Ramazonning bir kuni

Soat 18.30. Iftorlikka 40 minutdan oshiqroq vaqt bor. Ishxonadan chiqaman. Ko’chada avtomobil harakati tezlashgan. Menga kerakli marshrutga chiqish ham o’ziga xos muammo. Nihoyat bo’shroq “Damas” keladi. Ikki shahar orasidagi postdan o’tarkan, haydovchi marshrut raqamini olib tashlaydi va xo’jako’rsinga tasmani taqib oladi.

Soat 18.40. Yo’l-yo’lakay gazsuvxona, ayronxonalarda turnaqator navbatni kuzataman. Ro’zadorlar issiq kunlarda iftorlik uchun turli ichimliklarni ko’tarib ketayotganlari chanqagan nigohlarimga tushib qoladi.

Soat 18.50. Bir yumush bilan dadam bilan shaharga tushamiz. Shaharda harakat tezligi juda o’sgan, boshqa payt kuzatilmaydigan avtomashinalar tirbandligidan qiynalamiz.

Soat 19.00. Iftorlik dasturxonidamiz. Ramazon oyining eng fayzli holatlaridan biri. Og’iz ochishga 13 daqiqa bor. Kichkina bolakaylar soat va minut sanaydilar. “Oh, nega vaqt sekin o’tyapti… 12 minut qoldi. Og’izni ochaman-u, manabu suvni bitta o’zim ichib yuboraman…” Ukam ham kattaligiga qaramay, muzdekkina choy bilan “gaplashadi:” “ozgina sabr qilgin, hozir” deya piyolaga suvni quyadi-da, yana bankaga qayta quyib qo’yadi. “Nima qilyapsan?” desam, “Nafsimni tarbiyalayapman” deydi…

Soat 19.12. Rasmiy taqvimga ko’ra, hali 1 minut borligiga qaramay, ro’zani ochib yuboramiz. Oilaviy o’tirib, duo qilib, shukrona aytamiz. Saxardan beri quruqshagan lablar muzdek suv bilan rohatlanadi.
Agar shu paytda ko’chaga chiqib qolsangiz, 10 minut oldin ko’chani to’ldirgan mashinayu, odamlarning qayoqqa g’oyib bo’lib qolganini bilolmay esingiz chiqadi.

Soat 19.20. Erkaklar birgalikda ochiq osmon ostida yerga joynamoz solib, namoz o’qiymiz. O’ylab ko’rsam, o’z uyida ochiqlikda, yerga joy solib, namoz o’qish ham katta ne’mat ekan.

Soat 19.50. Do’stim qo’ng’iroq qiladi. Bugun Xo’jaegiz masjidida xatmi Qur’on nihoyasiga yetar ekan. Shunga ertaroq harakat qilmasak, joy toppish mushkulligini aytadi.

Soat 20.15. Birgalikda masjid tomon piyoda yo’l olamiz. Masjid ko’chasi judayam fayzli. Biri oq, biri milliy do’ppi kiygan yosh-qari namozxonlar tarovihga otlanishgan. Baraka topsin kelinlar, ko’chalar suvlarni sepib qo’yishibdi.

Soat 20.25. Masjidga kiraverishdagi yozuv diqqatimni tortdi: “Obi xudoyi. Shifobaxsh Oltiariq suvi”. Bir yigit keluvchilarga suv tarqatyapti. Tarovih boshlanishiga yarim soatdan ko’p bo’lsa-da, jome’ masjidning ichkari xonaqohlari to’lgan, biz hovliga joylashdik.

Soat 20.45. Muazzin azon aytadi. Namozxonlar yoyilib ketgan saflarni qisqartirib, qo’shimcha joy ochishadi. Imomning esa “siqilishib o’tiringlar, birodarlar. Bugun xatmona bo’ladi, odam ko’p keladi” degani eshitiladi.

Soat 21.00. Avval xufton namozini, vitrni jamoat bilan o’qiymiz. Biroz oldingi g’ala-g’ovur qiroat boshlanishi bilan ajib sokinlikka almashadi.

Soat 21.10. Tarovih boshlanadi. Avvalgi kunlari kuniga 4 poradan o’qilgan, oxirgi kunga esa 2 pora qolgan. “Taborak” surasi o’qiladi. Qiroat qilayotgan esa, Abdujalil qorining shogirdi, asli Chechen bola – Musallam qori. Juda tajvid bilan o’qidi. Maza qildik.

Soat 21.30. 4 rakaatdan so’ng tasbeh o’qiladi: “subhana zil mulki val malakuut…” 1-2 ta bolakaylar diqqatimni tortadi. Qo’llarida 4-5 ta baklashkani ushlab olishgan. Ajabo, masjidning ichida savdo qilishyaptimi? Adashibman, ular namozxonlarga suv tarqatishayotgan ekan. Mashaalloh!

Soat 23.00. Tarovih, xatmona nihoyasiga yetadi. Abdujalil qorining qiroati, qilinayotgan duolar qalbga taskin beradi…

Soat 23.15. Jamoat asta tarqay boshlaydi. Farosati ahli vakillari, suv ichdingiz, endi baklashkangizni ham o’zingiz bilan olib keting, nima qilasiz, masjidda qoldirib… Joynamozlar ustida bir qancha baklashkalar qolib ketadi. Yana o’sha muxlis bolakaylar jonga oro kiradi. Asta-sekin masjidni baklashgalardan tozalashadi.

Soat 23.20. Ichkarida tumonat odam qorilar va nuronbiy otaxonlarni ziyorat etish bilan band. Sakkiz kun oldin Qur’oni karim ta’sirida tabarruk bo’ladi, deb tashlab ketilgan quruq choy, tuz, suvdan iborat mahsulotlar o’z egalarini topadi…

Soat 23.35. Tashqarida ham tumonat odam, mashinalar, velosipedlar. Boshqa payt yarim kechasi bunaqa odamni chiroq yoqib ham topolmaysiz. Hamma qo’lida baklashka, joynamoz bilan uyi sari oshiqadi…
Yana 2,5 soatdan so’ng saxarlikka turish kerak…