Shanba kuni mahalliy Oqmachit (Robiyaxon hoji ona) jome’ masjidida ham 12 kunlik xatmona nihoyasiga yetdi. Tumonat odam yig’ildi. Saflar juda zich bo’ldi, tor bo’ldi. Issiq mo’l bo’ldi. Ko’ylaklar terdan ivib ketdi.
O’ylab qoldim: Qaniydi, terdan ho’l bo’lgan kabi kiyim-boshlarimiz Alloh uchun to’kilgan ko’z yoshdan ho’l bo’lsaa…
Qori judayam chiroyli o’qidi, xatmona oxirigacha joyini tark etganlarni ko’rmadim.
Xatmona so’nggida imom Rahmatulloh qori Qur’oni karim xatm qilingan joyga 60000 farishta kelib salovot aytishi va yana bir rivoyatga ko’ra, 4000 farishta duolarga “omin!” deb turishi haqida hadis aytib ko’ngillarni yoritdi.
So’ng duo boshlandi…
“… Podshohlarning oldiga qullar kelsa, noumid qaytarmas ekan. Allohim, sen Podshohlarning Podshohisan. Biz esa faqir bo’lgan, haqir bo’lgan qullaringmiz. Parvardigoro, agar sen bizni rad etib qaytarsang, bizlar kimga boramiz? Agar sen toat ahllariga rahm qilsang, biz gunoh ahllariga kim rahm qiladi, yo Rabbiy! Sendan o’zga Mehribonimiz yo’q!..
… O’zing duo qilsang, ijobat qilaman, degansan. Biz duo qilishni ham bilmaydigan notavon bandalaring ekanmiz. Biz Sendan habibing so’ragan barcha yaxshiliklarni so’rab, barcha yomonliklardan panoh tilaymiz…
… Nomai a’molimizni o’ng tomonimizdan bergin… Qildan ingichka, qilichdan keskir Sirot ko’prigidan chaqmoq misol o’tkazmasang, bizlar alamli azoblarga qulab ketamiz! Parvardigor, huzuringga olib boradigan na amalimiz bor, na taqvomiz bor. Faqat ojizligu notavonlimiz bor, xolos. Parvardigoro, senga iymonimiz-u, Rasulingga ummatligimiz bor, xolos. Yo, Rabbiy bu sharaflardan judo qilma!'”
Yig’lamagan odam qolmadi. Terdan ho’l bo’lgan kiyimlarga rahmat yoshlari ham yog’ildi…
Siz ham bahramand bo’ling. Rahmat so’rab yig’lang. Bizni ham duoda eslab qo’ying: