu beg’ubor ko’zlaring namlanmasin, hech qachon. Bu ko’zlar doim kulib tursin, kulib yashasin! Hali yaxshi kunlar kelajak!
Sen albatta BAXTLI bo’lasan!
Dunyodagi eng baxtli ayol bo’lasan!
AbdulAziz.
10 dekabr, 2005-yil 8:59:45
Mashalloh, bularni o’ziz yozdizmi 🙂
Shunday. Bir ilhom kelib qolganda qog’zoga tushirib qo’ygan edim.
🙂 ajoyib. Samimiy yozilgan ekan. O’qib ko’zimga yosh keldi.
Assalom aleykum! Ajoyib orzular Inshaolloh har birimizga shunday baxt nasib qilsin.
Sammiyligni shundogq xis qildim. Bu so’zlar atalgan ayol haqiqatdan ham baxtli ekan. Buni o’qiganimdan so’ng, mening ham umr yo’ldoshimga shunday hat yozish istagi paydo bo’ldi. Raxmat Sizga.
Qoyil! Manga juda juda yoqdi! Kayfiyatimni ko’tardi. Hammamizga ham shirin orzuli hayot nasib qilsin!
Шундай бахтли оилалар канчалик куп булса инсонни яшашга булган мехри янада ортади.Умрингиз охиригача бир-бирингизга булган мехр-мухаббатингиз бугунгидай соф булсин деб коламан.Эхтиром ила Юлдуз